Jahon | 11:27 / 14.07.2022
9029
3 daqiqa o‘qiladi

Yevrokomissiya Rossiyadan Kaliningradga tranzit qoidalarini aniqlashtirdi

Rossiyaga hech qanday maxsus cheklovlarsiz, hattoki sanksiyalar qo‘llaniladigan tovarlar ro‘yxatiga kiritilgan fuqarolik yuklarini temiryo‘l orqali Yevropa ittifoqi mamlakatlari hududi orqali tashishga ruxsat berildi.

Foto: Picture Alliance

Yevrokomissiya Yevropa ittifoqiga a’zo davlatlar uchun Rossiyadan yuklarni tranzit qilish bo‘yicha qo‘shimcha ko‘rsatmalarni e’lon qildi. Bu haqda 13 iyul, chorshanba kuni Yevropa komissiyasining press-relizida ma’lum qilindi. Ushbu qoidalarga ko‘ra, Rossiyaga hech qanday maxsus cheklovlarsiz, hattoki sanksiyalarga duchor bo‘lgan tovarlar ro‘yxatiga kiritilgan fuqarolik yuklarini temiryo‘l orqali Yevropa ittifoqi mamlakatlari hududi orqali tashishga ruxsat beriladi. 

Shu bilan birga, a’zo davlatlar tranzit hajmi so‘nggi 3 yil ichida tarixiy o‘rtacha ko‘rsatkichlar doirasida qolib ketganini, xususan, belgilangan manzilda muhim tovarlarga real talabni aks ettirganini va sanksiyalarni chetlab o‘tishga olib kelishi mumkin bo‘lgan noodatiy oqimlar yoki savdo shakllari mavjud emasligini tekshirishlari kerak.

Rossiya ekspeditorlarining Yevropa ittifoqi orqali avtomobilda yuklarni tashishi taqiqlanganligicha qolmoqda. Bundan tashqari, temiryo‘lda harbiy maqsadlarda ham foydalanish mumkin bo‘lgan yuklarni tashish taqiqlanadi.

Yevropa ittifoqining yangi ko‘rsatmalari Litva Rossiyadan Kaliningradga ko‘plab tovarlarni tashishni taqiqlaganidan keyin qabul qilingan. Iyun oyi o‘rtalarida Litva temiryo‘llari (LTG) Kaliningrad temiryo‘liga 18 iyundan boshlab mintaqaga tranzit yetkazib berishni, shuningdek, mintaqadan Litva orqali Rossiyaga eksportni «katta ro‘yxatdagi tovarlar» bo‘yicha to‘xtatishi haqida xabar berdi. 

Litva Tashqi ishlar vazirligi cheklovlar, xususan, Rossiya po‘lati va boshqa qora metall mahsulotlariga nisbatan qo‘llanilishini bildirdi. Kaliningrad oblasti gubernatori Anton Alixonovning so‘zlariga ko‘ra, qurilish materiallari, sement, metall va boshqa mahsulotlar ham taqiq ostida qolgan.

11 iyul kuni Litvada sement, yog‘och, alkogol va Rossiyada ishlab chiqarilgan boshqa bir qator tovarlarni Yevropa ittifoqi hududiga olib kirishga taqiq kuchga kirdi, cheklov Kaliningradga tranzitga ta’sir qildi, deb xabar beradi Delfi portali. 

Rossiya TIV Litva tomonining choralarini «provokatsion» va «xalqaro huquqiy majburiyatlarni buzish» deb atagan holda, cheklovlarni olib tashlashni talab qildi. Kreml Litvaga keskin javob bilan tahdid qildi. 

Mavzuga oid