Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Davlat boshqaruv tizimida xususiy sektor bilan hamkorlik kengaymoqda. Bu nima beradi?
Jamiyatdagi munosabatlarga va jarayonlarga davlatning aralashuvi me'yorda va maqbul darajada bo‘lishi – zamon talabi. Jamiyat imkon qadar o‘zini o‘zi boshqarishi va tartibga solishi ham davlatni, ham jamiyatning o‘zini rivojlantiradi. Davlatdan sharoit yaratish va kafolatlar berish talab qilinadi, xolos.
Bugungi kunda davlatning iqtisodiyotdagi ishtiroki darajasini kamaytirish, tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish va bozorda raqobat muhitini shakllantirish mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarning eng muhim yo‘nalishlardan biri hisoblanadi.

Nima ehtiyoj bor edi?
Davlat boshqaruvi tizimining samaradorligini tahlil va monitoring qilish Adliya vazirligi zimmasiga yuklatilgan nisbatan yangi vazifa hisoblanadi. Mazkur vazifa doirasida keyingi ikki yilda vazirlik tomonidan 77 ta idora faoliyati o‘rganildi va tahlil qilindi. Natijasi bo‘yicha 17 ta loyiha, 187 ta taklif ishlab chiqildi.
Shuni qayd etish kerakki, pandemiya barcha davlatlar oldiga davlat boshqaruvini yanada takomillashtirish, maqbullashtirish, samaradorligini oshirish bo‘yicha yangi yondashuvlarni ishlab chiqish, ayrim sohalarda ishtirokini tanqidiy ko‘rish masalasini dolzarb masala sifatida qo‘ymoqda.
Bunda davlatning ayrim funksiyalarini xususiy sektorga o‘tkazish boshqaruv samaradorligini oshirishda istiqbolli yo‘nalish sifatida e'tirof etilmoqda. Shuni tan olish kerakki, ushbu sohada mamlakatimizda yechimini kutayotgan bir qator muammolar mavjud edi. Ularning sirasiga iqtisodiyot tarmoqlarida davlat funksiyalarini amalga oshirishda xususiy sektorning ishtiroki pastligi, davlat funksiyalarini xususiy sektorga o‘tkazishning aniq tartibi hamda zarur talab va shartlari belgilanmagani va davlat organlarini saqlash xarajatlari yuqoriligini kiritish mumkin.
Xorijiy tajriba
Xorijiy tajriba shuni ko‘rsatmoqdaki, davlatning iqtisodiyotdagi ishtiroki darajasini kamaytirishning eng asosiy va samarali yo‘llaridan biri, bu davlat funksiyalarini bosqichma-bosqich xususiy sektor sub'yektlariga o‘tkazishdir.
Jahon miqyosida iqtisodiyoti rivojlangan davlatlar, ya'ni AQSh, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya, Germaniya va Singapur – davlat funksiyalari xususiy sektorga o‘tkazish darajasi yuqori mamlakatlar qatoriga kiradi.
Ushbu mamlakatlarda ko‘plab davlat funksiyalari xususiy sektorga o‘tkazilganligi natijasida ularning yalpi ichki mahsuloti ko‘rsatkichi oshishiga ham olib kelmoqda. Bunda tadbirkorlikning yangi yo‘nalishlari yaratilishi orqali xususiy sektor tomonidan yangi ish o‘rinlari barpo etilmoqda va budjetga soliqlardan tushum ortmoqda. Misol uchun, AQSh iqtisodiyotida yalpi ichki mahsulotning 72 foizi xususiy sektor ulushiga to‘g‘ri keladi.
Qaror bilan nimalar o‘zgarmoqda?
Kuni kecha qabul qilingan “Davlat tomonidan tartibga solinadigan sohalarga xususiy sektorni jalb etish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaror bu yo‘nalishdagi fundamental akt bo‘ldi.
Qabul qilingan qarorda davlat funksiyalarini xususiy sektorga o‘tkazish tizimini shakllantirish bo‘yicha bir qator muhim qoidalar, xususan, “Davlat funksiyalari – biznes uchun imkoniyat” loyihasini amalga oshirish nazarda tutildi. Ular to‘g‘risida umumlashtirgan holda quyidagilarni ko‘rsatish mumkin:
Birinchidan, davlat funksiyalarini xususiy sektorga o‘tkazishning kompleks mexanizmi joriy etilmoqda. U quyidagi 5 ta bosqichdan iborat: (1) xususiy sektorga o‘tkaziladigan funksiyalarni har yili tanlab olish; (2) xususiy sektor tayyorligini tahlil qilish; (3) normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqish; (4) o‘tkazilgan funksiyalar bo‘yicha monitoring olib borish; (5) davlat idoralarining shtat birliklarini maqbullashtirish.
Bunda:
davlat funksiyalari autsorsing, kraudsorsing, davlat ijtimoiy buyurtmasi, akkreditatsiya, sertifikatlashtirish va boshqa usullar orqali bosqichma-bosqich xususiy sektorga o‘tkaziladi;
yetarli miqdorda xususiy sektor sub'yektlari tashkil etilguniga qadar tegishli davlat funksiyalari davlat idoralari, muassasalari va tashkilotlari tomonidan ham amalga oshirilishi davom etadi;
davlat funksiyalari va ular bo‘yicha takliflarni e'lon qilish hamda muhokamadan o‘tkazish uchun elektron maydoncha ishga tushiriladi;
davlat funksiyalarining yagona reyestri shakllantiriladi.
Ikkinchidan, davlat boshqaruvi sohasiga xususiy sektorni jalb qilishning dastlabki 6 ta yo‘nalishlari tasdiqlandi. Ular quyidagilar:
1) kadastr ishlarini bajarish sohasida – 2021 yil 1 martdan 2022 yil 31 dekabrga qadar Toshkent viloyati va Toshkent shahrida xususiy kadastr muhandislariga ko‘chmas mulk obektlariga kadastr yig‘majildini tayyorlash huquqi berilmoqda;
2) yo‘l harakati xavfsizligini ta'minlash sohasida – 2021 yil 1 fevraldan tadbirkorlik sub'yektlariga yo‘l harakati qoidalari buzilganligini qayd etuvchi foto va video dasturiy-texnik vositalari o‘rnatilishini tashkil etish huquqi berilmoqda;
3) milliy haydovchilik guvohnomasini berish sohasida – 2021 yil 1 apreldan haydovchilarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish bo‘yicha litsenziyaga ega tadbirkorlarga barcha toifadagi avtomototransport vositalarini (trolleybus va tramvaydan tashqari) boshqarish huquqini beruvchi haydovchilik guvohnomasini olish uchun nazariy va amaliy imtihonlarni o‘tkazish huquqi berilmoqda;
4) transport vositalarining xavfsiz harakatlanishini ta'minlash sohasida – 2021 yil 1 fevraldan tadbirkorlik sub'yektlariga avtomobil yo‘llarida avtomatlashtirilgan o‘lchov vositalari bilan jihozlangan og‘irlik va gabarit nazorati bo‘yicha statsionar shoxobchalar o‘rnatilishini tashkil etish huquqi berilmoqda.
5) davlat xizmatlarini ko‘rsatish sohasida – 2021 yil 1 martdan tadbirkorlik sub'yektlariga ayrim turdagi davlat xizmatlari ko‘rsatilishida agent sifatida ishtirok etishiga ruxsat berilmoqda;
6) davlat tashkilotlariga xizmat ko‘rsatish sohasida – 2021 yil 1 iyundan barcha davlat tashkilotlarining ichki ma'muriy-xo‘jalik faoliyatini ta'minlash va saqlash bo‘yicha funksiyalarini bajarish to‘liq xususiy sektorga o‘tkazilmoqda.
Uchinchidan, davlat funksiyalarini xususiy sektorga o‘tkazishning institutsional asosi belgilab berildi. Mazkur masala bilan tizimli va izchil shug‘ullanish uchun Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi tuzilmasida Xususiy sektorni tahlil qilish va rivojlantirish boshqarmasi tashkil etish va uning vazifalari belgilandi.
To‘rtinchidan, davlat tomonidan tartibga solinadigan sohalarga xususiy sektorni jalb etishning huquqiy asoslari takomillashtiriladi. Tasdiqlangan “yo‘l xarita”da 15 ta normativ-huquqiy hujjat loyihasi ishlab chiqish nazarda tutilgan. Jumladan, 2021 yilda “Tadbirkorlik va professional faoliyat sub'yektlarini o‘z-o‘zini tartibga solish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi ishlab chiqiladi, “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida"gi Qonunga davlatning tadbirkorlik faoliyatida ishtirokini cheklashning asosiy tamoyillarini belgilovchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha takliflar tayyorlanadi. Hukumat tomonidan “Davlat funksiyalarini xususiy sektorga o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom” tasdiqlanadi.
Bu bizga nima beradi?
Qarorni amalga oshirish natijasida bozor sharoitida raqobatni yanada rivojlantirish, tadbirkorlikning yangi yo‘nalishlarini rivojlantirishga qo‘shimcha imkoniyatlar yaratish, aholiga xizmat ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirishga, davlat budjeti xarajatlarini maqbullashtirishga olib keladi.
O‘z navbatida, davlat organlariga xos bo‘lmagan funksiyalarning xususiy sektorga o‘tkazilishi natijasida bo‘shagan moliyaviy va boshqa resurslarni Hukumat o‘z oldiga qo‘ygan strategik ahamiyatga ega vazifalarni bajarishga yo‘naltirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Xudoyor Meliyev,
Adliya vazirligi mas'ul xodimi.
Tavsiya etamiz
Navoiyni kimlar zaharlayapti? – ekologiya vaziri izoh berdi
O‘zbekiston | 11:23 / 25.07.2025
Ishdagi ishqning yakuni: selektorda “qo‘lga tushgan” amaldor ishdan olindi
O‘zbekiston | 10:42 / 25.07.2025
Fransiya Falastin davlatini tan oladi - Makron
Jahon | 09:46 / 25.07.2025
Nihoyat: kelayotgan haftada salqin havo oqimi kirib kelishi kutilmoqda
O‘zbekiston | 20:03 / 24.07.2025
So‘nggi yangiliklar
Mavzuga oid

12:41 / 19.07.2025
Rossiya Adliya vazirligi Activatica portalini «chet el agentlari» ro‘yxatiga kiritdi

19:14 / 11.07.2025
Zomin qozon patiri geografik ko‘rsatkich sifatida ro‘yxatdan o‘tkazildi

13:18 / 28.06.2025
Rossiyada yangi «chet el agentlari»: komik, rep ijrochi va «Memorial» yuristi

15:50 / 24.06.2025