Jahon | 23:54 / 27.03.2021
43177
9 daqiqa o‘qiladi

«Qonli shanba»: Myanmada yana yuzdan oshiq odam o‘ldirildi, harbiylar Rossiyaga qo‘llab-quvvatlov uchun minnatdorchilik bildirdi

Huquq faollari ma'lumotlariga ko‘ra, shanba kuni Myanmadagi namoyishlarni bostirish chog‘ida yana kamida 100 kishi halok bo‘ldi. Ayrim ma'lumotlarga ko‘ra, qurbonlar soni 114 nafarni tashkil etgan. Bu ma'lumotlar 27 mart kunini mamlakatda generallar va harbiy davlat to‘ntarishiga qarshi chiqqan aholi vakillari o‘rtasidagi kurash davridagi eng qonli kunga aylantirdi.

Foto: Reuters

BMT inson huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi ma'lumotlariga ko‘ra, shanba kuni Myanmadagi namoyishlarni bostirish vaqtida 90dan ortiq kishi o‘ldirilgan.

Siyosiy mahbuslarga ko‘mak ko‘rsatish assotsiatsiyasi (AARR) ma'lumotiga ko‘ra, huquq muhofazasi faoliyati va monitoringi bilan shug‘ullanuvchi mahalliy tashkilot kamida 91 kishining o‘limini, shu jumladan, bolalar ham halok bo‘lganini tasdiqlagan.

Myanmar Now yangiliklar portali shanba kuni 114 kishi politsiyachilar qo‘lidan halok bo‘lgani haqida xabar tarqatdi. Xabarga ko‘ra, Myanmaning ikkinchi eng yirik shahri bo‘lmish Mandalayda kamida 29 kishi, shu jumladan, 13 yoshli bola o‘ldirilgan, mamlakat poytaxti Yangonda kamida 24 namoyishchi halok bo‘lgan.

Jurnalistlar va faollarning hisob-kitoblariga ko‘ra, 1 fevral kunidan buyon to‘qnashuvlarda kamida 440 namoyishchi o‘ldirilgan; 3 mingdan ortiq kishi hibsga olingan; politsiya doimiy ravishda ko‘chalarda yig‘ilganlarga o‘t ochib kelmoqda.

Bu vaqtda poytaxtda an'anaviy harbiy parad o‘tkazildi, bunday paradlarda odatda Myanmada faoliyat ko‘rsatuvchi xorijlik diplomatlar tashrif buyuradi. Ammo bu yilgi paradni Rossiyadan boshqa barcha davlatlarning vakillari boykot qilishdi.

AQSh, Britaniya va Yevropa ittifoqi zo‘ravonlikni qoralab kelmoqda. Bu davlatlar allaqachon harbiy xunta yetakchilariga qarshi sanksiyalar joriy etishgan.

«Kuch ishlatar tuzilmalar qurolsiz tinch aholiga o‘t ochib, o‘zlariga sharmandalik libosini kiyishdi», degan Buyuk Britaniyaning Myanmadagi elchisi Den Chagg.

Nishonga olib otish
Juma kuni kechqurun Myanmadagi davlat televideniyesi odamlarni namoyishlarga chiqmaslikka chaqirdi: «Qo‘rqinchli fojialar va odamlarning halokatidan keyin siz tushunishingiz kerakki, sizni orqangizdan yoki boshingizdan otishlari mumkin», deyilgan xabarda.

Rasmiylar xavfsizlik kuchlariga namoyishchilarni nishonga olib otish bo‘yicha ko‘rsatma berilgani haqida ochiq aytishmaydi. Avvalroq harbiylar namoyishlar vaqtida halok bo‘lganlar olomon orasidan turib o‘qqa tutilgani haqida aytishgan, shu bilan birga, bunga hech qanday asos keltirishmagandi.

Bu 27 mart kuni nishonlanadigan Myanma qurolli kuchlari kuni bayrami vaqtida ommaviy namoyishlarga yo‘l qo‘yilmasligi haqidagi qat'iy ogohlantirish ham edi. Bu parad 1945 yilda yaponlar bosqinchiligiga qarshi general Aung San boshchiligida ko‘tarilgan qurolli isyon xotirasiga bag‘ishlangan. U demokratik hukumat yetakchisi, hozirda bir necha jinoyatlarda gumonlanib qamoqda saqlanayotgan Aung San Suu Kining otasi bo‘lgan.

Hukumat harbiylar tomonidan egallab olinishiga javoban AQSh, Buyuk Britaniya va Yevropa ittifoqi harbiylarga qarshi sanksiyalar e'lon qilgan.

«Haqiqiy do‘st»
Avvalgi yillarda Myanma qurolli kuchlari kunidagi harbiy paradlarda ko‘plab xorijiy davlatlar diplomatlari va harbiylari ishtirok etib kelishardi. Ammo davlat to‘ntarishidan keyin mamlakat xalqaro izolyatsiyada qoldi, bu safargi paraddagi yagona xorijiy davlat vakili Rossiya mudofaa vazirining xalqaro hamkorlik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Aleksandr Fomin bo‘ldi.

Myanma armiyasi bosh qo‘mondoni, to‘ntarishdan keyin hokimiyat tepasiga kelgan Min Aung Hlaing Rossiyaga hamkorlik uchun minnatdorchilik bildirdi. «Biz rossiyalik harbiylarning ishtirokini yuksak qadrlaymiz. Rossiya hukumati va Rossiya armiyasining barcha vakillari - garchi katta masofadagi uzoqlikda bo‘lsak-da, bizning haqiqiy do‘stlarimizdir», degan Hlaing.

«Interfaks» Rossiya mudofaa vazirligidagi manbasiga asoslanib xabar berishicha, Hlaing bilan muzokaralar chog‘ida Fomin Myanma Rossiyaning Janubiy-Sharqiy Osiyo va Osiyo-Tinchokeani mintaqasidagi ishonchli ittifoqchisi hamda strategik hamkori ekanini qayd etib o‘tgan.

«Siz, hurmatli katta general, o‘tgan yili Ulug‘ vatan urushidagi g‘alabaning 75 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan yubiley paradda ishtirok etgandingiz. Bu tashrif bizning javobimiz. Bu voqealar bizning xalqlarimizni gitlerchilar fashizmi va yapon militarizmiga qarshi birlashtirgandi», degan Fomin.

Hlaing Fominni medal bilan taqdirlamoqda

Stokgolm tinchlik muammolari tadqiqot instituti ma'lumotlariga ko‘ra, 2014 yildan 2019 yilgacha bo‘lgan vaqt davomida Myanma harbiylari sotib olgan qurollarning kamida 16 foizi Rossiya hissasiga to‘g‘ri kelgan.

Myanmada Rossiya yetkazib beradigan zirhli texnikalar va aviatexnikalarga xizmat ko‘rsatuvchi texnik markaz faoliyat olib boradi. Rossiya mudofaa vazirligi ma'lumotlariga ko‘ra, Moskva Myanmaga 30ta MiG-29 rusumli samolyot, 12ta Yak-130 rusumli o‘quv-jangovar samolyoti, 6ta Su-30SM, 10ta Mi-24 va Mi-35P tipidagi vertolyotlar, 8ta «Pechora-2M» zenit-raketa kompleksi, shuningdek, radiolokatsion stansiyalar, zirhli tanklar va artilleriya tizimlari yetkazib bergan.

Myanma muxolifati namoyishlar qonga botirilayotgan mahalda o‘tkazilgan paradda Rossiya ishtirok etishini keskin qoralagan. «Justice for Myanmar» («Myanma uchun adolat») harakati vakili Yadanar Maun Reuters agentligiga shunday degan: «Rossiya xalqqa qarshi olib borilayotgan terrorga yordam ko‘rsatmoqda. Rossiyalik amaldorlar Myanmaga kelib, noqonuniy harbiy xuntani tan olayotgani juda jirkanchli», degan Maun.

Mamlakatda nimalar bo‘lmoqda
Shanba kuni Min Aung Hlaing mamlakat aholisiga televizion murojaat orqali yuzlandi va Myanmada yangi saylovlar o‘tkazilishini va'da qildi, shu bilan birga, aniq muddat ma'lum qilinmadi.

Mandalaydagi to‘qnashuvlar

«Armiya demokratiyani ta'minlash uchun xalq bilan jipslashmoqchi. Barqarorlik va xavfsizlikka tahdid solayotgan zo‘ravonlik harakatlarini ilgari surilayotgan talablar bilan oqlab bo‘lmaydi», degan Hlaing. U Aung San Suu Ki va uning boshqaruvidagi «Demokratiya uchun milliy liga» partiyasining «noqonuniy harakatlari» tufayli harbiylar hokimiyatni qo‘lga olishga majbur bo‘lganini qo‘shimcha qilgan.

Bu vaqtda, harbiylarning ogohlantirishlariga qaramay, shanba kuni ham Myanmaning qator shaharlarida norozilik aksiyalari davom etdi. Ammo ko‘chalarga har qachongidan ko‘proq politsiya xodimlari chiqarilgandi va ular chiqishlarni kuch bilan bostirishdi.

Shanba kungi qurbonlarning aniq sonini aytib bo‘lmaydi, ammo turli baholarga ko‘ra shu kuni ko‘chalarda o‘ldirilgan namoyishchilar soni kamida 100 nafarni tashkil qilmoqda. Myanmar Now ma'lumotiga ko‘ra, kun davomida 114 kishi o‘ldirilgan. The Irrawaddy sayti 28 tumanda jami 59 kishi, shu jumladan, uch nafar bola halok bo‘lgani haqida yozgan.

Mamlakatning eng yirik shahri Yangonda shafqatsiz to‘qnashuvlar bo‘lib o‘tgan, shahar tashqarisidagi hududda joylashgan politsiya uchastkasi oldida kamida to‘rt kishi o‘ldirilgan. Namoyishchilar mamlakatning ikkinchi yirik shahri Mandalayda ham ko‘chalarga chiqishgan. Ular «Demokratiya uchun milliy liga» partiyasi bayroqlarini ko‘tarishgan va bir-biriga Myanmadagi demokratik kuchlar tarafdori ekanini anglatuvchi uch barmoqni ko‘rsatish orqali imo-ishora qilishgan.

Mahalliy jurnalistlardan biri «Frans press» agentligiga xabar berishicha, politsiya mamlakat shimoli-sharqida joylashgan Lashio shahridagi namoyishchilarga jangovar o‘qlar uzgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan kadrlarda ko‘rish mumkinki, politsiya namoyishchilarni tarqatish uchun ko‘zdan yosh sizdiruvchi gazlar ham qo‘llagan.

Davlat to‘ntarishi
O‘tgan yil noyabrida o‘tkazilgan parlament saylovlarida Aung San Suu Ki boshchiligidagi «Demokratiya uchun milliy liga» partiyasi katta ustunlik bilan g‘alaba qozongandi.

Myanma qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni general Hlaing boshchiligidagi harbiylar esa 1 fevral kuni saylangan parlamentning ilk yig‘ilishi o‘tkazilishiga to‘sqinlik qilishdi va hokimiyatni o‘z qo‘llariga olishganini e'lon qilishdi. Ular noyabr oyidagi saylovlar natijalari soxtalashtirilganini aytishdi, ammo bu ayblovga hech qanday dalil keltirishmadi. Xalqaro mustaqil kuzatuvchilar saylovlar halol o‘tgan deb topishgan.

Ayni vaqtda Aung San Suu Ki qayerdaligi ma'lum emas. U bilan birga Myanma prezidenti Vin Min va «Demokratiya uchun milliy liga» partiyasining barcha yetakchilari hibsga olingan.

Mavzuga oid