Yevropada hafta o‘yinlari. Shomurodovning gol va pasi Mourinoni qutqarolmadi, Ispaniyada dahshatli kambeklar
«Barsa» 3:0 hisobidagi ustunlikni saqlab qololmadi, Milan derbisida kuchlar teng keldi, Neymar faoliyatidagi 400-golni urdi. Dam olish kunlarida kuchli beshlik chempionatlaridagi asosiy voqealar.

Foto: Roma
Italiya: yuqorida yana qo‘shhokimlik
«Venetsiya» — «Roma» — 3:2 (Kaldara, 3. Aramu, 65, penaltidan. Okereke, 74 — Shomurodov, 43. Abraham, 45+2).
Kun o‘yinlarini boshlab bergan rimliklar shunday boshlashdiki, Joze Mourinoning jamoa rahbarligida qolish-qolmasligi masalasi yana kun tartibiga chiqdi. Ammo «bo‘rilar» baribir Konferensiyalar ligasida «Bude-Glimt»ga qarshi muvaffaqiyatsiz o‘yinlardan keyin baribir tishini ko‘rsatdi, o‘zbekistonlik hujumchi Shomurodovni boshlang‘ich tarkibda tushirish qarori to‘g‘ri bo‘lib chiqdi. U «Venetsiya»ga qarshi o‘yinning birinchi bo‘limi oxirida ikki golni tashkillashtirib, o‘yinda burilish yasadi. Avvaliga u raqib jarima maydonidagi tartibsizliklardan foydalanib, avgust oyidan buyon ilk bor gol urdi, bu uning yangi jamoasi uchun A Seriyada urgan ilk goli bo‘ldi, ikki daqiqa o‘tib, Abrahamni golli pas bilan ta'minladi.
Ammo chempionat autsayderlaridan biri o‘z maydonida taslim bo‘lish haqida o‘ylamadi va Kaldaraning o‘yin boshidagi tezkor goli bilan cheklanmadi. Bu himoyachi ikkinchi bo‘limda penalti ishladi, uni Aramu aniq ijro etdi. Hisob tenglashgach, rimliklar mehmonlar jarima maydonini qamal qilishdi, ammo raqib qarshi hujumdan foydalanib, Okereke g‘alaba golini urdi. «Roma»da o‘yin inqirozi yuzaga kelgani ko‘rinib turibdi: barcha turnirlar doirasidagi so‘nggi yetti o‘yinda jamoa bir g‘alaba va to‘rt mag‘lubiyat qayd etgan.
«Latsio» — «Salernitana» — 3:0 (Immobile, 31. Pedro, 36. Luis Alberto, 69).
Venetsiyada mag‘lub bo‘lish orqali «Roma» nafaqat «Atalanta»ni oldinga o‘tkazib yuborib, kuchli to‘rtlikka kirish imkonini boy berdi, balki oltinchi o‘ringa ham tushib ketdi. Beshinchi o‘rin Rimning boshqa bir jamoasi «Latsio» tomonidan tortib olindi. «Burgutlar» safida Immobile yana yorqin o‘yin ko‘rsatmoqda, u besh daqiqa ichida Italiya chempionatining joriy mavsumida 10 gol urgan birinchi futbolchiga aylanish bilan kifoyalanmasdan, Pedroga assistentlik ham qildi. U hafta ichida ikkinchi bor «Latsio» tarixiga kirmoqda. Avvaliga klub tarixidagi eng yaxshi to‘purar sifatida, endi esa — qatorasiga oltinchi mavsum kamida 10 gol urgan ilk futbolchi sifatida.
«Napoli» — «Verona» — 1:1 (Di Lorenso, 18 — Simeone, 13).
Neapolitanliklar noyabrni Diyego Maradona xotirasi uchun bag‘ishlashmoqda va barcha o‘yinlarni buyuk argentinalikning surati tushirilgan futbolkalarda o‘tkazishmoqda. Fon sifatida o‘tgan yil vafot etgan afsonaning barmoq izlari tanlangan.
Bunda o‘ziga xos ramziy ma'no bor, axir don Diyego davridan buyon skudettoni qo‘lga kiritmagan «Napoli» ayni vaqtda chempionatda yetakchilik qilmoqda. Ammo hozirgi «Verona» — hatto Luchano Spalletti uchun ham chaqilmas yong‘oq bo‘lib chiqdi. Jamoa hujum chizig‘ida himoyalanishda ham mohir bo‘lgan, Diyego Simeonening o‘g‘li Jovanni Simeone javlon urmoqda va u bu safar ham maydonni golsiz tark etmadi. Veronaliklar durang hisobni saqlab qolishdi va bu turnir jadvalining yuqori qismidagi holatga ham ta'sir ko‘rsatdi.
«Milan» — «Inter» — 1:1 (de Fray, 17, avtogol — Xoqon Chalxono‘g‘li, 11, penaltidan).
Neapoldagi durang shuni anglatardiki, dam olish kunlaridagi asosiy o‘yinda g‘alaba qozonsa, «Milan» chempionatning yaqqol peshqadamiga aylanib olardi. Rossoneri A Seriya va Chempionlar ligasida ikki xil natijalar ko‘rsatmoqda — ichki chempionatdagi o‘yinda mezbonlar tezkor gol o‘tkazib yubordi, jamoaning sobiq futbolchisi Xoqon Chalxono‘g‘li penaltidan unumli foydalandi. Stefano Pioli shogirdlari bu golga javoban katta kuch bilan oldinga tashlanishdi va Tomori de Frayni o‘z darvozasini ishg‘ol qilib qo‘yishga majburladi.
Bundan tashqari, o‘yinda psixologiya nuqtayi nazaridan hal qiluvchi nuqta mezbonlar darvozasiga ikkinchi 11 metrlik zarba qo‘yilganda ro‘y berdi. Shtatdagi penaltichi o‘rniga to‘pni Lautaro Martines nuqtaga joylashtirdi. Argentinalik futbolchi bu orqali jamoadagi intizomni buzdi va bu aybi uchun Teterushanuga qarshi duelda mag‘lub bo‘lib, to‘lov qildi. Ruminiyalik posbonning seyvi jamoani ruhlantirdi va futbolchilar bundan keyin unga muammo tug‘dirmaslikka harakat qilishdi, birinchi bo‘lim oxirida to‘p mezbon jamoa darvozasi chizig‘i ustidan qaytarib yuborildi.
Bularning barchasi ikkinchi bo‘limga ta'sir ko‘rsatdi, bo‘limning aksar qismida «Inter» yaxshiroq harakat qildi, ammo endi «neradzurri»larda yaqqol golli vaziyatlar bo‘lmadi. O‘yinning oxirgi qismi esa qizil-qoralar ustunligida kechdi, hujumlardan biri yakunida Salemakersning zarbasi darvoza ustuniga tegib qaytdi, qaytgan to‘pga zarba bergan Kessega aniqlik yetishmadi. Yakunda — mantiqiy durang va bu faqat «Napoli» muxlislarini xursand qildi.
«Yuventus» — «Fiorentina» — 1:0 (Kuadrado, 90+1).
O‘tgan turlardagi muvaffaqiyatsizliklardan keyin Massimilano Allegri «Yuventus» futbolchilarini bazaga qamadi va bu qat'iy qaror o‘z samarasini berdi. YeChLda «Zenit»ga to‘rt gol urgan turinliklar A Seriyada ham g‘alabaga erishdi. Shanba kungi o‘yinning birinchi bo‘limi «Fiorentina» ssenariysida kechdi, mehmonlar yorqinroq o‘yin ko‘rsatishdi va bo‘lim arafasida ular hisobni ochishi ham mumkin edi, ammo bosh hakam to‘p Daniluning qo‘liga tekkan vaziyatda penalti berishga jazm etmadi. Turinliklar avvalgi turda «Sassuolo»ga qarshi mag‘lubiyatli o‘yinda bo‘lgani kabi bu o‘yinning birinchi bo‘limida ham ilk 45 daqiqalikda raqib darvozasi sari birorta aniq zarba yo‘llamadi.
Tanaffusdan keyin ham mehmonlar hujumkor o‘ynashda davom etishdi, ammo 72-daqiqada Milenkovichga ikkinchi sariq kartochka ko‘rsatilishi o‘yin taqdirini hal qildi. Serbiyalik himoyachi maydon markazida ahmoqona tarzda qo‘pol harakat qildi va ko‘pchilik bo‘lib olgan «Yuventus» buni hisobda ham aks ettirdi. So‘nggi yigirma daqiqalikni to‘liq oldinda o‘tkazgan mezbonlar qator golli vaziyatlarga ega bo‘lishdi, Kezaning zarbasi to‘singa tegdi, Morataning goli ofsayddan urilgani uchun inobatga olinmadi va nihoyat qo‘shimcha daqiqalarda Kuadrado yaqin burchakni aniq nishonga olgan holda raqib darvozabonini ilojsiz qoldirdi.
Allegri to‘g‘ri almashtirishlar amalga oshirdi, kolumbiyalik futbolchi murabbiyga byankoneri boshqaruvidagi 200-g‘alabani taqdim etdi. A Seriya boshlangan 1929/30 yilgi mavsumdan buyon bungacha faqat ikki mutaxassis — Jovanni Trapattoni (319) va Marchelo Lippi (227) shunday natijaga erishgan.
Ispaniya: Xavi tayinlangan kun «Barsa» 3:0 hisobidagi ustunlikni boy berdi
«Selta» — «Barselona» — 3:3 (Aspas, 52, 90+6. Nolito, 74 — Fati, 5. Buskets, 18. Depay, 34).
Shanba kuni tongida ko‘k-anorranglilar Xavi jamoa bosh murabbiyligiga tayinlangani haqida rasman xabar qildi, ammo u biroz keyinroq ishga kirishadi: uning rasmiy debyuti terma jamoalar uchun tanaffusdan keyin ro‘y beradi — «Espanol»ga qarshi derbida. Vigodagi o‘yinga esa «Barselona»ni ikkinchi jamoa ustozi Serxi Barxuan olib bordi. Statistika nuqtayi nazaridan bu unikal o‘yin edi, «Selta» joriy mavsumda o‘z maydoni «Balaidos»dagi o‘yinlarda hisobda oldinda bormagan (uy uchrashuvlaridagi yagona g‘alaba sentabr oyida «Granada»ga qarshi o‘yinda qayd etilgan, 90+4-daqiqada yagona gol urilgandi), kataloniyaliklar esa safar uchrashuvlarida hisobni ochishmayotgandi.
Ammo bu seriya Ansu Fatining goli bilan buzildi, u har bir harakati bilan muxlislarga o‘zining o‘ninchi raqamga munosibligini ko‘rsatmoqda. Xavining shu kungi muxlislarga murojaati barchani ilhomlantirib yuborgandi. Depay ham qatorasiga ikkinchi o‘yinda gol urdi, hatto sobiq jamoadoshi qaytishini Buskets gol bilan nishonladi. Ammo Fati yana bir bor jarohat olishi ko‘k-anorranglilarning birinchi bo‘limni ideal tarzda yakunlashiga xalal berdi.
Ammo hozirgi «Barselona» uchun raqibni yirik hisobda tor-mor etish ertaknamo ssenariy bo‘lib qolgan. «Selta» ikkinchi bo‘limni hujumkor o‘tkazib hisobni qisqartirdi, so‘nggi daqiqalarda esa raqib darvozasi qamal qilindi va o‘yinga qo‘shib berilgan oltinchi daqiqada Aspas uzoqdan yo‘llagan zarbasi bilan darvozaning yuqori to‘qqizligini aniq nishonga oldi. Galisiyaliklar sardori — ter Shtegen uchun dahshatli tush bo‘lib qolmoqda, u germaniyalik darvozabonga eng ko‘p gol urgan futbolchidir (7 gol). «Barselona» 1998 yil yanvaridan buyon ilk marta uchta gol farqi bilan ustunlikni boy berdi, shu vaqtgacha uchta gol farqi yuzaga keltirilgan 276 o‘yinda g‘alaba saqlab qolingandi. Bu holat jamoa o‘yinidagi inqiroz naqadar chuqurligini va Xavining qarshisida qiladigan ish ko‘pligini yana bir bor ko‘rsatib berdi.
«Real» — «Rayo Valekano» — 2:1 (Kroos, 14. Benzema, 28 — Falkao, 76).
«Real» avvalgi ikki uy uchrashuvini golsiz durang bilan yakunlagandi, ammo bu safar «Santyago Bernabeu»da Madridning boshqa bir jamoasi qatorasiga 11-o‘yinda mag‘lub etildi. O‘yin boshida Kroosning goli hakam tomonidan ofsayd qayd etilib bekor qilindi, ammo videotakrordan keyin uzatma muallifi Vinisius Junior ofsaydda emasligi ma'lum bo‘ldi va gol hisoblandi. Ko‘p o‘tmay Alabaning qanotdan oshirgan to‘pini Benzema darvozaga joyladi primera o‘yinlarida qatorasiga o‘ninchi o‘yinda gol urdi, bu o‘yinda kim g‘alaba qozonishiga shubha qolmadi.
O‘yin oxirida o‘n kun oldin «Barselona» darvozasini ham ishg‘ol qilgan Falkao intrigani qaytardi. Bundan avvalroq «Rayo» hujumlaridan birida to‘p ustunga tekkan va qaymoqranglilar muxlislari xavotirlana boshlagandi. Agar Falkao o‘yinga tushganiga 7 daqiqa o‘tganida majburan almashtirilmaganida, mehmonlarda yana vaziyatlar bo‘lishi ham mumkin edi. Ammo qo‘shimcha daqiqalar kolumbiyalik hujumchisiz ham qizg‘in kechdi: Kroos to‘pni darvoza chizig‘i ustidan qaytarib yubordi, Kurtua seyv qildi va Kamavinga raqib oyog‘iga tepishidan keyin penalti belgilanmagani uchun kichik mojaroli holat yuz berdi.
Ispaniyada hakamlarning Madridga muhabbati mavzusi yana dolzarblashmoqda, Karlo Anchelotti jamoasi esa shanba kungi o‘yinlardan keyin chempionat peshqadami bo‘lib oldi.
«Barselona»ga havas qilgan «Atletiko»
«Valensiya» — «Atletiko» — 3:3 (Savich, 50, avtogol. Ugo Duro, 90+2, 90+6 — Suares, 35. Grizmann, 58. Vrsalko, 60).
Valensiyaliklar bu o‘yinda ham Suaresni to‘xtata olishmadi. Urugvaylik forvard o‘zi uchun qulay bo‘lgan bu raqib darvozasini 14-bor ishg‘ol etdi, ikkinchi bo‘limda avtogol tufayli hisob tenglashgach, u yana bir gol tashkillashtirdi. Bu epizod tur yakunlariga ko‘ra eng ko‘p muhokama etilayotgan vaziyat bo‘lmoqda, bu vaziyatda to‘p raqib oyog‘idan urugvaylikning qo‘liga tegib, Vrsalkoga borib tushgandi.
VAR bu epizodda qoida buzilmagan deb topdi va arbitr maydon markazini ko‘rsatdi. Ikki daqiqa o‘tib «Atletiko» Grizmann ijrosidagi «to‘qqizlik»ka yo‘llangan zarba orqali hisobdagi farqni yanada oshirdi, ammo «Valensiya» sinib qolmadi va shanba kuni iroda ko‘rsatgan «Selta» jasoratidan ilhom oldi. Bir tomondan, galisiyaliklar «Barselona»ga qarshi o‘yinda uchta to‘p farqini yo‘qqa chiqargani bilan zo‘rroq ko‘rinsa, boshqa tomondan Xose Bordalasa jamoasi 90-daqiqadan keyin ikki gol urganiga aql bovar qilmaydi.
«Atletiko» uchun hal qiluvchi palla Grizmannga burchakdagi bayroqcha oldida qilingan fol uchun jarima zarbasi belgilanishi bo‘ldi. Ugo Duro La Liga tarixiga qo‘shimcha daqiqalarda qutqaruvchi dubl qayd etgan ilk futbolchi sifatida kirdi, ushbu hujumchi 85-daqiqada maydonga tushgan va bu vaqt ichida faqat ikki zarba bergandi.
«Osasuna» — «Real Sosedad» — 0:2 (Merino, 72. Yanuzay, 82, penalti).
Avvalgi haftalarda bo‘lgani kabi bu turda ham shanba kungi o‘yinlardan keyin liga yetakchisi bo‘lib olgan «Real» yakshanba kungi o‘yinlardan keyin bu maqomni San-Sebastyan jamoasiga qaytardi. Basklar birinchi bo‘limdagi golsiz durangdan keyin ham xotirjam edi. Birinchidan, «Osasuna» o‘z uyida ham, safar o‘yinlarida ham yaxshi o‘ynay olmayapti, ikkinchidan «Real Sosedad» — ayni vaqtda ikkinchi bo‘limlarda natijaga erishish borasida Yevropaning eng yaxshi jamoasi bo‘lib turibdi. Yakunda Merino va Yanuzay bu an'anani yana bir bor tasdiqladi: Imanola Alguasilya jamoasi la ligadagi 19 golidan 17tasini tanaffusdan keyin urgan.
«Betis» — «Sevilya» — 0:2 (Akunya, 50. Belerin, 81, avtogol).
Seviliya derbisi anchadan buyon hozirgi kabi turnir ahamiyatiga ega bo‘lmagandi, yakshanba kungi to‘qnashuv arafasida turnir jadvalida beshinchi o‘rinda turgan jamoa uchinchi o‘rindagi jamoani qabul qildi - bu jamoalar orasidagi farq uch ochkoni tashkil etayotgandi. Bu farqni yo‘qqa chiqarish uchun «Betis» 2018 yildan buyon ilk marta o‘z hamshaharlarini mag‘lub etishi talab etilardi.
Ammo birinchi bo‘lim oxirida Gvido Rodriges chetlatildi va amalda mezbonlarning g‘alaba uchun umidi so‘ndi, o‘yin hakami ushbu argentinalik futbolchiga ikkinchi sariq kartochkani ancha avvalroq ko‘rsatishi ham mumkin edi. Son jihatdan ustunlikni Akunya hisobdagi ustunlikka ko‘chirdi. Hujumga qo‘shilgan argentinalik himoyachi to‘pni yaqin «to‘qqizlik»ka joyladi. Bu kechaning omadsizi Bellerin bo‘ldi, uning birinchi bo‘limdagi goli ofsayd tufayli bekor qilingandi, o‘yin oxirlarida ushbu himoyachi o‘z jamoasi darvozasini ishg‘ol etib qo‘ydi. O‘z faoliyatidagi 21-derbida maydonga tushgan 40 yoshli Xoakin o‘yinni qutqarishga yordam bera olmadi - ikkinchi gol tufayli o‘yindagi intriga o‘ldi.
Germaniya: «Bavariya»ning yangi rekordi
«Bavariya» — «Frayburg» — 2:1 (Goretska, 33. Levandovski, 75 — Haberer, 90+3).
«Bavariya» joriy mavsumning asosiy isyonkorini sinovdan o‘tkazdi. Murabbiylik faoliyatini o‘tgan asrdayoq «Frayburg» yoshlar jamoasida boshlagan Kristian Shtrayh asosiy jamoada o‘n yil ishlab, yana bir kuchli tarkib yig‘di va bu jamoa endilikda kuchli uchlikdan mustahkam o‘rin egallagan. Myunxenga safargacha mavsumda biror o‘yinda mag‘lub bo‘lmagan frayburgliklar yetakchidan uch ochko ortda qolayotgandi.
Bu raqibni mag‘lub etish orqali «Bavariya» farqni olti ochkoga yetkazdi. Raqib favoritni mehnat qilishga majburlay oldi, o‘yin oxirida chempionlarning asablari dosh bermadi va hisob qisqardi. Levandovski bu o‘yinda ham gol urib, bavariyaliklarning yil boshidan buyon urgan gollari sonini 100taga yetkazib qo‘ydi. Bu yangi klub rekordi, turnir tarixidagi eng yaxshi natija esa 1977 yilda «Kyoln» tomonidan qayd etilgan. Lekin yil oxirigacha ancha bor va yana bir necha aniq zarbadan keyin bu rekord ham yangilanadi.
«Leypsig» — «Borussiya» D — 2:1 (Nkunku, 29. Poulsen, 68 — Roys, 52).
«Zalsburg»ning sobiq murabbiylari to‘qnashuvi Jyessi Marshning Marko Roze ustidan g‘alabasi bilan yakunlandi. Bu o‘yinda «Borussiya» futbolchilari amalga oshirgan yagona yorqin harakat — Menening raqib himoyasini yorib o‘tgan Roysga uzatmasi bo‘ldi, Marko bundesligada sariq-qoralar libosida 102-golini urdi va Dortmund jamoasining eng yaxshi to‘purarlari ro‘yxatida Stefan Shapyuiz bilan tenglashib oldi (to‘rtinchi ko‘rsatkich).
«Leypsig»da esa asosiy qahramon — Nkunku. Avvalgi mavsumlarda samaradorlik ko‘rsatmagan bu yarimhimoyachi joriy mavsumda 10 gol urishga ulgurdi. Bundan tashqari, ushbu fransuz hisob 1:1 ekanida yo‘llagan zarba darvoza ustuniga tegdi, keyinroq Poulsenga g‘alaba golini urishda assistentlik qildi. Bunga qadar to‘rt yil mobaynida «Borussiya»ni yenga olmagan «ho‘kizlar» bu safar o‘tgan turdagidan farqli ravishda himoyada tartibli harakat qilishdi, o‘tgan turda «Ayntraxt»ga qarshi o‘yinda qo‘shib berilgan 4-daqiqada gol o‘tkazib yuborilib, g‘alaba boy berilgandi.
Fransiya: Neymarning qayg‘uli yubileyi

«Bordo» — «PSJ» — 2:3 (Elis, 76. Nyang, 90+2 — Neymar, 26, 43. Mbappe, 63).
Parijliklar hamon jarohat sabab safdan chiqqan Messisiz o‘ynashmoqda, ammo Mbappe va Neymar o‘z joyida. Bu tandem birinchi o‘yindayoq ikki golni tashkillashtirishdi, ammo braziliyalik futbolchi o‘z muvaffaqiyatini nishonlashdan tiyildi. Birinchi goldan keyin u maxsus futbolkasini namoyish etdi - u golni shu kunlarda aviahalokatda vafot etgan braziliyalik qo‘shiqchi Mariliya Mendonsega bag‘ishladi.
Neymar joriy mavsumda «PSJ» safida o‘yindan gol urmayotgandi. Qolaversa, forvard o‘z professional faoliyatidagi 400- va 401-gollarni urdi. Uning 90ta aniq zarbasi Fransiyadagi faoliyatiga to‘g‘ri keladi, eng samarali davri esa — «Santos» safida qayd etilgan (136).
Angliyada hafta o‘yinlari (obzor bu yerda)
Dam olish kunlarida Angliya premer-ligasida o‘tkazilgan navbatdagi tur bahslarida «Chelsi» ochko yo‘qotdi, «MYu» «Siti»ga qarshi derbida hech narsa qilolmadi, «Liverpul» yutqazdi va navbatdagi g‘alabadan keyin beshinchi o‘ringa ko‘tarilgan «Arsenal»ni o‘ziga yaqinlashtirib oldi.
Kun statistikasi
- «Tondela» yarimhimoyachisi Joau Pedru Portugaliya chempionatida tanaffusga qadar uch marta penaltidan gol urib het-trik qayd etgan ilk futbolchi bo‘ldi.
- «Galatasaroy» «Fotih Qoragumruk»ni qatorasiga uch o‘yinda mag‘lub etolmadi. Bu Turkiya superligasida Fotih Terim shogirdlariga mag‘lub bo‘lmagan yagona jamoa bo‘lib qolmoqda.
- «Feyyenoord» futbolchisi Dessers qatorasiga to‘rt o‘yinda zaxiradan maydonga tushib gol urdi. Eredivizyada rotterdamliklar safida bunday samarali joker futbolchi 1998/99 yilgi mavsumdagi Igor Korneyevdan keyin bo‘lmagandi.
- «Parma» darvozasini qo‘riqlayotgan Buffon faoliyatida ilk bor birinchi bo‘limda 4 gol o‘tkazib yubordi.
- APLda 5 quruq o‘yin va mavsumda faqat to‘rtta gol o‘tkazib yuborish — «Arsenal» darvozaboni Ramsdeyl shunday fantastik start oldi.
- «Milan» safida 8 derbida qatnashgan Xoqon Chalxono‘g‘li faqat «Inter»ga o‘tgach derbilardagi ilk golini urdi.
- «Vest Hem» APLda o‘tgan mavsum boshidan buyon urilgan 85 golidan 23tasini standart vaziyatlar orqali kiritgan.
- «Arsenal» boshqaruvidagi 100 o‘yinda Mikel Arteta 54 g‘alabaga erishdi. Klub tarixida undan yaxshiroq start faqat Jorj Grem tomonidan qayd etilgan - dastlabki 100 o‘yinda 56 g‘alaba.
- La ligada «Espanol» hujumchisi Raul De Tomas qatorasiga 5 turda gol urdi.
- APLda «Manchester Siti» safardagi 8 derbi uchrashuvida g‘alaba qozonib, «Old Trafford»dagi eng xavfli mehmonga aylandi. Bu stadionda g‘olib chiqqan murabbiylar orasida 4 g‘alaba bilan Xosep Gvardiola yetakchi.
- 2021 yilda «Fiorentina»ning qizil kartochka olgan futbolchilari soni 8 nafarga yetdi. Top-5 chempionatlarda bu boradagi eng yomon ko‘rsatkich faqat «Lion»da, bu klub futbolchilarini hakamlar 10 marta maydondan haydashgan.
- «Manchester Yunayted» uy o‘yinlarida 14-bor darvozasi daxlsizligini saqlay olmayapti. «Qizil iblislar»da bundan yomonroq himoya faqat 1958-1959 yillarda bo‘lgan, o‘sha jamoa qatorasiga 21 uy uchrashuvida gol o‘tkazib yuborgandi.
- «Real» yarimhimoyachisi Kazemiro la ligada 200-o‘yinini o‘tkazdi.
Tavsiya etamiz
“O‘rgimchak to‘ri”: Ukraina qo‘lidagi kartalardan birini ochdi
Jahon | 21:12 / 04.06.2025
Dunyoda faqat bir mamlakat o‘zini oziq-ovqat bilan to‘liq ta’minlashi ma’lum bo‘ldi
Jahon | 18:47 / 04.06.2025
Islandiya sobiq prezidenti milliy bog‘ga gid bo‘lib ishga joylashdi
Jahon | 21:25 / 03.06.2025
Urushlar endi o‘zgacha: «O‘rgimchak to‘ri» operatsiyasi haqida
Jahon | 22:27 / 02.06.2025
So‘nggi yangiliklar
Mavzuga oid

12:26
Son ham, sifat ham yetarli. Legionerlar muhim o‘yinlarga qanday holatda yetib keldi?

10:44 / 26.05.2025
Hakamning xatosi «Aston Villa»ni, «Yuventus»ning penaltisi «Roma»ni YeChLsiz qoldirdi. Kun o‘yinlari

11:33 / 19.05.2025
«Roma» «Milan»ni yengdi va YeChL uchun kurashda qoldi, «Barsa» sovrin olgan kunida yutqazdi. Kun o‘yinlari

11:38 / 05.05.2025