Jahon | 20:23 / 29.04.2025
5911
4 daqiqa o‘qiladi

Bandar-Abbos portidagi portlash: qurbonlar soni ortmoqda

Eron ichki ishlar vaziri mamlakatning Bandar-Abbos shahridagi eng yirik konteyner portida yuz bergan kuchli portlashga beparvolik sabab bo‘lganini aytdi. Hodisa oqibatida halok bo‘lganlar soni kamida 70 kishiga yetdi. Eron mudofaa vazirligi yuk tarkibida kimyoviy raketa yoqilg‘isi bo‘lgani haqida tarqalgan xabarlarni rad etmoqda.

Foto: AFP

Eron ichki ishlar vazirligi rahbari Iskandar Momaniyning so‘zlariga ko‘ra, Shahid-Rajoiy portida shanba kuni sodir bo‘lgan va 1000 dan ortiq odam jarohatlangan portlashga «ehtiyotsizlik, jumladan, xavfsizlik choralariga rioya qilmaslik va beparvolik» sabab bo‘lgan.

«Mas’ul deb hisoblangan ayrim shaxslar tergovga chaqirildi», – deya qo‘shimcha qildi u.

Yakshanba kuni Eron harbiy-dengiz kuchlarining asosiy bazasi joylashgan Bandar-Abbosda barcha maktablar va davlat muassasalari yopildi, qo‘shni shaharlarda esa rasmiylar zarurat bo‘lmaganda ko‘chaga chiqmaslik va himoya niqoblarini taqish haqida buyruq berdi.

Mamlakat bojxona ma’muriyatining ma’lum qilishicha, portda import qilingan yuk yonib ketgan va portlagan. Ushbu yuk ro‘yxatdan o‘tkazilmagan va hodisadan oldin rasmiy ravishda deklaratsiya qilinmagan, deb xabar bermoqda Isna axborot agentligi bojxona ma’muriyatiga tayanib.

Xo‘rmuzgon viloyatining inqirozli vaziyatlarni boshqarish bo‘yicha direktori Mehrdod Hasanzoda ham dushanba kuni portdagi yong‘inni o‘chirish ishlari deyarli yakuniy bosqichda ekanini aytdi.

Xo‘rmuzgon viloyati gubernatori Muhammad Ashuri Taziani esa portni tozalash ishlari yana bir necha kun davom etishi va portdagi vaziyat normallashgunicha ikki haftagacha vaqt ketishi mumkinligini aytdi.

Uning hisob-kitoblariga ko‘ra, portlashdan 1500 gektar maydon jiddiy zarar ko‘rgan – bu port hududining deyarli uchdan ikki qismi deganidir.

Mazkur hududga xizmat ko‘rsatgan Sina Marine and Port Services Development Company kompaniyasi bosh direktori sodir bo‘lgan voqeani «xavfli yuklarni yolg‘on deklaratsiyalash bilan bog‘liq takroriy va halokatli xato» bilan izohladi.

Eron mudofaa vazirligi portlashga ballistik raketalar uchun ishlatiladigan qattiq yoqilg‘i – natriy perxlorat partiyasi bilan noto‘g‘ri munosabatda bo‘lish sabab bo‘lgani haqidagi xabarlarni rad etmoqda.

Vazirlik matbuot kotibi Rizo Talay-Nik yakshanba kuni voqea sodir bo‘lgan hududda «harbiy maqsadlarda foydalanish uchun import yoki eksport qilinadigan yoqilg‘i yoki yuklar bo‘lmagani va yo‘qligi»ni aytdi hamda xorijiy ommaviy axborot vositalarini yolg‘on xabarlar tarqatishda aybladi.

Ambrey Intelligence dengiz xavflari bo‘yicha xususiy konsalting kompaniyasi esa Associated Press nashriga port o‘tgan oyda natriy perxlorat partiyasini olgani va portlash unga «noto‘g‘ri munosabatda bo‘lish natijasi bo‘lgani taxmin qilinayotgani» haqida ma’lumot bergan.

New York Times nashri ham Eron islom inqilobi muhofizlari korpusiga aloqador bo‘lgan anonim manbasiga tayanib, portda natriy perxlorat portlagani to‘g‘risida xabar tarqatgan.

Mavzuga oid