Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Ukrainadagi urush: tomonlarning bayonotlari, dunyo munosabati, yordam va sanksiyalar
Rossiya armiyasining Ukrainaga bostirib kirishi bilan bog‘liq voqea-hodisalarga oid so‘nggi rasmiy xabarlar va yangiliklarning ertalabki qisqacha sharhi bilan tanishing.
Ukraina tomonining bayonotlari
Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy o‘zining odatiy tungi murojaatida Rossiya qo‘shinlarining Ukrainadagi yo‘qotishlariga to‘xtaldi.

«Bugunga kelib Rossiyaning 31 mingdan ortiq harbiylari Ukrainada halok bo‘ldi. 24 fevraldan buyon Rossiya Ukrainaga qarshi bema’ni urushda har kuni 300 askarining joni bilan to‘lov qilmoqda. Baribir shunday kun keladiki, yo‘qotishlar soni hattoki Rossiya uchun ham mumkin bo‘lgan chegaradan o‘tadi», — degan Zelenskiy.
Ukraina milliy xavfsizlik va mudofaa Kengashi kotibi Aleksey Danilov Ukrainaning hamkorlari qurol-yarog‘ yetkazib berishni paysalga solishayotgani haqidagi bayonotlarni sharhladi. U Ukrainadan hech kim qarzdor emasligini eslatib, olinayotgan shu yordam uchun minnatdor bo‘lish kerakligini ta’kidlagan.
«Men o‘sha vaqt bizga yetkazib berilgan Javelinlar, Stingerlar va shunga o‘xshash narsalar bo‘lmasa nima qilgan bo‘lishimiz mumkinligini tasavvur eta olmayman. Bu bizning qahramon qurolli kuchlarimiz, quruqlikdagi qo‘shinlarimiz, piyoda qo‘shinlarimiz, Bosh razvedka boshqarmasi va Ukraina xavfsizlik xizmati maxsus qo‘shinlari, chegarachilarga qo‘shimcha yordam bo‘ldi. Ularning barchasi 100 foiz jon berib kurashishdi. Lekin men yana e’tiborlaringni jalb qilmoqchiman, agar hamkorlarimiz bizga yordam berishmaganida biz juda-juda qiynalgan bo‘lardik», — degan Danilov.
Zelenskiyning atrofidagilar AQShdan lend-liz bo‘yicha ilk qurol-yarog‘lar qachon keltirilishi haqida gap ocha boshlashdi. Aleksey Arestovichning so‘zlariga ko‘ra, AQShdan Ukrainaga harbiy texnika yirik transport kemalariga yuklab olib kelinadi.
«Ular Amerikada uzoq vaqt yuklanadi. So‘ng 10-12 kun ichida Atlantika okeanini kesib o‘tib, Yevropaga keltiriladi va tushiriladi Bularning barchasi vaqt talab qilishini tushunishimiz kerak», — degan Ukraina prezidenti ofisi rahbarining maslahatchisi Aleksey Arestovich.
Ukraina qurolli kuchlari birlashgan operatsiyasi o‘tgan sutka ichida erishilgan natijalar haqida quyidagicha ma’lumot bermoqda (eslatib o‘tamiz, urush davrida e’lon qilingan ma’lumotlarni mustaqil manbalar orqali tekshirishning imkoni yo‘q):
- Janglar 2 ta yo‘nalishda davom etmoqda va dushmanning 11 ta hujumi muvaffaqiyatli bartaraf etilgan.
- 3 ta tank, 5 ta artilleriya tizimi, 2 ta harbiy zirhli texnika, 13 ta transport vositasi, 3 ta qurol-aslaha ombori yo‘q qilingan.
- Havo hujumidan mudofaa bo‘linmalari Donbass osmonida 2 ta «Orlan-10» tipidagi pilotsiz uchar qurilmani urib tushirgan.
«Sxid» («Sharq») tezkor-taktik guruhining ma’lumotlariga ko‘ra, dushman qo‘shinlarining talafoti 56 nafarni tashkil etgan.
Rossiya tomonining bayonotlari
G‘arb davlatlari tomonidan Ukrainaga uzoq masofani mo‘ljalga oluvchi qurol-yarog‘ tizimlari yetkazib berilishi vaziyatni o‘zgartira olmaydi, degan Rossiyaning AQShdagi elchisi Anatoliy Antonov.
«Kiyev rejimi intiqlik bilan kutayotgan uzoq masofalarni nishonga oluvchi tizimlar borasida juda ko‘p gap-so‘zlar yuribdi. Lekin hech qanday g‘arb qurol-yarog‘ tizimlari yer ustidagi vaziyatni o‘zgartira olmaydi», — degan Anatoliy Antonov Birinchi kanal efirida.
Hech qanday sanksiyalar rus tili va rus madaniyatini bekor qila olmaydi, degan Rossiyaning BMTdagi doimiy vakili Vasiliy Nebenzya.

«Hosil bo‘lgan nihoyatda murakkab xalqaro vaziyatda, biz Rossiya va rus madaniyatini «bekor qilish» borasida paradoksal ishlar ro‘y berayotganida, rus tili kuchli birlashtiruvchi omil sifatida yanada muhim ahamiyatga ega bo‘lmoqda. Axir hech qanday siyosat va sanksiyalar buyuk rus tili va madaniyatimizning ko‘p asrlik tarixini bekor qila olmaydi», — degan Nebenzya.
Rossiya Mudofaa vazirligining maxsus vakili Igor Konashenkovning brifingida e’lon qilingan ma’lumotlar (eslatib o‘tamiz, urush davrida e’lon qilingan ma’lumotlarni mustaqil manbalar orqali tekshirishning imkoni yo‘q):
- Raketa qo‘shinlari va artilleriya tomonidan Ukraina QKning tirik kuchlari va harbiy texnikasi jamlangan 426 ta hududga zarba berilgan, 39 ta boshqaruv punkti, 47 ta artilleriya va minomyot bo‘linmalarining o‘t ochish pozitsiyalari yo‘q qilingan. Zarbalar natijasida yo‘q qilingan askarlar soni 400 dan ortiq, shuningdek, 10 ta zirhli texnika, 3 ta «Grad» birvarakayiga o‘t ochish reaktiv tizimi, 10 ta maxsus avtomobil, 3 ta S-300 zenit raketa majmualari yo‘q qilingan. Norvegiya tomonidan taqdim etilgan 1 ta M109A3 155 mm.li o‘ziyurar artilleriya qurilmasi, AQShning 2 ta 155 mm.li M777 gaubitsalari, 7 ta dala artilleriyasi qurilmalari, jumladan, 203 mm.li «Pion» o‘ziyurar artilleriya qurilmasi yo‘q qilingan.
- Maxsus operatsiya boshlanganidan buyon Ukraina harbiy texnikalari yo‘qotishlari: 190 ta samolyot, 129 ta vertolyot, 1139 ta pilotsiz uchar qurilma, 333 ta zenit raketa majmualari, 3443 ta tank va boshqa jangovar zirhli mashinalar, 478 ta birvarakayiga o‘t ochish reaktiv tizimi qurilmalari, 1807 ta dala artilleriyasi va minomyot qurollari, shuningdek, 3464 birlikda maxsus harbiy avtomobil texnikasi.
Ukrainaga ko‘mak
Polsha Ukrainaga narxi 700 mln AQSh dollari bo‘lgan 56 ta Krab gaubitsalarini yetkazib beradi, degan Polsha bosh vaziri Mateush Moravetskiy. Bu Polshada so‘nggi 30 yil ichidagi qurol-yarog‘ eksporti bo‘yicha eng yirik bitim.

Ukraina Rossiya raketa zarbalaridan o‘z shaharlarini himoya qilish maqsadida Isroildan uning raketalarga qarshi «Temir qubba» mudofaa tizimini xarid qilmoqchi.
Butunjahon banki Ukrainaga 1,49 mlrd dollar miqdorida moliyaviy ko‘mak ajratishni ma’qullagan. Bu summa Butunjahon banki Kiyevga berishni niyat qilgan 4 mlrd so‘mlik yordam paketining bir qismidir. Ushbu pullar jumladan davlat xizmatchilariga va ijtimoiy soha xodimlariga maosh berish uchun ishlatiladi.
AQSh va uning hamkorlari Ukrainaga kemalarga qarshi raketalar yetkazib berish ustida ishlashmoqda. Oq uydagilarning ma’lum qilishlaricha, Vashington Ukrainaning sohilbo‘yi mudofaasini yaxshilash ustida ish olib bormoqda.
«Bu sa’y-harakatlar doirasida biz Ukrainaga sohil mudofaasining pilotsiz boshqariladigan kemalarini taqdim etamiz. Shuningdek, Ukrainaga kemalarga qarshi raketalar va tizimlar yetkazib berish bo‘yicha hamkorlik qilmoqdamiz. Biz Ukrainaliklar bilan ularning ehtiyojlari yuzasidan har kuni muloqot qilib turibmiz», — degan mulozim.
Buyuk Britaniya hukumati Ukraina portlarini qurshovdan xalos qilish uchun Brimstone yuqori texnologiyali raketalarini yetkazib berishni va’da qildi, deb yozadi The Daily Telegraph gazetasi.
Sanksiyalar va Rossiyaning qarshi choralari
Chexiya TIV Rossiya va Belarus fuqarolariga milliy shengen vizalari va istiqomat guvohnomasini berishga nisbatan joriy etilgan taqiqni 2023 yil mart oyi oxirigacha cho‘zishni taklif etdi, deb yozadi Mladá fronta Dnes gazetasi.
Dunyodagi dasturiy va apparat ta’minoti ishlab chiqaruvchi va yetkazib beruvchi IBM kompaniyasi Rossiyada ish olib borishni to‘liq to‘xtatganini e’lon qildi.
Latviyada rus tilida ta’lim berish to‘liq taqiqlandi. Mamlakatdagi maktablar va maktabgacha ta’lim muassasalarida ta’lim faqat latish tilida olib borilishi belgilandi.
«Milliy ov xususiyatlari» kinofilmida fin jurnalisti rolini o‘ynagan finlandiyalik aktyor Ville Haapasalo Finlandiya poytaxti Helsinkida o‘zi ochgan «Davay, davay» rus restoranini yopishga qaror qildi. Haapasalo Ukraina prezidenti Zelenskiy bilan ham 2009 yilda «Yirik shahardagi muhabbat» kinokartinasida rol o‘ynagan.

Hindiston Rossiyadan eksport qilinadigan neft miqdorini ikki barobarga oshirishni ko‘zlamoqda, deb yozdi Bloomberg nashri.
Belarusning o‘z hududidan Ukraina g‘allasini Boltiqbo‘yi davlatlari portlariga tranzit qilishga rozilik bildirishi Minskka qarshi sanksiyalar bekor qilinishi yoki yumshatilishiga sabab bo‘la olmaydi, degan GFR kansleri Olaf Shols.
Germaniyada suv va elektr energiyasi uchun narxlar Rossiyadan energiya tashuvchilar xarid qilinmasdan qo‘yilganidan so‘ng 4 barobarga oshgan. Welt nashrining yozishicha, aksilrossiya sanksiyalarigacha nemislar 1 megavatt-soat elektr energiya uchun 20 yevro to‘lashgan bo‘lsa, Rossiya gazidan voz kechilgach, nemislar 1 megavatt-soat uchun o‘rtacha 85 yevro to‘lashga majbur bo‘lishmoqda.
Neft narxi yaqin oylarda barreliga 150 AQSh dollarigacha va undan ziyodga o‘sishi mumkin, deya Financial Times jahonning eng yirik xomashyo treyderlaridan biri Trafigura rahbari Jyeremi Veyraning so‘zlarini keltirmoqda.
Putin taklif etgan sxema bo‘yicha Rossiya gazi uchun to‘lov qilishga Yevropaning eng yirik xaridorlari rozi bo‘lgan, 9 ta kompaniya uni rad etgan, deyiladi KSE Institute tomonidan tayyorlangan tahliliy materialda.
Tahlilchilarga ko‘ra, ko‘plab kompaniyalar «Gazprombank»da dollar yoki yevroda hisobraqam ochib, «Gazprom»ga to‘lashda davom etishgan. To‘lov mexanizmlari jamoatchilik uchun to‘liq ma’lum emas, shu sababli kompaniyalar sanksiyalar buzish hisoblanuvchi rublda ham hisobraqam ochgan-ochmagani noma’lum bo‘lib qolmoqda.
Yangi sxemada to‘lov qilayotgan kompaniyalar: MVM (Vengriya); VNG, RWE, Uniper (Germaniya); Engie (Fransiya); Eni (Italiya); OMV (Avstriya); CEZ (Chexiya); SPP (Slovakiya); Geoplin (Slovakiya); DEPA Commerce, Mytilineos Prometheus Gas (Gretsiya);
Xalqaro hamjamiyatning munosabati
Ukrainada urush boshlanganidan (24 fevraldan) buyon 4253 tinch aholi vakili halok bo‘lgan, deya ma’lum qilgan BMTning inson huquqlari bo‘yicha boshqarmasi kunlik hisobotida. 1617 nafar erkak, 1064 nafar ayol, 100 nafar qizaloq va 105 bolakay halok bo‘lgan. Shuningdek, ekspertlar 67 nafar bola va 1300 nafar katta yoshli insonlarning jinsini aniqlay olishmagan. 5141 nafar fuqaro jarohatlangan.
Ukrainada urush boshlanganidan uch oy o‘tib, Yer kurrasida 1,6 milliard kishi krizisga duchor bo‘lgan, deyiladi BMT ma’lumotida.
Shimoliy Atlantika alyansi agar Finlandiya va Shvetsiya NATO a’zosiga aylanadigan bo‘lsa, bu yangi a’zolarning hududida yadroviy qurollar joylashtirilmasligi borasida Rossiyaga hech qanday kafolat berilmaydi, degan Shveytsariyaning Rs telekanali efirida alyansning bosh kotibi yordamchisi Kamiy Gran.
Butunjahon banki 2022 yil uchun iqtisodiyotlarning o‘sish dinamikasi prognozlarini kamaytirdi:
• jahon iqtisodiyoti +2,9 foiz (avvalgi prognoz +4,1 foiz)
• Yevrozona YaIMi +2,5 foiz (avvalgi prognoz +4,2 foiz)
• AQSh YaIMi +2,5 foiz (avvalgi prognoz +3,7 foiz)
• Rossiya YaIMi –8,9 foiz (avvalgi prognoz +2,4 foiz)
• Xitoy YaIMi +4,3 foiz (avvalgi prognoz +5,1 foiz)
Tavsiya etamiz
Navbatdagi cho‘pchak: O‘zbekistonda kriptovaluta “qazib oluvchi” uskuna ijarasidan daromad olish taklif etilmoqda
Jamiyat | 20:37 / 14.07.2025
„Uchastkavoy“ prezident bilan uchrashuvda kapitanga aylandi
O‘zbekiston | 15:27 / 11.07.2025
Tramp: NATO Ukraina uchun AQShdan qurol sotib oladi
Jahon | 11:21 / 11.07.2025
Eldor Shomurodov Turkiya klubiga o‘tdi
Sport | 11:12 / 11.07.2025
So‘nggi yangiliklar
-
Mashinani jarima maydonchasidan olib chiqish uchun elektron ruxsatnoma olinadi
O‘zbekiston | 09:03
-
Rossiyada yana bir harbiy-dengiz paradi bekor qilindi
Jahon | 08:42
-
Ta’lim muassasalari bazasini rivojlantirishga oid hukumat qarori qabul qilinadi
O‘zbekiston | 08:38
-
Maxsus xizmat: SBU zobitini otib ketgan FSB agentlari o‘ldirildi
Jahon | 08:00
Mavzuga oid

08:00
Maxsus xizmat: SBU zobitini otib ketgan FSB agentlari o‘ldirildi

21:32 / 14.07.2025
Zelenskiy iqtisodiyot vaziri Yuliya Sviridenkoga Ukraina bosh vaziri lavozimini taklif qildi

15:14 / 14.07.2025
Ukrainadagi urushda 66 nafar o‘zbekistonlik halok bo‘ldi – BBC

14:43 / 14.07.2025