Jahon | 14:35 / 20.08.2022
3085
3 daqiqa o‘qiladi

Rossiyada mart oyi o‘rtalaridan beri birinchi marta 40 mingdan ortiq kovid holati aniqlandi

RFda koronavirus bilan kasallanish mart oyi o‘rtalaridan boshlab birinchi marta maksimal darajaga yetdi. O‘tgan sutka davomida 3540 kishi kovid bilan kasalxonaga yotqizildi. 

Foto: AA

Rossiyada mart oyi o‘rtalaridan beri birinchi marta yangi koronavirus infeksiyasining kunlik o‘sishi 40 mingdan oshdi, deb xabar berdi federal tezkor shtab 20 avgust, shanba kuni Telegram kanalida. «20 avgust holatiga ko‘ra, RFda COVID-19 bilan kasallanishning 40 010 ta yangi holati aniqlandi. Bir sutkada kasalxonaga yotqizilganlar soni 3 450 kishini tashkil etdi va oldingi kunga nisbatan 3 foizga oshdi», deyiladi xabarda. 

Rossiyada avvalgi kun 37 609 kishi kasallangan bo‘lsa, yangi kasallanganlar soni 2 401 taga ko‘paygan. 14 mart kuni ham xuddi shunday ko‘rsatkichlar (kuniga 41 055 ta) qayd etilgan edi, o‘shanda koronavirusning tarqalishi pasayib borayotgan edi, hozir esa u ko‘tarilyapti.

Operativ shtab xabarida, shuningdek, so‘nggi 24 soat ichida RFning 42 ta sub’yektida kasalxonaga yotqizilganlar soni ko‘payishi, 39 ta mintaqada kamayishi qayd etilgani, RF to‘rtta sub’yektida vaziyat o‘zgarishsiz qolgani ta’kidlangan. O‘lim darajasi bo‘yicha holat quyidagicha - o‘tgan sutkada yana 69 kishi koviddan vafot etdi. Bu koronavirus infeksiyasidan 533 kishi vafot etgan 14 martga nisbatan ancha past. 

Pandemiya davrida Rossiyada jami 19 038 665 ta koronavirus infeksiyasi qayd etilgan va 383 496 kishi vafot etgan. 

Iyul oyidan beri Rossiyada COVID-19 bilan kasallanish darajasi oshgan. Avvalroq Rospotrebnadzor rahbari Anna Popova o‘sish koronavirusning yangi, yanada yuqumli variantlari paydo bo‘lishi fonida sodir bo‘layotganini aytgandi. Idora buni yuqori yuqumliligi bilan ajralib turadigan «omikron» VA.4 va VA.5 yangi variantlarining shtamm tarkibida ortishi bilan izohladi. 

Rospotrebnadzorning ta’kidlashicha, yangi subvariantlar og‘ir holatlar va kasalxonaga yotqizish soni sezilarli darajada oshishiga olib kelishi dargumon, shuning uchun federal darajada koronavirus cheklovlarini qaytarishning hojati yo‘q. Shu bilan birga, 16 avgust kuni idoraning xabar berishicha, kasallanish ko‘payganligi sababli hududlarga jamoat joylari va transportda niqob taqish tartibini joriy etish bo‘yicha tavsiyanoma yuborilgan. Rossiya sog‘liqni saqlash vaziri Mixail Murashko fuqarolarni yana bir bor koronavirusga qarshi emlanishga chaqirdi.

Mavzuga oid