Turk–Xitoy ekstraditsiya kelishuvi. Turkiyadagi uyg‘urlar o‘z erkidan xavotirda
Pekin va Anqara o‘rtasida o‘zaro xayrixohlik mustahkamlanayotgani bilan parallel ravishda Turkiyada uyg‘urlarning terrorizmda gumonlanib hibsga olinishi holatlari ko‘paydi.

Istanbul. 2020 yil 1 oktyabr / Foto: Reuters
O‘n yillar davomida Turkiya uyg‘urlar uchun diniy va siyosiy qatag‘onlardan asosiy boshpana bo‘lib kelgan. Ammo so‘nggi vaqtlarda uyg‘urlarning Turkiyada hibsga olinishi ko‘paygani, Pekin bilan diplomatik aloqalarning yaqinlashuvi va ekstraditsiya kelishuvi tuzilayotgani ortidan, uyg‘urlar bu mamlakat ortiq ular uchun boshpana bo‘la olmasligidan xavotirda, deb yozadi The Wall Street Journal.
Uyg‘urlarning Turkiyada terrorizm bilan ayblangan holda hibsga olinishi bir necha yillardan beri kuzatilayotgan bo‘lsa-da, oxirgi oylarda bunday holatlar ko‘paygan. O‘xshash voqealardan oxirgisi 18 yanvar kuni ro‘y berdi: Istanbul politsiyasi aksilterror operatsiya doirasida uch nafar uyg‘urni qo‘lga olgan.
«Hozir xavotirdamiz. Kechalari xotirjam uxlay olmayapmiz. Ilk bor kelganimizda Turkiya bizni quchoq ochib kutib olgandi. Hozir esa turmush o‘rtog‘imni yana Xitoyga deportatsiya qilishlari mumkinligidan hadikdaman», deydi qo‘lga olinganlardan biri – Abdulla Metseydining rafiqasi Melike.
24 yoshli Melike Xitoydan Turkiyaga 2014 yilda, o‘z e'tiqodini saqlab qolish maqsadida kelgan. Melikening aytishicha, u eri bilan Xitoyning Istanbuldagi konsulligi oldida namoyishda ishtirok etgan. Eri esa uch yil avval Suriyada bo‘lib turgan ukasi bilan muloqot qilgan, bu – terrorizmda ayblanish uchun dalil sifatida foydalanilishi mumkin.
Melikening aytishicha, ofitserlardan biri erini Xitoyga qarshi harakatlar olib borganlikda ayblagan. Abdulla hozirda deportatsiya markazida saqlanmoqda.
Ichki ishlar vazirligi holat bo‘yicha so‘rovlarga izoh bermay kelmoqda.

«Kasbga o‘qitish markazlari»
Turkiyada yashayotgan uyg‘urlarning aksariyati Xitoyning shu millat vakillari istiqomat qiluvchi Shinjon viloyatida olib borayotgan qatag‘on siyosatidan qochib kelishgan.
So‘nggi yillarda Shinjonda Xitoy hukumati musulmon ozchiligini doimiy ta'qib qilish maqsadida yuqori texnologiyali kuzatuv va lagerlar tizimini yo‘lga qo‘ygan.
Rasmiy Pekin dastlab Shinjonda internatsiya qilinganlar uchun lagerlar borligini inkor qilib kelgan. Keyin esa ularni radikallashuv va kambag‘allashuvga qarshi kurash uchun «kasbiy o‘qitish markazlari» deya izohlashga o‘tdi.
Ammo Turkiyada istiqomat qiluvchi minglab uyg‘urlar bu izohni «safsata» deb atab, Shinjondagi lagerlarda zo‘ravonlikka uchragan, vafot etgan qarindoshlari haqida gapirib bera boshlashdi.
Xitoy o‘z harakatlarini «terroristlar va diniy ekstremistlarga qarshi kurash» bahonasi bilan oqlab kelmoqda.
Turkiyadagi uyg‘urlar Xitoyning bu yerdagi elchixonasi va konsulligi oldida namoyishlar ham qilishdi. Istanbuldagi konsullik oldida bo‘lib o‘tgan namoyish dekabr va yanvar oylarida ikki haftadan ortiqroq davom etdi, uning ishtirokchilari kundan kunga ortib bordi.

Agar ekstraditsiya to‘g‘risidagi kelishuv kuchga kirsa, Xitoy Turkiyadagi uyg‘urlarning ovozini o‘chirib qo‘yishi, istalgan jinoyat uchun bu siyosiy opponentlarning ekstraditsiya qilinishini talab qilishi mumkin.
Uyg‘urlar ham Turkiyaga Pekinning ta'siri ortib borishi bilan yana Xitoyga deportatsiya bo‘lishlaridan xavfsirashmoqda.
Turkiya–Xitoy munosabatlari
Turkiya o‘zi uchun maqbul investor va kreditor hisoblangan Xitoy bilan munosabatlarni mustahkamlash tarafdori ekani sir emas.
Mamlakat iqtisodiyotida inflatsiya va xorijiy valutadagi qarz muammo bo‘lib turibdi. 2018 yilda, turk lirasi AQSh sanksiyalari va boshqa sabablarga ko‘ra qadrsizlanayotgan chog‘da Xitoy Sanoat-tijorat banki 3,6 mlrd dollar qiymatidagi krediti bilan Turkiyaning joniga oro kirgan edi.

Foto: Murat Cetinmuhurdar / Anadolu Agency / Getty Images
Yevropa va Osiyo oralig‘ida joylashgani holda Turkiya Xitoyning trillion dollarlik loyihasi – «Bir makon, bir yo‘l» tashabbusi orqali savdo imkoniyatlariga ega bo‘lishdan ham umidvor.
Infratuzilmani kengaytirishni ko‘zda tutuvchi bu loyiha Istanbuldan Xitoyning shimoli-g‘arbidagi Sion provinsiyasigacha transmilliy temiryo‘l yotqizishni ham nazarda tutadi.
Bundan tashqari, COVID-19'ga qarshi g‘arb vaksinasi bir nechta boyroq davlatlardan ortmayotgan bir paytda, Turkiya Xitoyning Sinovac ishlab chiqaruvchisi 50 mln dozada vaksina yetkazib berishiga ishonmoqda.
Xitoy bilan ekstraditsiya kelishuvini Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an 2019 yilda imzolagan. Kelishuv kuchga kirishi uchun uni Turkiya parlamenti ma'qullashi lozim. Bu masala yaqin vaqtlar ichida parlamentda ovozga qo‘yilishi kutilmoqda.
«Biz uyg‘urlardan siyosiy maqsadlarda foydalanmaymiz»
Ekstraditsiya to‘g‘risidagi bitim kuchga kirishi ehtimoli uyg‘urlarning siyosiy boshpana borasidagi xavotirlarini kuchaytirdi.

Foto: ADEM ALTAN/AFP via Getty Images.
Tarix va madaniyatdagi umumiylik bois, Turkiyada ko‘pchilik uyg‘urlarga etnik turklar oilasining bir bo‘lagi sifatida qaraydi. Turk hukmron doiralari ekstraditsiya kelishuvi «ziyonsiz uyg‘urlar» ekstraditsiyasi yo‘lida foydalanilmasligini bir necha marta ta'kidlagan. «Biz uyg‘urlardan siyosiy maqsadlarda foydalanmaymiz. Ularning inson huquqlarini himoya qilamiz», – degan edi Turkiya tashqi ishlar vaziri Mavlud Chovusho‘g‘li dekabr oyida mavzuga oid savolga javoban.
Ammo shunga qaramay, mamlakatda uyg‘urlarning terrorizm ayblovi bilan deportatsiya qilinish holatlari oshib bormoqda. Advokatlar bu holatlar shaffoflikdan yiroq tarzda kechayotganini ta'kidlashmoqda. Bu esa turk hukmron doiralarining ishontirishga bo‘lgan harakatlariga shubha uyg‘otadi.
Izolyatorlarda bir yilgacha qolib ketish mumkin
2017 yilda Istanbuldagi tungi klubga terroristik hujum bo‘lgandi. Bu hujumni O‘zbekiston fuqarosi uyushtirgani oydinlashgan. Shundan so‘ng aksilterror reydlar chog‘ida turli xorijliklarning politsiya tomonidan ta'qibga olinishi kuchaydi. «Ammo ular orasida uyg‘urlar soni boshqa millat vakillariga nisbatan noproporsional tarzda juda ko‘p», deydi istanbullik advokat Halim Yilmaz.
«Deportatsiya punktida uchta uyg‘ur mijozim saqlanib, keyin ozod qilinsa, ularning ketidan yana uch nafar uyg‘ur mijozim o‘sha yerda paydo bo‘lishini yaxshi bilaman», – deydi Yilmaz. Uning 30ga yaqin uyg‘ur mijozi terrorizmda ayblanib qo‘lga olingan.
Turkiyada terrorizmda gumonlangan boshqa xorijliklar singari uyg‘urlar ham ish ko‘rib chiqilgunga qadar deportatsiya punktlariga yuboriladi. O‘tgan yili 20dan ziyod uyg‘ur millatidagi mijozga advokatlik qilgan Mehmet Otakanning aytishicha, saqlab turilganlarning ko‘pchiligi dalillar yo‘qligi bois qo‘yib yuboriladi. Ammo tarkibida bolalardan tortib qariyalargacha bo‘lgan bu gumondorlarning izolyatorlarda saqlanishi bir yilgacha cho‘zilib ketishi mumkin.
Deportatsiya izolyatorlariga tushgan xorijliklar, ular oqlansalar-da, Turkiyada yashash huquqidan mahrum bo‘lishi mumkin va keyinchalik turk fuqaroligini olish uchun ariza bera olishmaydi. «Mamlakatda yashashga qayta ruxsat olish uchun esa bir yildan ortiqroq ovora bo‘lishga to‘g‘ri kelishi mumkin», deydi advokat Ilyas Dogan.
Doganning so‘zlariga ko‘ra, oxirgi to‘rt oyda hibsga olingan va deportatsiya qilingan uyg‘urlar soni keskin oshgan. O‘tgan yarim yilda 100dan ziyod uyg‘ur qo‘lga olingan.
Advokatlarning ta'kidlashicha, terrorizmda gumonlanuvchilar aynan konkret jinoyatlarda ayblanishga oid hech qanday tafsilotlarsiz hibsga olinmoqda. «O‘tgan yili uyg‘ur mijozlarimdan biri terrorizmda hech qanday rasmiy ayblov qo‘yilmagan bo‘lsa-da, deportatsiya qilindi», deydi yana bir advokat.
Mavzuga oid

20:52 / 15.05.2025
Shavkat Mirziyoyev Turkiya vitse-prezidenti bilan uchrashdi

02:31 / 15.05.2025
Putin Ukraina bilan muzokaralarda ishtirok etadigan delegatsiya tarkibini tasdiqladi

23:40 / 14.05.2025
Zelenskiy: Ukraina muzokaralarning har qanday formatiga tayyor

17:14 / 14.05.2025