O‘zbekiston | 22:20 / 28.12.2021
26923
3 daqiqa o‘qiladi

Fuqarolar diqqatiga: Haydovchilik guvohnomasiga o‘qish uchun hali ham kech emas, keyin har qancha e’tiroz qilmang, befoyda bo‘ladi

Yangi tizimda haydovchilikka o‘qiyotganlarning darslarga qatnashish davomatidan tortib, ichki imtihonlar va yakuniy sinovlargacha bo‘lgan barcha jarayonlar inson omilisiz, avtomatik tarzda nazorat qilinadi.

Foto: Kun.uz

Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi haydovchilik guvohnomasini olish istagidagi fuqarolarga murojaat bilan chiqdi.

Unda aytilishicha, fuqarolar haydovchilik guvohnomasini olish uchun belgilangan yosh me’yorlariga rioya qilgan holda, haydovchilarni tayyorlash faoliyati bilan shug‘ullanuvchi ta’lim muassasalariga istalgan vaqtda borib, shartnoma tuzib o‘qishi mumkin.

“Ammo o‘qish vaqtida mashg‘ulotlarga qatnashmasdan, o‘qimasdan vaqt o‘tkazish endilikda o‘zingizga zarar. Chunki, Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 4 maydagi 272-son qaroriga muvofiq, endilikda haydovchilik guvohnomasini olish uchun topshiriladigan nazariy va amaliy imtihonlar tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan inson omili cheklangan, avtomatlashtirilgan avtodromda va imtihon olish xonalarida o‘tkazilishi yo‘lga qo‘yilmoqda.

Ushbu tizim inson omili to‘liq cheklangan, avtomatlashtirilgan dastur yordamida haydovchilikka nomzodlarning o‘quv muassasasiga kelib ketishlarini, darslarda va mashg‘ulotlarda qatnashishlarini, ichki imtihonlardan o‘tgan yoki o‘tmaganliklarining to‘liq nazoratini amalga oshirib, yakuniy nazariy va amaliy imtihonlarga ruxsat beradi.

Unutmang, imtihonlardan o‘tish uchun birgina imkoniyatingiz bor – bu ham bo‘lsa yaxshi o‘qish, yo‘l harakati qoidalarini puxta o‘zlashtirish va avtomototransport vositasini boshqarishni mukammal o‘rganishdir.

Kerakli malakaga ega bo‘lmasdan, korrupsion yo‘llar orqali haydovchilik guvohnomasini olish haqida o‘ylash endilikda ilojsiz va noto‘g‘ri qaror ekanligi haqida ogohlantiramiz.

Shuni inobatga olib, yana bir bor haydovchilik huquqini olish masalasiga jiddiy e’tibor qaratishingizni va o‘z ustingizda doimiy tarzda ishlashingizni, haydovchilarni tayyorlash faoliyati bilan shug‘ullanuvchi ta’lim muassasalari ma’muriyatidan esa o‘z o‘quvchilariga yo‘l harakati qoidalarini puxta va amaliy mashg‘ulotlarda avtotransport vositasini mukammal boshqarishga o‘rgatishlarini so‘raymiz”, – deyiladi murojaatda.

Eslatib o‘tamiz, haydovchilik guvohnomasi olish uchun imtihonlar avtomatlashtirilgan tizim orqali inson omilisiz o‘tkaziladi

Mavzuga oid