Jahon | 18:18 / 31.03.2022
28156
11 daqiqa o‘qiladi

Biznes, “Chelsi” va siyosat: Abramovich Chukotkadan Londonga qadar

Roman Abramovich Putinning o‘ziga xos bu “surguni” mohiyatini yaxshi tushunar, bu paytda o‘nlab milliardlarni o‘ynatib yuradigan o‘nlab oligarxlarning “shoxi sindirilgan” edi.

Foto: RIA Novosti / KUN.UZ

“Chelsi” futbol klubi xaridi ortidan dunyo diqqat markaziga tushgan Roman Abramovich so‘nggi yillarda ancha “kamtarona” hayot kechirayotgandi. Ammo Turkiyada bo‘lib o‘tgan Rossiya-Ukraina muzokaralarida qatnashgani, hatto prezident Erdo‘g‘an bilan suhbatlashgani ortidan yana ko‘pchilik tiliga tushdi. Bir vaqtlar “Chukotkani boshlig‘i” deya nom olgan gubernator, yo‘q joydan pul topishning uddasidan chiqqan biznesmen qanday qilib siyosatga aralashib qolgani ko‘pchilikka qiziq.

Boylik sari ilk qadamlar

Abramovich juda ustomon bo‘lsa-da, boyligini aqli va ayyorligi bilan o‘zi topgan. Ya’ni u meros olmagan, kutilmagan omad ustidan chiqmagan. 1987 yilda, 21 yoshida u faoliyatini mexaniklikdan boshlaydi. 80-yillar oxirida “Uyut” nomli kooperativ ochadi va yelim o‘yinchoqlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yadi. Ma’lum mablag‘ga ega bo‘lgach, ulgurji oldi-sotdiga aralashadi. 90-yillar boshida esa neft sohasiga qiziqish bildiradi va dastlab vositachilik bilan shug‘ullanadi. Bu vaqtda u Boris Berezovskiy bilan tanishadi va neftni qazib olishdan boshlab tayyor mahsulot ishlab chiqarishgacha bo‘lgan jarayonni “Sibneft” kompleksida yagona zanjirga birlashtirishni taklif etadi. Bu kompaniya Yelsin farmoniga ko‘ra ta’sis etilgandi va bu paytga kelib prezident oilasiga yaqinlashib olgan Abramovich arzimagan 18,8 mln dollar shaxsiy kapitali bo‘lgani holda “Sibneft”ni 240 mln dollarga sotib olishga erishadi. Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra xarid qiymati bor-yo‘g‘i 100 mln dollar bo‘lgan. Lekin shunisi aniqki, “Sibneft”ning o‘sha paytdagi bahosi 2,7 mlrd dollardan kam bo‘lmagan. Chunki 2000 yilga kelib bu kompaniya yiliga 3 mlrd dollarlik neft qazib olishga erishadi.

Bundan keyin Abramovich yana qator loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshiradi. Xususan alyuminiy biznesiga jiddiy aralashadi va qator raqobatchilarini sindiradi. Biznesmenning ortidan hamisha tergovlar, surishtiruvlar olib borilsa-da, doim suvdan quruq chiqishni uddalagan. U hatto 1998 yilda Rossiyada yuz bergan defolt sababchilaridan biri sifatida ham tanqidga uchraydi.

Qizig‘i, 1998 yildagi defolt Abramovich uchun kutilmagan natija bilan tugaydi – 1999 yildayoq u milliarder maqomini oladi. 1,4 mlrd dollar bilan nufuzli reytingga kira olgan oligarxni endi to‘xtatib bo‘lmasdi. 1999 yil yana bir muhim jihat bilan yodda qolgan: o‘zi va biznesini himoyalash uchun siyosiy qalqon yaratish maqsadida Abramovich Rossiya davlat dumasi III chaqirig‘iga Chukotka saylov okrugidan deputat bo‘lib saylanib oladi. Aynan mana shu hududda uning qator firmalari ro‘yxatdan o‘tgandi. Vaqt kelib Chukotkaga bog‘liqlik uning hayotida keskin burilish yasaydi.

Foto: REUTERS

Yahudiy, ukrain va endi portugal

Onasi asli ukrainalik, otasi esa yahudiy bo‘lgan Roman 1966 yilda Saratovda tug‘ilgan. Uning o‘smirligi Komi o‘lkasida, Uxta shahrida o‘tgan. Ma’lum muddat Moskvada, amakisi Abramning uyida ham yashaydi va maktabda o‘qiydi.

U hech qachon yahudiyligini yashirmagan va bu millat vakillari orasida metsenat sifatida uning obro‘si katta. 2018 yilda Abramovich 20 yil davomida butun dunyodagi yahudiylar jamoalariga 500 mln dollar xayriya qilgan.

Pulni Rossiyada topgan, asosiy umri Buyuk Britaniya va Isroilda o‘tadigan biznesmen 2021 yilda Portugaliya fuqarosiga aylanib olgani ko‘pchilik uchun kutilmagan hol bo‘ldi. Bu davlat tergov organlari bu masalada hatto surishtiruv o‘tkazishga ham ulgurishdi. Natija esa har doimgidek.

Boyligi miqdori

Abramovichning boyligi Rossiyaning dunyo hamjamiyatidagi o‘rni singari o‘zgaruvchan. Shunday vaqtlar bo‘lganki, u boylik va hashamat makoni bo‘lgan Angliyaning barcha boylarini ortda qoldira olgan. Yana shunday davrlar kechganki, dunyo boylari ro‘yxatining dastlabki sahifasida umuman ko‘rinmay qolgan.

Boylik poygasida Abramovichning eng e’tiborga molik qadamlari quyidagicha:

1. 2007 yilda, xotini Irina bilan ajrashuvga qaramay u 10,8 mlrd funt sterling bilan Angliya boylari ro‘yxatida ikkinchi o‘rinni egallagan. Birinchi o‘rinda 19,25 mlrd egasi, hind biznesmeni Lakshmi Mittal qayd etilgani, bu reytingni tuzgan The Sunday Times nashri egasi Rupert Merdokning o‘zi ro‘yxatga kira olmagani, shuncha boyligi bo‘lgan qirolicha Yelizaveta 320 mln funt sterling bilan bor-yo‘g‘i 229-o‘rinni egallagani katta mojarolarni keltirib chiqargandi;

2. 2008 yilning aprelida, ya’ni butunjahon moliyaviy inqirozidan oldin uning boyligi cho‘qqisiga chiqqan – Forbes talqinida 29,5 mlrd dollar;

3. 2009 yilning martida dunyo boylari o‘rtasida 51-o‘rinda, Rossiyada esa Mixail Proxorovdan keyin 2-o‘rinda qayd etilgan. Bu paytda uning boyligi 8,5 mlrd dollar edi;

4. 2010 yilda 11,2 mlrd dollar bilan Rossiyada 5-o‘rinni egallaydi;

5. Ayni paytda uning boyligi 7,2 mldr dollarga tengligi aytiladi.

Abramovichga “Chelsi” nega kerak edi?

2003 yilda Abramovich inqiroz yoqasida turgan “Chelsi” futbol klubini sotib oladi. Buning uchun u 140 mln funt sterling (raqamni eslab qoling) sarmoya kiritadi. Klubning qarzlarini to‘lagan va moddiy-texnik baza, futbolchilar va marketingga jiddiy mablag‘ sarflagan Abramovich juda mashhur bo‘lib ketdi. Rossiyaliklar uni pulni begona qilishda, o‘z davlati sportiga tikmaslikda ayblashdi. Lekin bu to‘g‘ri emasdi, Roman Arkadevich “Chelsi”dan oldin TsSKAni sotib olishga uringan, ammo bunga yo‘l qo‘yishmagandi.

Ana shundan keyin APLdagi kurashlar butunlay boshqacha tus ola ketdi. Bu paytda kuchli to‘rtlik deya “MYu”, “Arsenal”, “Liverpul” va “Chelsi” tushunilgan bo‘lsa, 4-5 yil ichidayoq to‘rtlik tushunchasi ham susayib, haqiqiy kurash “Manchester Yunayted” va “Chelsi” o‘rtasida kecha boshladi. Bu poyganing cho‘qqisi 2008 yildagi “Chempionlar ligasi” finalida kuzatildi.

Bu o‘yinda yutqazgan “Chelsi” baribir o‘z maqsadiga erishdi va 2012 yilda “Bavariya”ni penaltilar seriyasida yengib, Yevropada tengsiz maqomiga erishdi.

Abramovichga “Chelsi” nega kerakligi bo‘yicha juda kuchli taxmin bor: ma’lumki Abramovich ko‘p urinishlarga qaramay Angliya fuqaroligini va zodagonlik maqomini ololmagan. Londonning Chelsi hududi va klubi esa aynan shu zodagonlar markazi hisoblanadi. Klub xarididan so‘ng Abramovich imzosi yoniga “Chelsi” sohibi” degan jumla qo‘shishni odat qilgan.

So‘nggi voqealar fonida, Rossiyaga kiritilgan sanksiyalar chog‘ida Abramovich “Chelsi”ni sotishini va tushgan mablag‘ni xayriya maqsadlariga sarflashini e’lon qildi. Xarid qiymati 3-4 mlrd funt sterlingga baholanmoqda. Ammo bu savdo Angliya taqiqlari tufayli amalga oshmay turibdi.

Foto: AFP

Chukotka boshlig‘i

Ruslarning “Chukotka boshlig‘i” degan qadimiy filmi bor. Abramovichning Chukotkaga gubernator sifatida tayinlanishini ko‘p jihatdan shu film qahramonining harakatlariga o‘xshatishadi. Aslida uning Chukotka gubernatoriga aylanishi ham qiziq tarixga ega. 2000 yilgacha, ya’ni hukumat tepasiga Putin kelguniga qadar Abramovich aksariyat biznesini Chukotka hududida ro‘yxatdan o‘tkazgandi. Uning juda kam soliq to‘lashi tufayli o‘tkazilgan tekshiruvlar hech qanday samara bermaydi – hammasi qonuniy qilingandi. Gap shundaki chekka hududlarda biznes yuritishga imtiyozlar berilgan, agar ta’sischi va firmalar egalari nogironlar bo‘lsa, soliqlar minimal darajaga tushib qolardi. Abramovich mana shu jihatlardan ustalik bilan foydalanib kelardi va uni hech qanday javobgarlikka tortib bo‘lmasdi.

Undan ham ayyor Putin zo‘r usulni qo‘llaydi – Abramovichni “Hududni yaxshi biluvchi inson, mahalliy deputat” sifatida Chukotkaga gubernator qilib tayinlaydi. Roman Abramovich o‘ziga xos “surgun” mohiyatini yaxshi tushunar, bu paytda o‘nlab milliardlarni o‘ynatib yuradigan o‘nlab oligarxlarning “shoxi sindirilgan” edi. Abramovich Chukotka uchun o‘zining ham, biznesining ham mablag‘ini ayamaydi – uylar, baland binolar quradi, infratuzilmani yaxshilaydi, shaharlar butunlay boshqa qiyofaga kiradi. Haligacha chukchalar Abramovichni sharaf bilan eslaydilar.

Abramovich Chukotkadagi faoliyatini 2008 yilda yakunlaydi.

Foto: RIA Novosti

Qanday qilib katta siyosatda?

Abramovichning Turkiyadagi muzokaralarda qatnashishi ko‘pchilikda savollar tug‘dirdi: u bu yirik davrada qanday maqom va maqsadda yuribdi? Ayniqsa Erdo‘g‘an bilan ham bemalol gaplashayotgani unga ma’lum vakolatlar berilganini anglatib turardi. Tez orada hammasi ma’lum bo‘ldi: Putinning matbuot kotibi Peskov “Roman Abramovich tomonlar o‘rtasidagi ba’zi aloqalar o‘rnatilishida ishtirok etgan, ammo u delegatsiyaning rasmiy vakili hisoblanmaydi. Rossiya nomidan Abramovich ham Istanbuldagi muzokaralarda qatnashmoqda. Bunday muzokaralarda ishtirok etish uchun ikki tomonning roziligi kerak bo‘ladi. Abramovich bunday rozilikni olgan”, deya izoh berdi.

Umuman, Abramovich Rossiya-Ukraina ziddiyati boshlanganidan beri ancha faollashib qolgan, qator muzokaralarda ishtirok etgandi. Bu uning “Sirli kardinal”lardan biri ekanligiga ishora bo‘lsa ajab emas.

Abror Zohidov tayyorladi.

Mavzuga oid