O‘zbekiston | 09:00 / 25.07.2022
20565
9 daqiqa o‘qiladi

“Zo‘r bo‘laman – deng! Bizga eng zo‘r kadrlar kerak!”

Xalqaro fan olimpiadalari haqida eshitgan bo‘lsangiz kerak. Bu – matematika, fizika, kimyo, biologiya va shu kabi yana bir qancha fanlar bo‘yicha o‘tkaziladigan dunyodagi eng nufuzli musobaqalardan biri hisoblanadi. Unda har yili 150ga yaqin mamlakatlarning yuzlab iqtidorli, yuqori bilimga ega yoshlari ishtirok etadi. 1997 yildan O‘zbekiston terma jamoasi ham Xalqaro matematika olimpiadasida qatnashishni boshlagan va shundan beri o‘zini ko‘rsatib kelmoqda. Shu vaqtgacha bu tanlovda jami 39 ta medal: 10 ta kumush, 29 ta bronza medallari qo‘lga kiritilgan.

Ammo bu raqamlar hali yetarli emas, oldinda bundan-da yuqori ko‘rsatkichlar qayd etilishi kerak. G‘ijduvon tumani hokimi Sherzod Ashurov mana shu maqsad yo‘lida bir qancha ishlarni olib bormoqda. Qahramonimiz qilayotgan tashabbuslari orqali O‘zbekistonning ta’lim tizimini yaxshilash niyatida.

Yangi hokim va “G‘ijduvon olimpiada terma jamoasi”

2021 yil 12 avgustda viloyat soliq boshqarmasi boshlig‘i lavozimida ishlab kelayotgan Sherzod Ashurov G‘ijduvon tumaniga yangi hokim etib tayinlandi. Shu vaqtdan boshlab, u maktab ta’limiga alohida e’tibor qaratishni boshladi va dastlab hokimlik binosidagi o‘zi uchun ajratilgan xonani “Olimpiada terma jamoasi” uchun bo‘shatib berdi.

“Olimpiada terma jamoasi” uchun hokimlik binosidagi hokim xonasi

Terma jamoa shakllantirildi

Xalqaro miqyosdagi olimpiadada qatnashish va unda faxrli o‘rinlarni egallash oson emas, demak, “G‘ijduvon olimpiada terma jamoasi”ga kuchli yoshlar tanlanishi kerak. Shu sababli dastlab tumanning 67 ta maktabidan o‘quvchilar saralana boshlandi.

Bu jarayonda barcha maktabning 7-sinf o‘quvchilari fizika va matematika fanlaridan 3 bosqichda imtihon topshirishdi. Avvaliga test sinovlari, keyin yozma shaklda masala yechish va eng so‘nggi, uchinchi bosqichda suhbat jarayoni bo‘ldi. Shulardan muvaffaqiyatli o‘tgan 30 nafar bola jamoaga qabul qilindi.

O‘qitish jarayoni o‘tgan yildan boshlab yuborilgan. Hozirda bolalar bilan hududning eng yaxshi mutaxassislari olimpiadaga mo‘ljallangan o‘quv qo‘llanmalari asosida shug‘ullanib, ingliz tili, fizika va matematika fanlarini chuqur o‘rgatishmoqda. Natijaga 2 yilda erishish, ya’ni birinchi yil respublika fan olimpiadalarida yutish, keyingi yili esa xalqaro maydonga chiqib, oltin medallarni qo‘lga kiritish maqsad qilingan.

Hali bu muddat o‘tganicha yo‘q, shunday ekan hozircha o‘quvchilarga omad tilagan holda jarayonni kuzataveramiz.

Bundan tashqari, hokimning yana bir loyihasi ko‘pchilikka manzur bo‘ldi.

G‘ijduvon tumani hokimi Sherzod Ashurov

Talabalik va “repetitor”likka tayyorgarlik

Gap shundaki, G‘ijduvondagi barcha oilalar ham o‘z farzandini qo‘shimcha darsga bera olmaydi. Chunki bunga moddiy sharoit yo‘l qo‘ymaydi. “Olimpiada terma jamoasi” loyihasining mantiqiy davomi sifatida o‘quvchilarni talabalikka, o‘qituvchilarni esa “repetitor”likka tayyorlash boshlandi.

Bunda 14 ta maktabning salohiyati uncha yuqori bo‘lmagan ustozlari repetitorlar tomonidan o‘qitildi. Ularning bilimi va tajribasi oshirilgach esa o‘qituvchilar “repetitor”lik qilishni boshlashdi.

E’tibor qaratiladigan bo‘lsa, bu yerda “bir o‘q bilan bir nechta quyon urilgan”iga guvoh bo‘lish mumkin. Ya’ni o‘qituvchilar o‘z ustilarida ishlab, bilimlarini oshirmoqda va bu orqali qo‘shimcha daromad olishmoqda. O‘quvchilar esa o‘zlarining maktablaridagi uncha qimmat bo‘lmagan qo‘shimcha darslarga qatnashib, talabalikka tayyorgarlik ko‘rishyapti.

Ota-onalar maktablarda navbatchilik qilishmoqda

Samaradorlikni oshirish maqsadida G‘ijduvon hokimligi maktablarda ota-onalar navbatchiligini ham yo‘lga qo‘ydi. Bunda har bir o‘quvchining ota-onasi jadval asosida darslarda kuzatuvchi bo‘lib ishtirok etmoqda. Bu orqali ular farzandlarining fanlarni qay darajada o‘zlashtirayotganini kuzatib borishi, qolaversa, o‘qituvchilarning dars berish mahorati bilan ham tanishib borishi mumkin.

Buning natijasida tumandagi 52,5 ming o‘quvchidan kariyb 18 mingtasining o‘zlashtirish samaradorligi oshdi. Ular qo‘shimcha darslarga ham qatnay boshlashdi.

“Repetitor”larga qatnaydiganlarning soni ortgani sayin joylarning yetishmovchiligi ham kuzatilishi tabiiy. Bu muammoni bartaraf etish uchun hududlardagi eski uylar ta’mirlanib, o‘quv markazi sifatida faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Ayni vaqt u yerda ko‘plab yoshlar ilm olish bilan band.

Shuningdek, G‘ijduvon hokimining tashabbusi bilan mingdan ortiq ijtimoiy himoyaga muhtoj, oliygohga kirishni, o‘qishni istaganlarga bepul dars ham berilmoqda.

“Hokim olimpiadasi”

Maktablarda har chorakda “Hokim olimpiadalari” tashkil etilayotgani ham bolalarning bilimini yanada mustahkamlamoqda. Boisi, bu musobaqa yiliga 4 marotaba o‘tkaziladi. Doimiy va takroriy ravishda o‘tayotgan tanlovda 5-9 sinf o‘quvchilari ingliz tili, tarix, fizika, matematika fanlaridan testlarni yechib, shu yo‘sinda pishib borishyapti.

Bir oyda 2 ta kitob, bitta sayohat

Tuman hokimining yana bir qilgan ajoyib tashabbusi kitobxonlik aksiyasi bo‘ldi. Bunda o‘quvchilar shunchaki berilgan uzun-uzun ro‘yxatni emas, balki sinflar kesimida berilgan 2 tadan adabiyotni bir oyda o‘qib tugatishi va kengashning savollariga javob berishi kerak bo‘ladi.

Yaxshi javob bergan va e’tibor bilan asar o‘qiganini isbotlagan o‘quvchilar O‘zbekistonning turli joylariga sayohatga olib borilmoqda. Barcha xarajatlar tuman hokimligi hisobidan qoplanadi.

E’tibor qaratsak, bu jarayonda bolalar sayohat qilish uchun bir oyda 2 ta kitob o‘qishga muvaffaq bo‘lishyapti. Har oydan hisoblaganda, bir yilda ularning soni qanchaga yetishi mumkin? Albatta, talaygina bo‘ladi.

Bu ishlar davomida yana bir katta masala yuzaga kelgan. O‘qishni, talaba bo‘lishni istamaydigan o‘smirlar, bitiruvchilar masalasi… Xo‘sh, bu bo‘yicha nimalar qilindi, sizningcha?

“O‘qimasalar, kasb o‘rgansin!”

Tahlillarga ko‘ra, G‘ijduvondagi 3 ming 362 nafar yosh OTMga kirishni, 201 nafari turli sohalardagi texnikumlarda o‘qishni hamda 363 nafari esa hunar o‘rganishni tanlagan. Jami 564 nafar bitiruvchining hozircha kelajak hayoti uchun aniq bir maqsad qo‘ymagani ma’lum bo‘lgan.

Sherzod Ashurov mana shu maktab bitiruvchilari bilan uchrashdi. Suhbat davomida ular o‘qishni emas, balki hunar egasi bo‘lishni tanlashgani ma’lum bo‘ldi.

Sherzod Ashurovning fikricha, har bir inson u ilm-fan sohasida ketadimi yoki kasb-hunar o‘rganadimi, izlanishi va oliy ta’lim olishi zarur.

Kasb-hunarda bo‘lsa ham ma’lum darajadagi mutaxassis bo‘lishni xohlagan qizlar tikuvchilik sexiga ishga joylashtirildi.

Maktab o‘quvchisining yaxshi ta’lim olib, OTMga kirganining o‘zi yetmaydi. Bu jarayondagi keyingi qadam, ya’ni yaxshi ishga joylashish juda muhim. Tuman hokimi Sherzod Ashurov bitiruvchi talabalarning bu boradagi rejalarini bilish maqsadida OTMga bordi va yoshlar bilan suhbatlashdi.

G‘oya boshqalar bilan ulashilmoqda

G‘ijduvonning qariyb bir yillik tajribasi samarali o‘tgach, uning xaridorlari ko‘payib qoldi. Buxoroning bir qancha tumanlari bilan birga, umuman boshqa viloyatlardagi maktablar ham G‘ijduvonga kelib, ta’limdagi loyihalarni o‘rgana boshlashdi.

Bu orada tumanda yosh rassomlar tanlovi ham o‘tkazildi. Unda 500 nafardan ortiq ijodkorlar qatnashdi. Tanlovda ilk marotaba suratlarning kimoshdi savdosi tashkil qilinib, bu orqali 300 dan ortiq suratlar qariyb 20 million so‘mga sotildi.

Yil davomida yaxshi natijalarga erishgan maktablarning direktorlari  rag‘batlantirildi. Ularga "Xumson sanatoriyasi"ga dam olish uchun imkoniyat taqdim etildi. Shuningdek, o‘quv yili yakuniga ko‘ra, eng yaxshi ko‘rsatkichga ega bo‘lgan 3 nafar maktab direktori Dubayga boradigan bo‘ldi.

Bilasizmi, nima? Eng yaxshi investitsiya bu – ta’limga kiritilganidir. Chunki u ertaga bir necha yuz barobar ko‘proq bo‘lib qaytib keladi.

Mavzuga oid