O‘zbekiston | 13:51 / 16.04.2021
42511
23 daqiqa o‘qiladi

Oltin koni topganga qancha mukofot beriladi? – Geologiya qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Asror Rustamov bilan suhbat

Davlat geologiya va mineral resurslar qo‘mitasi Mineral xomashyo bazasini rivojlantirish va qayta ishlash boshqarmasi boshlig‘i Asror Rustamov Kun.uz muxbiri bilan suhbatda qazilma konlarining qanday topilishi, geologlarga beriladigan mukofot pullari, hozirda mavjud va foydalanilayotgan oltin konlari, shuningdek, geologiya sohasidagi yutuq va kamchiliklar haqida gapirib berdi.

Geologiya qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i Asror Rustamov

Qazilma boyliklar konlari qanday topiladi?

Avvalo, kon degan tushunchani yaxshi anglab olish kerak. Kon degani nima, har qanday ma'dan topilmasi ham kon bo‘lib ketaveradimi — yo‘q, albatta. Ma'dan tarqalgan tog‘ jinslarining o‘lchamlari (uzunligi, qalinligi, hajmi), undagi foydali qazilmaning (ya'ni metall yoki nometallarning) miqdori ularni sanoat miqyosida o‘zlashtirganda iqtisodiy samara bermasa, ma'dan tarqalgan maydonlar kon hisoblanmaydi va shunchaki oltin, mis yoki boshqa ma'danlar namoyoni sifati belgilab qo‘yiladi.

Geologik qidiruv ishlarining dastlabki bosqichlarida topilgan ma'danlar tarqalgan nuqtalar, kimyoviy oreollar yoki anomaliyalar kon darajasigacha yetishlari uchun ko‘pgina bosqichlardan o‘tadi, masalan, dastlab regional geofizik, geokimyoviy va geologik tasvirlash ishlari va ushbu ishlar natijasida topilgan ma'dan tarqalgan nuqtalar, oreollar yoki anomaliyalarda dastlabki maxsuslashgan izlash ishlari, keyin esa izlash, dastlabki baholash, mufassal baholash hamda razvedka (qidirish) bosqichlari amalga oshiriladi.

Har bir bosqich geologiya qidiruv ishlariga o‘tishning maqsadga muvofiqligi geologik-iqtisodiy hisob-kitoblar bajarish asosida amalga oshiriladi.

Geologlar dastlabki bosqich geologik qidiruv ishlari natijasida yoki o‘xshashligiga qarab geologik tuzilishi o‘xshash o‘rganilmagan maydonlarda tabiiy ma'dan manbalari (konlari) bo‘lishi mumkinligini taxmin qilgandan keyin buning ustida juda katta jamoa ish boshlaydi. Misol uchun, regional tasvirga tushirish davrida tog‘ jinsidan namuna olib tahlil uchun laboratoriyaga yuboriladi, olingan tahlil natijalari asosida kerakli geologik xaritalar tuziladi va xulosalar qilinib, hisobot geologik fondga topshiriladi.

Vaqti kelib keyingi bosqich ishlarini olib borishga mas'ul jamoa ushbu xaritalar va xulosalar asosida ajratilgan salohiyatli maydonlarni o‘rganish maqsadida yangi bosqich ishlariga loyiha ishlab chiqadi va loyihani bajarish uchun maxsus guruh yoki ekspeditsiya tashkil qilinadi.

Ma'danli tog‘ jinslarining qaysi tomonga qarab tarqalishi, qalinligi, uzunligi, chuqurligi va ma'dandagi foydali qazilmaning miqdori va boshqa xususiyatlari aniqlanadi va bularning har biri uchun ko‘p vaqt, moddiy resurslar va mablag‘lar (texnika, yoqilg‘i, maosh, soliq, elektroenergiya kabi) sarflanadi.

Bajarilgan izlanishlar natijasida olingan geologik namunalar ma'danning fizik va kimyoviy xususiyatlarini aniqlash uchun maxsus tahlil laboratoriyalariga yuboriladi. Tahlillar natijalariga asosan ma'dan tarqalgan maydon chegaralanib ma'danning asosiy ko‘rsatkichlari: hajmi, solishtirma og‘irligi, undagi yetakchi va yo‘ldosh metallarning o‘rtacha miqdori kabilar aniqlanib, ushbu chegaralangan ma'danli maydonda qancha foydali qazilma borligi hisoblanadi. Ya'ni bir santimetr kubdagi ma'danli tog‘ jinsi og‘irligi aniqlanib, ushbu ko‘rsatkich so‘ngra bir kub metr nisbatga keltirilib, ma'danning umumiy hajmi hisoblab chiqiladi.

Tasavvur qilaylik, ajratilgan ma'danli maydonning hajmi 1 million metr kub, undagi ma'danning solishtirma og‘irligi bir santimetr kubda 2,6 gramm, demak bir metr kubda 2,6 tonna, 1 million metr kubda esa 2,6 million tonna ma'dan bor. Aytaylik, shundan 1 tonna ma'danda 2 gramm oltin bo‘lsa, 2,6 million tonnada 5 200 000 gramm yoki 5,2 tonna oltin bor ekan. Bu hisob-kitoblar ham uning hali kon deb hisoblanishini anglatmaydi, chunki endi uni qazib olishga ketadigan barcha xarajatlar, jumladan, ishchi kuchi, ularning ishlashi va yashashlari uchun sharoitlar, qazib olish va qayta ishlash texnologiyalari xarajatlari, infratuzilmalar (yo‘llar, elektroenergiya va suv tarmoqlari), boringki barcha xarajatlar hisoblanishi kerak.

Xarajatlar va daromaddan qoladigan foyda kamida 10-20 foizdan ko‘p bo‘lsa, shundagina topilgan ma'dan namoyoni kon deyiladi va shundagina Davlat zaxiralar komissiyasiga konning hisoblangan zaxiralarini tasdiqlash uchun bajarilgan ishlar hisoboti topshiriladi.

Xo‘sh, mana shu jarayonlarga qancha vaqt ketadi? Birinchi marta geolog ma'danli namunani topganidan to zaxiralar komissiyasiga topshirilguncha eng kami 5-10 yil vaqt ketadi. Har bir bosqichga o‘rtacha 3-4 yil vaqt sarflanadi, ustiga-ustak shunday joylar borki, bor-yo‘g‘i 4-5 oygina ishlash imkoni mavjud. Shunaqa bo‘lajak konlardan Qurama tog‘laridagi Loshkerek ma'danli maydoni, G‘uzor tog‘laridagi Maydonsoy, Novasoy, Qorason, Shimoliy Nurota tog‘laridagi Ustuk, Davlatxo‘ja, Bayram, Chaqilqolyon tog‘laridagi Akba, Oqota, Xojadik kabi ma'danli maydonlar, ko‘mirga salohiyatli To‘da uchastkalarida konlar borligi ko‘rinib tursa ham, tabiiy ob-havo sharoitlari tufayli doimiy tarzda ish olib borish imkoniyati yo‘qligi uchun ularni o‘rganishga ko‘p vaqt ketadi.

Bir muddat avval aytilgan, 2020 yilda davlat balansiga olingan 133 tonnalik Chuqurquduq konini Davlat zaxiralar komissiyasida tasdiqlatguncha 40 yildan ko‘p vaqt ketdi. Chunki maydonda ma'dan borligi aniqlangandan so‘ng keyingi bosqich geologik qidiruv ishlari ancha vaqt keyin amalga oshirildi, bungacha boshqa Muruntov, Myutenbay, Besapantov kabi konlarni o‘rganish ishlari amalga oshirildi. 

— Kon topgan odamlarga mukofot beriladimi?

— Geologiya sohasida ham, qonunchilikda ko‘zda tutilgan tasodifan xazina topgan insonlarga beriladigan mukofotga o‘xshagan kabi, kon topgan va konni o‘rganishda faol ishtirok etgan geologlar va muhandis texnik xodimlarni mukofotlash tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Bu tizim Vazirlar Mahkamasining 2007 yilda ta'sis etilgan maxsus Nizomi asosida amalga oshiriladi. Mukofotlar uchun uchta manbadan: Davlat budjeti, Olmaliq va Navoiy KMKlari va “O‘zbekneftgaz” tomonidan mablag‘ ajratilishi belgilangan. Ushbu Nizomda qaysi turdagi qazilma konlarga, kimlarga, qanchadan, qanday hujjatlarga asosan va qaysi manbalar hisobidan mukofot berish mumkinligi aniq ko‘rsatib o‘tilgan.

Mukofot pulining miqdori topilgan kon zaxiralarining katta-kichikligi bilan bog‘langan bo‘lib, konlar tasdiqlangan zaxiralarining miqdoriga qarab guruhlarga bo‘lingan, har bir guruh uchun respublikada o‘rnatilgan oylik maoshning bazaviy hisoblash miqdoriga nisbatan mukofot summasi belgilangan. Masalan, birinchi guruhga kiradigan konlarga shunday talablar qo‘yiladi: oltin miqdori 50 tonnadan ortiq, neft konlarida neft miqdori 100 mln tonnadan ziyod, gaz konlarida gaz 100 mlrd kub metrdan ko‘p bo‘lishi kerak va shunda bazaviy hisoblash miqdorining 1800 baravari hajmida mukofot ajratiladi. 

Mukofot puli faqat O‘zbekiston fuqarolariga beriladi, agarda geolog fuqarolikdan chiqqan bo‘lsa unga mukofot berilmaydi.

Ushbu mablag‘ konni ochishda va o‘rganishda faol xizmat qilgan geolog, geofizik, geoximik, gidrogeolog, mineralog, texnologlar, muhandis-texnik xodimlar, tashkilotchilar va shu kabi kasb egalariga, buning ichida kon ochilishida xizmati katta bo‘lgan geologlarga hamda razvedka ishlarini bajarib yakuniy geologik hisobotni Davlat zaxiralar komissiyasiga topshirgan kishilarning har biriga mukofotning umumiy miqdorining 10 foizidan beriladi. Agar yuqoridagi kabi uzoq yillar davomida ochilgan konda xizmat qilgan inson vafot etgan bo‘lsa, uning avlodlariga mukofot pullari yetkaziladi.

O‘z tajribamdan bir holatni aytib beraman. Bir necha yil avval Samarqandda kon topshirildi va mukofotlar egalariga berilayotgandi, bu yerda xizmat qilgan va men shaxsan taniydigan bir geolog akamiz vafot etgandi. Shunda turmush o‘rtoqlarini topib telefon qildim va o‘sha mukofotni olib ketishini aytgandim, yanganing quvonchini esa tasvirlab bo‘lmasdi.

— Mukofotlar qachon beriladi?

— Davlat geologiya qo‘mitasining har yillik geologiya qidiruv dasturlari doirasida 1,3-1,5 mlrd so‘m atrofidagina budjetdan mablag‘lari ajratiladi. Bu mablag‘ni bir yilda qaysi bir ochilgan kon uchun beriladi, har yili katta konlardan tashqari kichik konlar, neft, gaz, ko‘mir, mis, volfram, qo‘rg‘oshin, rux va noruda konlar ko‘plab ochiladi. Shuning uchun ajratilgan mablag‘lar doirasida konlarning faqat foydalanishga topshirilayotganlariga beriladi.

Buning ichida ham juda chigalliklar talaygina. Kimdir bir yerda bir yoki ikki oy ishlab ketgan bo‘ladi, qachondir o‘sha joydagi kon uchun mukofot chiqqanini eshitib, u ham ariza yozib pul talab qiladi. Shu kabi holatlar uchun umumiy mukofot summasidan 10 foiz zaxira qoldiriladi.

Agar unikal juda katta zaxirali konlar aniqlanib qolsa, deylik oltin koni zaxirasi 500-600 tonnalik bo‘lganda, Nizomga ko‘ra hukumatga alohida taqdimot kiritiladi va maxsus mukofot ajratiladi. Bevosita geologiya sohasidagi 40 yillik tajribamda oxirgi 30-40 yil davomida qattiq qazilma boyliklar yo‘nalishida bunday holat qayd etilmadi.

— Bu mukofot geologni munosib rag‘batlantirish uchun yetarlimi?

— Aslida kon topgan jamoaga mukofot sifatida ajratiladigan mablag‘ katta emas. Tasavvur qiling, bir xum tilla topgan odamga uning ma'lum foizi mukofot sifatida beriladi, kon topganlarga esa aslida kondagi zaxiraning qiymatiga nisbatan qaralsa hech qancha pul tegmaydi. Misol uchun, 4-guruh konlar toifasiga kiradigan 10 tonna zaxirasi bor kon topilib sanoatda o‘zlashtirishga berilsa, unga ajratiladigan mukofot BHMning 500 baravari, ya'ni 123 million so‘mni tashkil etadi. Undan asosiy ishni bajargan kishilarga (konni birinchi ochgan va keyin razvedka qilib hisobotni Davlat zaxiralar komissiyasiga topshirgan mualliflarga), aytaylik 3 kishiga 10 foizdan mukofot tayinlanadi, ya'ni 12,3 million so‘mdan jami 36,9 million so‘m to‘lanadi. Qolgan summa (86,1 mln so‘m) ishtirokchilar necha kishiligiga, ularning ishlagan yillari miqdori va amalda qo‘shgan hissalariga qarab taqsimlanadi. Agar ular 30 kishi bo‘lsa, har biriga o‘rtacha 2,8 mln so‘mdan tushadi, 50 kishi bo‘lsa yanada kam bo‘ladi.

Ma'lumot sifatida, 10 tonna oltin 10 million gramm bo‘ladi, 1 gramm oltin hozirda 55-60 dollarga yaqin. Demak, yer bag‘ridagi topilgan oltinning qiymati 600 mln dollar yoki 6,3 trillion so‘m. Bundan qazib olish va ajratishga ketgan xarajatlar olib tashlansa sof foyda qoladi.

— O‘zingiz bevosita rahbar bo‘lib qancha kon ochgansiz?

Men faoliyatim davomida ilmiy ish bilan emas, ko‘proq dalada kon izlash, ya'ni amaliyotda ish olib borganman. 40 yildan oshiq faoliyatim davomida Markaziy Qizilqumdagi Amantaytov oltin konini Davlat zaxiralar komissiyasiga taqdim qildim, Saribotir, Shimoliy Dovgiztov, Sharqiy Davgiztov, Uzunbuloq oltin konlarni o‘rganish va ochilishida, Myutenbay konining chuqur gorizontlarini o‘rganish va zaxiralarini tasdiqlashda, Balpantov, Tomdibuloq, Aristantov, Chuqurquduq va boshqa konlar zaxiralarini o‘rganishda avtor va rahbar sifatida qatnashganman. Barchasini qo‘shib hisoblaganda shaxsan qatnashib Davlat zaxiralar komissiyasiga topshirilgan oltin konlarining zaxiralari bugungi kunda 1000 tonnadan oshadi.

— O‘zbekistonda geolog qadami yetmagan joy bormi?

Bunday hududlar juda kam, shulardan biri Orol dengizining qurigan havzasi, hali to‘liq o‘rganilmagan, endi kirib boryapmiz, u yerlardan gaz-neft va boshqa konlarni qidiramiz. Bundan tashqari, yuqori balandlikka ega tog‘li hududlarda hali mukammal geologik qidiruv ishlari bajarilmagan maydonlar mavjud, lekin 1:1 000 000 yoki 1:500 000 masshtabda geologik tasvirlash ishlari o‘tkazilgan va shunga ko‘ra respublikamiz hududining umumiy geologik xaritalari tuzilgan.

Geologiya shunday sohaki, buyurtmaga qarab u yoki bu turdagi konlar izlanadi, yangi konlar ochiladi. Davlat yoki boshqa buyurtmachi qaysi turdagi konlarini ochishga va o‘rganishga buyurtma bersa, shu yo‘nalishda geologiya qidiruv ishlari bajariladi. Bunga uzoq yillik katta dasturlardan tashqari, yaqin yillarga mo‘ljallangan ishlar ham kiradi. Uzoq va yaqin muddatli dasturlarni ishlab chiqishda dunyo bozorida metallar yoki mineral xomashyoga bo‘lgan talabgorlik holati ham hisobga olinadi. Masalan, 1995-2000 yillar atroflarida oltin narxi juda tushib ketgan edi, o‘shanda ma'lum bir konlar chet el kompaniyalariga foydalanishga berilgan. Yoki bugungi kunda oltin, mis, volfram kabi metallarning narxi dunyo bozorida ko‘tarilib bormoqda va bu hodisalar, albatta, davlatning geologiya siyosatiga ta'sir etadi.

— Geologda qanday xususiyatlar bo‘lishi kerak, geolog dunyoni qanday ko‘radi?

— Insonlar aslida optimistlar va pessimistlar toifalariga bo‘linadilar, geolog esa eng avvalo hayotda optimist bo‘lishi, yo‘qotmagan narsasini qidirib, albatta topishiga ishonishi kerak, keyin geolog uchun yana bir muhim xususiyat bu ona tabiatni, yer-u zaminni beqiyos sevish va bu yo‘nalishda romantik va sarguzashsevar odam bo‘lishi kerak deb bilaman. Chunki geolog kasbini tanlagan inson shahar va qishloqlarning qulayliklaridan kechib, tog‘-u tosh va cho‘l-u biyobonlarda ekspeditsiyalarda har turli og‘ir sharoitlarda ko‘p yillar yashashi va mehnat qilishiga to‘g‘ri keladi. Insonning bunday sharoitlarda ishlab hayot kechirishi uchun esa faqatgina oylik-maoshning yuqoriligi yetarli emas, bunda geolog uchun asosiy mezon ona vatan va xalq farovonligini oshirish yo‘lidagi fidokorlik ko‘rsatish hissi asosiydir.

Aslida, geologiya sohasi keng qamrovli yo‘nalish bo‘lib, barcha tabiiy va gumanitar fanlar bilan chambarchas bog‘langan, jumladan, matematika, fizika, kimyo, botanika, biologiya, geografiya, astronomiya, arxeologiya, tarix, falsafa, ehtimollar nazariyasi va boshqalar. Masalan, biz bilgan tarix va arxeologiya bu inson paydo bo‘lgandan keyingi davrnigina, ya'ni oxirgi 5-10 ming yillik tarixni o‘rganadi, geologiya fanining tarkibiy qismi bo‘lgan tarixiy geologiya va paleontologiya esa bir necha milliard yillik, Yerning paydo bo‘lishidan boshlab, unda yashagan hayvonot va o‘simliklar dunyosining murakkab rivojlanish tarixini o‘rganadi va undagi murakkab chigalliklarni yechishda geologlar barcha tabiiy va gumanitar fanlar imkoniyatlaridan foydalanishiga to‘g‘ri keladi. 

Demak, yetuk mutaxassis bo‘lish uchun geolog barcha gumanitar va tabiiy fanlarni yaxshi bilishi zarurdir, chunki sodda qilib aytganda, matematika va geometriyani bilmasa zaxirani hisoblay olmaydi, geografiya va astronomiyani bilmasa kometa bilan planetani farqiga bormaydi yoki tog‘-u toshda yo‘ldan adashadi, kimyoni bilmasa mineral nimalardan iboratligini tushunmaydi, botanika va zoologiyani bilmasa cho‘kindi jinslardagi hayvonot va o‘simlik qoldiqlarini tushunmaydi, arxeologiyani bilmasa tarixiy geologik yotqiziqlar bilan tarixiy obidalarning farqiga bormaydi yoki xazina bilan zaxirani farqlay olmaydi.

— Konlar zaxirasi tugasa qanday ish tutiladi, keyingi jarayon qanday bo‘ladi?

Aslini aytganda O‘zbekistonda zaxiralari o‘zlashtirib bo‘lingan konlar juda kam va bular bir necha neft va gaz konlari, tuz konlari va qurilish materiallari konlaridir. Undan tashqari, Navoiy viloyatidagi Uchquduq uran koni, Nurotadagi Langar volfram koni, Olmaliqdagi Qo‘rg‘oshinkon hamda Chodoqdagi bir necha kichik oltin konlari xolos.

Respublikada eng birinchi o‘zlashtirishi boshlangan kon Chodoqdagi oltin konlari hisoblanadi. U yerda 1951 yillarda qazib olish ishlari boshlangan bo‘lsa-da, keyinchalik Pirmirob, Guzaksoy kabi yangi uchastkalar topilib qazib olish ishlari davom etmoqda. Yurtimizda hozirgi kunda 100 ga yaqin katta va kichik oltin konlari mavjud bo‘lib, ulardan 29 ta o‘zlashtirilayotgan konlar ichida tugatilgan konning o‘zi yo‘q, chunki yondosh hududlardan yangi uchastkalar ochilib qazib olish ishlari davom etmoqda. Hatto 1980 yillarda o‘zlashtirish boshlangan Marjonbuloq konining ham zaxiralari tugaydi deb bo‘lmaydi, chunki konni karer orqali qazib olish imkoniyatlari tugasa, chuqur gorizontlaridagi zaxiralarni shaxta, uklon yoki boshqa usullar bilan qazib olish imkoniyatlari mavjud.

Agarda Muruntov konini o‘zlashtirish tarixiga nazar tashlasak, unda birinchi marotaba 1965-1966 yillarda atigi 150 tonna atrofida zaxira hisoblanib tasdiqlangan va 1967 yilda ularni qazib olish boshlangan, hozirgi vaqtgacha 2000 tonnaga yaqin oltin qazib olingan, lekin geologik o‘rganishlar natijasida bugungi kunda mavjud zaxiralari yana 100 yildan ko‘p vaqtga yetadi, xuddi shunday holat Qalmaqir mis koniga ham tegishli.

Aslida konlarning zaxiralari qazib olib tugatilgandan keyin tog‘-konchilik korxonalari atrof-muhitni ekologik himoya qilish talablariga to‘liq rioya qilib obodonlashtirish ishlarini amalga oshirishlari zarur.

— Nega konlar, ayniqsa oltin konlari haqida ko‘proq ma'lumot berilmaydi?

— Oldingi davrda oltin, kumush, uran, mis, neft, gaz konlari haqidagi ma'lumotlar davlat siri sifatida maxfiy ma'lumotlar ro‘yxatiga kiritilgan edi. Hozirda ham ushbu turdagi qazilma boyliklarning asosiy iqtisodiy, texnologik va miqdoriy ko‘rsatkichlari ushbu konlarda ishlayotgan korxonalarning tijorat siri hisoblanib, ular to‘g‘risidagi aniq ma'lumotlarni ochish korxonalarga raqib kompaniyalar tomonidan jiddiy zarar yetkazilishiga olib kelishi mumkin.

— Geologiya sohasidagi muammolarni nimalarda ko‘rasiz?

Oxirgi 4-5 yildan beri boshqa yo‘nalishlardagi kabi geologiya sohasida ham ilm-fanni rivojlantirishga katta e'tibor berilmoqda. Lekin 1986-1990 yillar va mustaqillik davrining dastlabki 15-20 yili davomida zamonaviy tahlil laboratoriyalarini tashkil etish uchun yangi uskunalar olish, olimlarni chet ellardagi ilmiy konferensiyalarga yoki institutlarga jo‘natish, tajriba almashish yoki olingan tahlil natijalarini tekshirib ko‘rish uchun nufuzli chet el laboratoriyalaridan foydalanish uchun ham yetarli mablag‘lar ajratishga imkoniyat yo‘q edi, foydalanib kelinayotgan ish uskunalarining ko‘pchiligi juda eskirgan va zamon talablariga javob bermay qolgan edi.

Texnik hamda iqtisodiy imkoniyat bo‘lmagandan keyin salohiyat ham pasayishi turgan gap. Vaholanki, H.Abdullayev, I.Hamroboyev, G‘.Mavlonov, Q.Abdullabekov, N.Hojiboyev, A.Akramxo‘jayev kabi olimlarimiz o‘z vaqtida dunyo tan olgan olimlar bo‘lishgan, ularning fikrlari bilan dunyo olimlari hisoblashishgan. Hozirda sohamizda faoliyat yuritayotgan 35-50 yosh o‘rtasidagi mutaxassislar ham, olimlar ham juda kam, chunki 1990 – 2010 yillar oralig‘ida e'tibor kamligi va imkoniyatlar bo‘lmaganidan keyin sohaga qiziqish pasayib ketdi. Geologiyaga qiziqadigan yoshlar kam bo‘ldi, qiziqqaniga ham sharoit yaratilmadi.

Albatta, ayb o‘zimizdan ham o‘tgan, vaqtida soha manfaatlarini himoya qila olmadik, kamchilik va yetishmovchiliklarimizni kerakli joylarda ko‘rsatib bera olmadik, sohaga bo‘lgan ishonchsizlik kayfiyatining oldini ola olmadik.

Lekin yaqin yillar davomida yurtboshimiz va hukumatimiz tomonidan bizga ishonch bildirilib, sohadagi texnika va uskunalarni yangilash uchun kerakli mablag‘lar ajratildi, bugungi kunda texnikalarning modernizatsiya qilish darajasi 56 foizga yetkazildi. Laboratoriyalarimizdagi jihozlar yangilandi, olim va tadqiqotchilarimizga keng sharoitlar yaratib berilmoqda.

Xabaringiz bor, Toshkentning Olimlar shaharchasida yangi Geologiya fanlari universiteti qurilishi yakunlanish arafasida turibdi. Universitetga 340 tadan ortiq talabalar o‘qishga qabul qilindi, universitet tarkibida geoinnovatsion markaz tuzilib u eng zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlanmoqda. Ushbu yangi o‘quv dargohidagi o‘qitish jarayoni oldingilardan tubdan farq qilib, bunda ilm va amaliyotni integratsiyalash usulida o‘qitish tartibi joriy qilinadi. Natijada zamonaviy texnika va texnologiyalarda ishlay oladigan yangi avlod mutaxassislarini hamda olimlarini tayyorlaymiz.

Bunda albatta hozirda geologiya va konchilik yo‘nalishi kuchli rivojlangan Xitoy, Avstraliya, Rossiya, AQSh, Kanada, Germaniya, Shvetsiya, Turkiya kabi davlatlarning tajribasi hamda ular amalda qo‘llaydigan asbob uskunalar va texnikalardan o‘zimizda foydalanishni yo‘lga qo‘yib, yuqori aniqlikda ishlaydigan zamonaviy tahlil va texnologik laboratoriyalarini tashkil qilamiz.

— Geolog sifatida sizni eng ko‘p tashvishga soladigan holat nima?

— Hozirgi vaqtda konlarni faol o‘zlashtirish jarayonini (chet el va mahalliy investorlar tomonidan) hisobga olgan holda zaxiralarni oqilona qayta ishlash texnologiyalarini qo‘llash kerak, deb hisoblayman. Atrof-muhitni ifloslanishdan saqlash, tabiatga katta zarar yetkazmaslik uchun yetarli chora-tadbirlar ko‘rish masalalari, undan tashqari, zaxiralarni o‘zlashtirishda kelajak avlodlarimiz manfaatlarini ham e'tiborga olishimiz zarur.

— Uzoq yillar geolog bo‘lib konlar ochgansiz, sohaga rahbarlik qilgansiz. Bugungi kunda O‘zbekistonda geologiya taraqqiy etishini nimalarda ko‘rasiz?

Geologiya sohasining rivojlanishi asosan bizning respublikamiz uchun an'anaviy bo‘lgan yo‘nalishlar (oltin, kumush, uran, mis, qo‘rg‘oshin, rux, volfram, ko‘mir, neft, gaz, yer osti suvlari, qurilish materiallari, mineral o‘g‘itlar) bilan bir qatorda yangi noan'anaviy yo‘nalishlarda (temir, vanadiy, titan, nikel, litiy, xrom, kobalt, niobiy, tantal, berilliy, qalay, alyuminiy, kamyob yer elementlari, grafit, uranning qora slanetslar bilan bog‘liq turlari, issiqqa chidamli mahsulot ishlab chiqarishga yaroqli xomashyo turlari, quyosh batareyalari ishlab chiqarish uchun zarur xomashyolar, tola va armaturalar ishlab chiqarishga yaroqli bazaltlar) geologiya qidiruv ishlarini kuchaytirishda deb hisoblayman.

Yigitali Mahmudov suhbatlashdi

Mavzuga oid