Eron sanksiyalar oqibatida yetkazilgan zarar qoplangan taqdirda yadroviy kelishuvni imzolashini bildirdi
Ta’kidlanishicha, Eron yadroviy kelishuv bo‘yicha muzokaralar uchun uchinchi mamlakatlarga muhtoj emas.

Foto: Anadolu Agency
Agar AQSh sanksiyalar natijasida eronliklarga yetkazilgan zararni qoplab bersa, Eron yadroviy kelishuvni imzolashga tayyor. Bu haqda Eron tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Said Xatibzoda ma’lum qildi.
«Agar bugun AQSh Eron xalqi cho‘ntagidan tortib olganlarni qaytarishga qaror qilsa, yo‘qotganlarimizni qoplab berishga rozi bo‘lsa va huquqlarimizni hurmat qilsa, biz ertagayoq Venaga qaytamiz va kelishuvni imzolaymiz», - dedi diplomat.
Xatibzoda Qatarning bu masalada vositachi bo‘lishga urinayotganiga izoh berarkan, Eron yadroviy kelishuv bo‘yicha muzokaralar uchun uchinchi mamlakatlarga muhtoj emasligini ta’kidladi.
«Muzokaralarda bir tomonda «4+1» mamlakatlari va Eron, ikkinchi tomondan AQSh qatnashmoqda. Eron «4+1» mamlakatlari bilan muzokaralarda uchinchi mamlakatga muhtoj emas. Qatar doim Eronning huquqlarini qo‘llab-quvvatlagan», - dedi u.
2015 yilda Eron va BMT xavfsizlik kengashi a’zolari (AQSh, Rossiya, Xitoy, Buyuk Britaniya va Fransiya) hamda Germaniya o‘rtasida yadroviy kelishuv imzolagandi.
AQSh 2018 yilda kelishuvdan bir tomonlama tartibda chiqib ketganidan so‘ng, Eron kelishuv bo‘yicha majburiyatlarini bajarishni to‘xtatgandi.