Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Myanmadagi isyon: politsiya namoyishchilarga rezina o‘qlar va ko‘zdan yosh sizdiruvchi gaz qo‘llashga o‘tdi
Myanma poytaxti Neypido shahri politsiyasi 1 fevral kungi davlat to‘ntarishidan keyin hokimiyatga kelgan harbiylardan mamlakatga demokratik boshqaruvni qaytarishni talab qilib ko‘chalarga chiqqan ko‘p mingli namoyishchilarga rezina o‘qlar otishni boshladi.

Shuningdek, ko‘zdan yosh sizdiruvchi gaz va vodomyotlar qo‘llangan.
Xorijiy muxbirlarning voqea joyidan xabar qilishicha, politsiya bilan to‘qnashuvlardan keyin bir necha kishi tan jarohti olib, shifoxonaga yotqizilgan.
Yangi hukumatning taqiqlariga qaramay, Neypido va Myanmaning boshqa yirik shaharlari - Yangon va Mandalayda qatorasiga to‘rtinchi kundirki norozilik namoyishlari davom etmoqda.
Voqealar qanday rivoj topdi?
Dushanba tongida Neypido politsiyasi ilk bor namoyishchilarga qarshi suv to‘plarini ishga solgandi.
Shu kuni kechqurun 1 fevral voqealaridan keyin o‘zini davlatning yangi rahbari deb e'lon qilgan qurolli kuchlar bosh qo‘mondoni Min Aung Hlain davlat telekanali efirida chiqish qilib, hech kim qonundan ustun turmasligini aytgan, shu bilan birga, to‘g‘ridan to‘g‘ri tahdid qilishdan tiyilgandi. Undan keyin ekranda paydo bo‘lgan boshlovchi esa «qonunbuzarlarga nisbatan tegishli choralar ko‘rilishi kerakligi»ni aytgandi.
Seshanba kuni tongida Neypidoda politsiya yana suv purkagichlarni ishga soldi. Ammo olomon chekinmadi va «Yo‘qolsin diktatura!» deya hayqirdi. Shunda politsiyachilar, Reuters agentligi xabariga ko‘ra, havoga bir necha o‘q uzishgan, keyin olomonga qarata rezinali o‘qlar otilgan.
Mahalliy aholi vakillaridan biri «Frans press» muxbiriga ikki bor ogohlantirish o‘qlari uzilganini aytib o‘tgan.
Poytaxtdagi gospital xodimi, o‘z shaxsi sir saqlanishi sharti bilan BBC Birma xizmati muxbiriga uning oldiga ikki kishini olib kelishgani, ulardan biri boshidan, ikkinchisi ko‘kragidan jarohat olgani haqida aytib bergan. Ular qanday holatda jarohatlanishgani noma'lum qolgan.
Boshqa bir vrach Reuters agentligiga ko‘rinishidan rezina o‘qdan jabrlangan uch kishiga tibbiy yordam ko‘rsatganini aytib o‘tgan.
Shuningdek, ayrim politsiyachilar namoyishchilar tomoniga o‘tgani haqida tasdiqlanmagan xabarlar kelmoqda. Bunday xabarlarda, ayrim joylarda politsiyachilar namoyishchilarga qarshilik ko‘rsatmay, yo‘llarda o‘rnatilgan to‘siqlardan emin-erkin o‘tishiga sharoit yaratib berayotgani aytilgan.
BBC’ning Janubiy-Sharqiy Osiyo bo‘yicha korrespondenti Jonatan Hed politsiya kundan kunga qat'iyroq harakat qilayotgani, ammo hozircha o‘limvor qurollar ishlatmagani haqida qayd etib o‘tgan.
Harbiy diktaturaga qarshi 1988 va 2007 yillarda o‘tkazilgan shu kabi namoyishlar ko‘plab odamlarning halok bo‘lishiga olib kelgandi.
O‘n minglab o‘qituvchilar, shifokorlar va boshqa davlat xizmatchilari har kuni ko‘chalarga chiqib, hokimiyatni demokratik saylangan parlamentga berishni hamda prezident Vin Min, «Demokratiya uchun milliy liga» partiyasi yetakchisi Aung San Suu Ki va boshqa ko‘plab siyosatchilarni ozod qilishni talab qilishmoqda.
O‘tgan yil noyabrida bo‘lib o‘tgan parlament saylovlarida «Milliy liga» 80 foizdan ortiq ovoz olib, g‘alaba qozongan. Harbiylar biror dalil keltirmasdan bu saylov natijalari soxtalashtirilganini da'vo qilishgan. 1 fevral kuni ular askarlarni poytaxt ko‘chalariga olib kelib, yangi parlamentning ilk yig‘ilishi o‘tkazilishiga yo‘l qo‘ymasdan, davlatning amaldagi rahbarlarini uy qamog‘iga tashlashdi va mamlakatda bir yilga favqulodda holat rejini joriy etishdi, bundan tashqari, yirik shaharlarda tungi komendantlik soati amal qilmoqda.
Dushanba kungi televizion chiqish generala Hlain uchun davlat to‘ntarishi amalga oshirilgan kundan buyon birinchisi bo‘ldi. U yana bir bora o‘z harakatlarini saylovlar vaqtidagi «ommaviy soxtakorlik»ka javob sifatida oqladi va bu safar ham bu aybloviga birorta fakt keltirmadi.
U muayyan kunni aytmasdan, yangi tuzilgan markaziy saylov komissiyasi tomonidan yangi saylovlar o‘tkazilishini, armiya bu saylov g‘olibiga hukumatni topshirishini va'da qilgan.
U shuningdek, hozirgi harbiy boshqaruv Myanmada 1962-2011 yillarda hukm surgan harbiy diktaturadan farq qilishini, mamlakatda «gullab-yashnayotgan intizomli demokratiya» tuzilayotganini aytib o‘tgan. Bu ibora ijtimoiy tarmoqlarda kulgiga sabab bo‘lgan.
Seshanba kuni Yangi Zelandiya bosh vaziri Jasinda Ardern Myanmaning harbiy amaldorlari bilan aloqalar uzilgani va ularga Yangi Zelandiya hududiga kirish taqiqlanganini ma'lum qildi.
Ardern uning mamlakati 2018-2021 yillarda Myanmaga jami 30,5 million dollar miqdorida moliyaviy yordam ko‘rsatganini ta'kidlab o‘tgan.
Bu xalqaro jahon hamjamiyati tomonidan harbiy rejimni izolyatsiyalashga qaratilgan ilk amaliy qadam bo‘ldi.
Myanma yoki Birma?
Myanma - Janubiy-Sharqiy Osiyodagi 54 million aholiga ega davlat bo‘lib, Tailand, Laos, Bangladesh, Xitoy va Hindiston bilan chegaradosh. Aholisining katta qismi birma tilida so‘zlashadi va buddizmga e'tiqod qiladi.
Mamlakat 1948 yilda Buyuk Britaniya mustamlakasidan ozod bo‘lgan va 49 yil davomida mahalliy harbiylar tomonidan boshqarilgan.
1989 yilda ular mamlakat nomini Birmadan Myanmaga o‘zgartirishgan. Qator davlatlar, shu jumladan Birlashgan Qirollik harbiy rejimni tan olmaslik belgisi sifatida davlatni avvalgi nomi bilan atashda davom etgan, ammo «Myanma» nomidan vaqt o‘tgan sayin ko‘pchilik foydalana boshlagan. 2016 yilda mamlakatning amaldagi rahbari Aung San Suu Ki ikki nom ham teng kuchga egaligini e'lon qilgan.
Mustamlakachilarga qarshi kurash davri qahramoni bo‘lgan generalning qizi Aun San Suu Ki 30 yildan ortiq vaqt davomida mamlakatda demokratiya o‘rnatilishi uchun kurashdi. U hozirda 75 yoshda.
U jami 15 yilni qamoqda o‘tkazadi. 1991 yilda unga tinchlik yo‘nalishida Nobel mukofoti topshiriladi.
2011 yilda harbiylar xalqaro hamjamiyat bosimi ostida bosqichma-bosqich demokratiyaga o‘tish jarayoni haqida e'lon qilishadi, ammo ular parlamentdagi o‘rinlarning 25 foizini o‘zlari uchun kafolatlab qo‘yishadi, shuningdek, kuch ishlatar tuzilmalar ustidan nazoratni saqlab qolishadi.
Shundan keyin o‘tkazilgan saylovlarda Aung San Suu Kining partiyasi g‘alaba qozonib kelmoqda.
Harbiylar oldindan konstitutsiyaga davlat rahbari lavozimini qarindoshlari orasida xorijiy davlat fuqarolari bo‘lgan shaxslar egallay olmasligi xususida band kiritib qo‘yishgani tufayli u prezident bo‘la olmaydi (Aung San Suu Kining Birlashgan Qirollik fuqarosi bilan turmushidan ikki farzandi bor). Ammo u o‘zi uchun davlat maslahatchisi lavozimini tuzib olib, amalda mamlakatning asosiy rahbariga aylanadi.
2017 yilda mamlakat shimolidagi Rakhayn shtatida yashovchi bengal tilida so‘zlashuvchi rohingyalarga mansub bo‘lgan ayirmachilar mahalliy politsiya mahkamasiga hujum uyushtirgach, Birma armiyasi ushbu xalqqa qarshi qatag‘on boshlaydi. Natijada 700 mingdan ortiq rohingyalar qo‘shni Bangladeshga qochib o‘tishadi.
Shundan so‘ng Aung San Suu Kining xalqaro maydonda demokrat va inson huquqlari uchun kurashchi sifatidagi obro‘si keskin tushib ketadi, ammo u mamlakat ichidagi nufuzini saqlab qoladi.
Hozirda Aung San Suu Ki va prezident Vin Min ikki hafta muddatga uy qamog‘iga tashlangan. Davlat maslahatchisiga nisbatan mamlakatga noqonuniy ravishda 7ta ratsiya olib kirish bo‘yicha ayblov e'lon qilingan, prezident esa o‘tgan yilgi saylovlar arafasida mamlakat bo‘ylab safar qilib, karantin cheklovlarini buzishda ayblanmoqda.
OAV ushbu ayblovlar kulgili bo‘lishiga qaramasdan, bu ayblovlar bo‘yicha chiqariladigan qarorlar kelgusida ularni saylov orqali davlat lavozimini egallash huquqidan mahrum qilishi mumkinligiga urg‘u qaratmoqda.
Davlat to‘ntarishi YeI, Britaniya va Avstraliya hukumatlari tomonidan qoralangan. AQSh prezidenti Jo Bayden harbiy rejimga sanksiyalar bilan tahdid qilgan.
Ammo Xitoy o‘tgan haftada BMT Xavfsizlik kengashida harbiy isyonni qoralash ko‘zda tutilgan rezolyutsiyani blokladi, mintaqadagi qo‘shni davlatlar - Kamboja, Tailand va Filippin esa davlat to‘ntarishini Myanmaning ichki ishi deb baholashdi.
Tavsiya etamiz
O‘zbekiston fuqarolari uchun Kanada, Argentina va Avstraliya vizasini olish osonlashishi mumkin
O‘zbekiston | 19:46 / 07.07.2025
Fermerlar yana sinov qarshisida: moratoriylar nima bo‘ladi?
O‘zbekiston | 16:39 / 07.07.2025
2025 yilgi iyun ekstremal quruq oy bo‘ldi – O‘zgidromet
O‘zbekiston | 15:03 / 07.07.2025
O‘zbekiston BRIKSning hamkor davlatiga aylandi
O‘zbekiston | 11:41 / 07.07.2025
So‘nggi yangiliklar
-
Gurjistonda Euronews Georgia asoschisi Ramishvili qo‘lga olindi
Jahon | 08:44
-
Malayziya O‘zbekistonda "halol" oziq-ovqat sanoatini rivojlantiradi
O‘zbekiston | 08:28
-
Niderlandiya va Norvegiya Polsha osmonida patrullik qiladi
Jahon | 08:14
-
Badiiy akademiya xodimlari uchun oylik rag‘batlantirish ustamasi belgilandi
O‘zbekiston | 08:10
Mavzuga oid

21:24 / 25.04.2025
Myanmada zilzila haqida noto‘g‘ri prognozlar tarqatgan tiktoker hibsga olindi

20:02 / 18.04.2025
Tailand Myanmada qullikdan ozod etilgan 7 ming kishini vataniga yubordi

15:18 / 13.04.2025
Myanmada odam savdosi qurboni bo‘lgan ikki o‘zbekistonlik vatanga qaytarildi

10:23 / 03.04.2025