O‘zbekiston | 19:49 / 04.02.2021
11321
22 daqiqa o‘qiladi

Adabiy tarsaki: Adabiy tanqidchi Jovli Xushboq she'rga yuzaki yondashayotgan shoirlarni sanadi

Hatto O‘zbekiston xalq shoiri yuksak unvoniga sazovor bo‘lganlar ham badiiy jihatdan nihoyatda bo‘sh, ritorikadan iborat g‘arib misralarni she'r, deya kitobxonga taqdim etishdan uyalmayaptilar, deydi adabiyotshunos Jovli Xushboq.

Jovli Xushboq

Adabiyotshunos Kun.uz'ga taqdim etgan maqolasida o‘z fikrlarini o‘nlab shoirlar va ularning ijodi misolida sanab o‘tgan. Quyida maqolaning birinchi qismi bilan tanishishingiz mumkin.

Oxirgi vaqtlarda faqat siyosat, iqtisodiyot emas, ma'naviyat sohasida ham ziyolilar va ma'rifat kishilarini xursand qiladigan bir qator ishlar amalga oshirilganligidan har qancha mamnun bo‘lsak arziydi.

O‘zbekistonda minglab ijodkorlar (ko‘plari uyushmaga a'zo emas) – shoirlar, yozuvchilar, dramaturglar, adabiyotshunoslar va tarjimonlar ham ancha faollashib qoldi. Ilgarigi sukunat o‘rnini qaynoq ijodiy mehnat egallagani quvonarlidir.

Men e'tiboringizni boshqa bir mavzuga – haqiqiy san'at asari bilan soxta, qo‘lbola she'rlar o‘rtasidagi farq yo‘qolib borayotganligi, makulatura shaklidagi qalbaki kitoblar adabiyot muxlislarining saviyasini tushirib yuborayotganligi, bu esa haqli ravishda xalqimizning e'tiroz va noroziligiga sabab bo‘layotganligi haqida so‘z yuritmoqchiman.

She'r – non kabi aziz va ilohiy ne'mat. Alisher Navoiy, Usmon Nosir, Cho‘lpon, G‘afur G‘ulom, Oybek, Hamid Olimjon, Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, Rauf Parfi, Usmon Azim, Muhammad Yusuf, Sirojiddin Sayyid, Iqbol Mirzo yaratgan nodir durdonalar xalqimizning ma'naviy mulkiga aylangan.

Afsuski, bugungi kunda ayrim taniqli va yosh shoirlar ijodida she'rga yuzaki yondashish, odamlarning xohish va istagini mensimaslik, san'atdan yiroq satrlarni  she'r deb atash urf bo‘lib qolganligi nihoyatda tashvishlanarlidir. Hatto O‘zbekiston xalq shoiri yuksak unvoniga sazovor bo‘lganlar ham badiiy jihatdan nihoyatda bo‘sh, ritorikadan iborat g‘arib misralarni she'r, deya kitobxonga taqdim etishdan uyalmayaptilar.

 E'tirozlar umumiy so‘zlardan iborat bo‘lib qolmasligi uchun o‘nlab “she'r”ni e'tiboringizga havola etishni ma'qul ko‘rdim.

Kel-yey, tenglik kuni, qutlug‘ adolat oni,navro‘zim!

Adolatli diyorimning aziz mehmoni, Navro‘zim!

Sochib kel qir-adirlarga boychechak, lolaqizg‘aldoq,

Yashillik istagan yerning o‘zing bo‘l joni, Navro‘zim!

 

Taqib olsin tovon o‘pgan sochiga tolpopuklarni

Qoshi o‘sma suvin ichgan elim jononi, Navro‘zim!

Sumalak sayri boshlansin shahar-qishloq aro yoppa,

Ki birday qaynasin to‘q oshiyon qozoni, Navro‘zim!

                                 Bahodir Iso (“Ozod vatan saodati” to‘plami, 299-bet )

Hammaga ma'lum gaplar-ku. Qani asarda sir, sehr?

O‘zbekiston xalq shoirasi Enaxon Siddiqova esa quyidagi “she'r”ni  millionlab o‘quvchilarga taqdim etganligiga hayron bo‘ldim.

Alloma, oriflar qal'asi o‘zbek,

Go‘zal Sharqning gavhar donasi o‘zbek.

Jahon uzra ketgan dovruq, ovozi,

Erk-u ozodlikning na'rasi o‘zbek.

 

Bobolari   dunyolarni uyg‘otgan,

Tulporlari Boychibor-u G‘irotdan,

Maydonlar-da o‘n to‘rt botmon yoy tortgan,

Alpomish, Shiroqlar onasi o‘zbek.

 (“Sharq yulduzi” jurnalidan).

Enaxon Siddiqova yana bir asarida O‘zbekistonni haroratsiz satrlar bilan madh etishdan nariga o‘tmagan:

Manglayimiz yarqiratgan

erkdir bugun,

O‘zbekiston dunyolarga

ko‘rkdir bugun,

Bu ko‘ngillar ozodlikka

mulkdir bu kun.

Saodatdan sochar yog‘du

O‘zbekiston,

Abadiyat qadar mangu

O‘zbekiston.

Sarbonining ibodati

adolatdur,

Eliga bor joni nisor,

himoyatdur,

Yo‘li iqbol, yo‘li nuri

hidoyatdur.

Shu yurt uchun fido jonim,

jonim qurbon,

Dunyo ichra tengsiz jannat

O‘zbekiston.

 (“Kitob dunyosi” gazetasidan).

Nega Hamid Olimjon, Abdulla Oripov, Muhammad Yusuf yoki boshqa iste'dodli shoirlarning Vatan mavzusidagi she'rlarini o‘qisangiz qalbingiz larzaga keladi? Hamma ham Abdulla Oripov bo‘lavermaydi-ku, deyishingiz mumkin. Ammo asarda badiiylik talabi barchaga bir xil emasmi?

Haqiqiy she'r – aslini olganda olov. Uni mutolaa qilganda yuragingizda cho‘g‘ hosil bo‘lmaydimi? Iste'dod nuri bilan yaratilgan asar qalbingizga yorug‘lik olib kirmaydimi?      

Yana bir O‘zbekiston xalq shoiri, hatto O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining she'riyat kengashi raisi Mahmud Toir ham oddiy, ehtirossiz va ramzlarsiz so‘zlardan iborat satrlarni she'r, deya gazetxonlarni ochiqdan ochiq laqillatish, aldash yo‘liga o‘tib olganligi insofdanmi?

El ozod, yurt obod,ulug‘ imkon bu,

Olam havas qilgan -O‘zbekiston bu,

Tinching-saodating,oqil sorbon bu,

Kim edigu endi kim bo‘ldik, elim!

 

Tili bor, yo‘li bor bir millat bo‘ldik,

Hech kimdan kam emas,zo‘r qudrat bo‘ldik,

Ozod Vatan bo‘ldik,hur davlat bo‘ldik,

Dunyo chamanida gul bo‘ldik, elim,

Xalq bo‘ldik, yurt bo‘ldik,el bo‘ldik, elim!

Eng tashvishlanarlisi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi muovini G‘ayrat Majidning asari  aslida she'r emas. Uni hatto maktab o‘quvchisi ham yoza oladi:

Xalq dardini tinglasang,

Haq ham bo‘lgay rizolar,

Mard bo‘l mudom, halol bo‘l,

degan Hazrat bobolar,

Qay qalbda darj etilsa

adlu insof imlolar,

Qo‘lni ber, deyar mardi

maydon berar xalqdir bu.

Dam g‘animat, bog‘ qilgin,

chaman o‘stir, yurtdoshim,

Yuragingda Boychibor-

saman o‘stir, yurtdoshim,

Jon joningda pok iymon-

Vatan o‘stir, yurtdoshim,

Farzandiga baxt-iqbol-

davron berar xalqdir bu.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining badiiy tarjima va adabiy aloqalar bo‘limi boshlig‘i Rustam Musurmon tizgan quyidagi satrlar nahotki badiiy pishiq she'r bo‘lsa?

Ona-bola bilan Vatan bog‘ bo‘lgay,

Ona sog‘lom bo‘lsa, bola sog‘ bo‘lgay.

Ona va bolasi sog‘lom Vatanning

Boshi osmon bo‘lgay, ko‘ksi tog‘ bo‘lgay.

 

Bu dunyoda, azizim,onam deya yashaymiz,

Kelajagim, umidim-bolam deya yashaymiz,

Gullab-yashnagan bo‘ston, olam deya yashaymiz,

Onam deya yashaymiz, bolam deya yashaymiz.

Ana shunaqa tumtaroq satrlar she'r muxlislarining badiiy asarlardan ixlosini qaytarayotir. Bunaqa hissiz misralar tizish nahotki she'rxon qalbiga cho‘g‘ baxsh etsa, uni hayajonga solsa?

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi muovini Botirjon Ergashev esa quyidagi qoralamalarni tap tortmasdan she'r deyishdan, uni kitobxonlarga taqdim etishdan or qilmagan.

Hilpiratar doim Hurlik shabbodasi,

Ranglari ham jannatlarga teng, chiroyli.

Bu so‘zlarim g‘ururimning ifodasi-

Bizning bayroq yer yuzida eng chiroyli.

 

Porlar dengiz mavjlarining xayoliday,

Ko‘kka uchar-osmon uning kamoliday.

Hilpiraydi mangulikning shamoliday,

Bizning bayroq yer yuzida eng chiroyli.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining Surxondaryo viloyat bo‘limi rahbari Mengnor Ollamurodning kitobidagi bu “asar”ning chin she'riyatga daxli bormi?

Tarixingda tomirlaringdur,

Navoiy-yu Boburlaringdur-

Nuri noyob nodirlaringdur...

Jon jahonim O‘zbekistonim.

Shon shahonim O‘zbekistonim.

 

Men suyaman Chinorlaringni,

Ko‘ksingdagi Tumorlaringni,

Mangu buyuk bedorlaringni...

Sharor jonim O‘zbekistonim,

Sha'nu shonim O‘zbekistonim.

Shoir O‘zbekistonni sevishini ta'kidlashining o‘zigina kifoya qilmaydi. Gap boshqalar aytolmagan fikrni ayta olishida. Ijodkorning ijodkorligi ana shunda namoyon bo‘ladi.Buning uchun shoirda dard, qaynoq ilhom bo‘lishi zarur.U o‘zini azoblayotgan iztiroblarini to‘kib solishi lozim.Toki bu dard she'rxonga ham yuqsin.

O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi raisi yordamchisi Jo‘rabek Jahon hali she'r nima ekanligi haqida tasavvurga ega emas. Aks holda quyidagilarni asar deya bizni aldamagan bo‘lur edi.

Ajoyib o‘lka bu, ta'rif beqiyos,

Jannatmonand diyor desa bo‘ladi.

Har ikki bolangning biri Erniyoz,

Birisining ismi Musa bo‘ladi.

 

Suyukli ellarni sinagay Olloh,

Sevikli bandasin yo‘llar sabrga.

Birga erishgaymiz hushyor va ogoh,

Nurli manzillarga yetgaymiz birga.

Badiiy jihatdan nihoyatda bo‘sh asarlar yozishning hadisini olgan Jo‘rabek Jahon boshqa bir “she'r”ida quruq ta'rif-tavsifdan nariga o‘tmagan.

                                               Temurbekka berib yalov,

                                               Dunyoga ko‘z tikkan yurt.

                                               Ulug‘larga doya bo‘lgan,

                                               Buyuklarni tuqqan yurt.

                                       Tuprog‘ini tavof etgil,

                                               Gardlarini ko‘zga surt.

                                               O‘zbekiston ota makon,

                                               O‘zbekiston bobo yurt.

Bu satrlarning haqiqiy she'riyatga qanday daxli bor? She'r-san'at asari bunday yengil-yelpi yo‘llar bilan yaratilmasligini oddiy o‘quvchi ham yaxshi biladi-ku! Ilhom bulog‘i qaynamasa, iste'dod bo‘lmasa qo‘lga qalam olishning nima zarurati bor ekan? She'r boshqa, havas boshqa emasmi?

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining Navoiy viloyat bo‘limi rahbari Bahriddin Sadriddinov hali badiiy jihatdan bo‘sh asarni millionlab she'r muxlislariga taqdim etishdan uyalmagan.

Ulg‘aydimki men bag‘ringda,

Otam-onam bo‘lding, Vatan.

Gar sig‘insam saharingdan

Mening Ka'bam bo‘lding, Vatan.

 

Ko‘hna tarix bilgunicha,

Ming yil shoning to‘lgunicha,

Istiqlolim kelgunicha,

Dilda nolam bo‘lding, Vatan.

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining mas'ul kotibi Muhiddin Abdusamad ham negadir bo‘sh she'rlar “yasash” musobaqasida Jo‘rabek Jahon kabi oldingi o‘rinlarni hech kimga bergisi kelmayotir.

Vatan eskirmaydi, Vatan o‘lmaydi,

Vatan deb shunchaki aytib bo‘lmaydi.

Soxta shuhrat uchun, soxta shon chun,

Jonni fido qilgum, deya ont ichib.

Otasin, onasin, o‘zini aldab,

Yurtin dardlariga bo‘lmasdan dalda

Yurgan ul-dili ko‘r, ko‘zi ko‘rlardan,

Yurtim, o‘zing asra vatanxo‘rlardan.

O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Baxtiyor Genjamurod tizgan bu satrlar madhiyabozlikdan boshqa narsa emas.

Ozodlik gashtining viqori senda,

Istiqlol me'morin minori senda,

Sohibqiron bobom shiori senda,

Yurtim kuch-qudrati, adolati-sen.

 

Bugunim, ertamning baxtin tiklagan,

Dunyoda tinchlikning taxtin tiklagan,

Buyuk kelajakning vaqtin tiklagan,

Shonu-shavkatimning dalolati-sen.

O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasining Andijon viloyati bo‘limi rahbari Xurshidaning quyidagi asarini bir o‘qib ko‘ring.

Bog‘i behishtdin husn olgan ajib bo‘stondir,

Serviqor manzillarga odimlagan karvondur.

Mirza Bobur izlarin asrab qadim tuprog‘ida

Baxtu iqbol qasrining bunyodidin komrondur.

 

Nodira nazmiy navosin sehridin sarmast esa,

Koinot yulduzlari ichra yorug‘ Cho‘lpondur.

Zebi-zar tuprog‘iga jonbaxsh mehr sarchashmasi

Dildagi iymondir- ko‘nguldagi paymondur.

Xurshida oddiy, tashbehsiz, hech kimni hayajonga solmaydigan so‘zlardan “she'r” yaratishni xush ko‘radi.

Xalqim, tegrangga boq, har yon musaffo,

Osmon musaffodir-zamon musaffo.

Musaffodir dillar-vijdon musaffo.

Ne baxt, tomirda qon-tug‘yon musaffo!

Ajdodlarim ruhi shodon, musaffo!

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi “Saodat” jurnali bosh muharriri Munavvara yozgan asar ham o‘rtamiyonadan past. Turog‘i joyida, qofiyasi ham bo‘ladi, ammo ruhingizga oziq bermaydi.

Topganini bolasiga tutar el bu,

Tunni tongga ulab, yo‘lin kutar el bu.

Oshar yillar, asrlarning dovonidan,

Beshigida bolalari omon bo‘lsa.

 

Ezgu tilak to‘la dilga qo‘nmagay gard,

Tuprog‘idan nihol ungay, o‘smagay dard,

Nihollari baland bo‘lgay minoridan,

Beshigida bolalari omon bo‘lsa.

“O‘zbekiston adabiyoti va san'ati” gazetasi bosh muharriri Salim Ashur xom-xatala, ritorik she'r yozsam ham gazetxonlar o‘qiyveradi, deb o‘ylaydi.

Istiqlol, har oning o‘tsin omonda,

Seni qurshagan bu davron-bog‘ erur.

Tarix aytadiki, har ne zamonda

Jasorat ham asli yuksak tog‘ erur.

 

Ne-ne taloto‘plar kechgan qasrda-

Dunyoda adolat quyosh yonlikdir.

Yigirma birinchi-notinch asrda

G‘alaba bog‘i –bu qahramonlikdir.

 

Turfa yulduzlarga to‘lar kahkashon,

Karvonlar o‘tadi kechmishlar olib.

Ajdodlardan meros buyuk shavkat, shon,

O‘zbek, O‘zbekiston har kuni g‘olib.

 

 Xalqim yurishlarda muzaffar bo‘lgan,

Har qadam-yangicha bunyodkorlikdir.

Eng buyuk cho‘qqilar muyassar bo‘lgan,

G‘alaba-yurtimga mangu yorliqdir.

Mashhur shoir Mashrab dilda darding bo‘lmasa, sardaftarimni kavlama, deb behudaga aytmaganlar.Hazrat ijodkor hech qanday yangi gapi, o‘quvchiga aytmasa turolmaydigan muhim fikri bo‘lmasa qo‘lga qalam olmaslik kerak, demoqdalar. Lekin bugungi “shoir”lar bu nasihatga nechog‘lik amal qilishyapti?

She'riyat muxlislarini unutib qo‘ygan Salim Ashur negadir she'r-ilohiy ilhom, iste'dod mevasi ekanligini ham hisobga olmaydi yoki o‘quvchilar nima yozsam o‘qishga majbur, deb o‘ylaydi. Aks holda quyidagidek tumtaroq so‘zlardan iborat, inson ruhiyatiga ta'sir qilmaydigan, obrazlilikdan xoli satrlarni ham she'r, deb o‘ylamagan bo‘lur edi.

Bir millatni bir Vatanga jamlagan

Ona tilim.

Farzand uchun cho‘ng tarixlar g‘amlagan

Ona tilim.

Tandirlarga onam yopgan issiq non-

Ona tilim.

Tuproqlarga tashlamayman hech zamon

Ona tilim.

Har o‘zbekka oru nomus bo‘lding sen,

Ona tilim.

O‘zgalarga qiyomat do‘st bo‘lding sen,

Ona tilim.

She'r sizni hayajonga solmaydigan so‘zlar tizmasidan iborat.

Yana eng tashvishlanarlisi “O‘zbekiston adabiyoti va san'ati”gazetasining birinchi sahifasida e'lon qilingan. Yana eng qizig‘i, bu she'rni maktab o‘quvchisi emas, O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasi a'zosi Salim Ashur yozgan...

“Xalq so‘zi” gazetasi bosh muharriri, shoir O‘tkir Rahmat esa she'rga aloqasi yo‘q satrlarni o‘qigan adabiyot muxlislarining qimmatli vaqtini yelga sovurgan.

O‘g‘il-qiz, opayu singillar xandon,

Piru badavlatdir otayu ona.

Porloq saodatga limmo-lim osmon,

Xotirjam bu kunlar qilgan to‘yona.

 

Bu bizning Vatandir, misli bo‘z bola,

Omonlik- dasturxon yozgan mahaldir.

Har tong xushxabardir qirmizi lola,

Umrimiz mazmunin bitgan zarhaldir.

O‘tkir Rahmat yana bir she'rida quyidagilarni yozgan.

Vatan-sen ko‘zimsan, borsanki-yorug‘,

Ham otash qalbimsan-dargohi yurak.

Sen nurli –istiqlol, buyuk va ulug‘,

Vatan sen-onamsan

Hammadan yuksak...

Xayolim o‘zingsan -niyat o‘zingsan,

Umidim o‘zingsan- baxtim- Vatanim

Agar sen bo‘lmasang menga ne hayot,

Ming parcha -parchadir

Bu jon ,bu tanim...

Qizig‘i shundaki, yuqoridagi kabi o‘rtamiyona, o‘quvchiga ma'naviy oziq bermaydigan, uni hayratlantirmaydigan she'rlarning ayrimlarini “Sharq yulduzi” jurnali bosib chiqarganligiga hayratlandim.Aslida-ku hayron qolmasam ham bo‘ladi. Jurnalning she'riyat bo‘limi mudiri, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, shoir Ikrom Otamurodning o‘zi ham yuqoridagi singari badiiy saviyasi past she'rlar yozishni qoyillatadi:

Yurganda, turganda,

Birga bo‘lganda,

Bir manzil,

bir yo‘ldan borayotgan dam,

Birga davra qurib,

davron kulganda,

Bir-birin sira bilmaskan odam.

Respublika televideniyesi mas'ul xodimi, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi, shoir Orif To‘xtashning quyida tizgan satrlari hatto o‘rtamiyona she'r deyishga arzirmikin?

“Vatanning har xizmatiga tayyor tur, bolam,

Mard va jasur yurt o‘g‘loni bo‘l!” deydi onam.

Tuprog‘ingni ko‘zlariga surarkan otam,

Sen buyuksan, muqaddassan,ey, Ona-Vatan!

 

Eng navqiron yoshga to‘ldi ozod, hurliging,

Yana qadding rostlab berdi mard,mag‘rurliging,

Farzandlaring ko‘zlarida baxt,masrurliging,

Sen buyuksan, muqaddassan, ey, Ona-Vatan! 

Jovli Xushboq,
adabiy tanqidchi

Mavzuga oid