O‘zbekiston | 18:38 / 21.12.2021
21103
3 daqiqa o‘qiladi

«Buning orqasida pora va korrupsiya turibdi» - Prezident kadastr sohasida mavjud muammolar haqida

Foto: Prezident matbuot xizmati

O‘zbekistonda 23 mln gektar qishloq yerlarining elektron xaritasi yaratilgan. Bu haqda 21 dekabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida yer hisobi va davlat kadastrlarini to‘liq shakllantirish, sohaga raqamli texnologiyalarni joriy etish masalalari yuzasidan kengaytirilgan yig‘ilishda ma’lum qilindi.

Yig‘ilishda Kadastr agentligi joriy yildan O‘zbekiston tarixida ilk bor qishloq xo‘jaligi yerlarini yalpi xatlovdan o‘tkazib, elektron ro‘yxatdan o‘tkazishni boshlagani va 23 million gektar qishloq yerlarining elektron xaritalari yaratilgani ta’kidlandi. 

Shundan, bugungi kunga qadar 22 million gektari davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan. Bundan tashqari, hisobga olinmagan 412 mingta ko‘chmas mulk kadastr bazasiga kiritilgan, 478 mingta obektda qo‘shimcha qurilmalar aniqlanib, kadastr bahosi qayta ko‘rib chiqilgan.

Shu bilan birga, xatlovda ko‘plab muammolar ham aniqlangan. Misol uchun, elektron hisobga olinayotgan qishloq xo‘jaligi yerlari qog‘oz shaklida yuritib kelingan Yer fondi hisoboti amaliyot bilan farq qilmoqda. Jumladan, haqiqatda aholi yashash punktiga aylanib ketgan 830 ming gektar maydon boshqa yer toifalarida hisobda turibdi.

Yig‘ilishda yo‘l, elektr, gaz ta’minoti, suv xo‘jaligi, obodonlashtirish obektlari, ko‘p qavatli uylarga tutash hududlar kadastrida ham ko‘plab muammolar mavjudligi qayd etilgan.

«Bu juda katta va muammoli masala, janob hokim va prokurorlar. Buning orqasida pora va korrupsiya turibdi.

Yuqoridagi natijalar yer kadastri sohasida boshlagan ishlarimizning 50 foizi, xolos. Hali oldimizda qilinadigan ishlar ko‘p. Bir narsani aniq tushunib olish lozim. Biz kelgusi yilda 80 ming gektar paxta va g‘alladan bo‘shagan yerlarni aholiga bo‘lib berishni reja qilganmiz. Agar yerning hisobi, aniq chegarasi bo‘lmasa, bu ishlarni amalga oshirib bo‘lmaydi», deya prezidentning so‘zlarini keltiradi prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov.

Qayerda bo‘sh yer borligi to‘g‘risida aniq ma’lumot yo‘qligi, bu bilan 30 yil davomida hech kim shug‘ullanmagani, oqibatda kadastr hujjati bo‘lmagani bois 2 milliondan ziyod oila uy-joylarini na kredit garovi sifatida qo‘ya olishi, na uni sota olishi qayd etib o‘tilgan.

Mavzuga oid