O‘zbekiston | 09:53 / 30.07.2020
1598
4 daqiqa o‘qiladi

Madaniy boyliklarning olib chiqilishi va olib kirilishi to‘g‘risidagi qonunga o‘zgartish kiritiladi

Madaniy boyliklarning olib chiqilishi va olib kirilishi to‘g‘risidagi qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritiladi.

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida “Madaniy boyliklarning olib chiqilishi va olib kirilishi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi e'lon qilindi.

O‘zbekiston Respublikasining 1998 yil 29 avgustda qabul qilingan “Madaniy boyliklarning olib chiqilishi va olib kirilishi to‘g‘risida”gi 678–I-son Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritiladi.

10-modda yangi tahrirda bayon qilinadi. Unda olib chiqiladigan (vaqtincha olib chiqiladigan) va olib kiriladigan (vaqtincha olib kiriladigan) madaniy boyliklarni badiiy ekspertizadan o‘tkazish ko‘zda tutilgan.

Olib chiqiladigan (vaqtincha olib chiqiladigan), olib kiriladigan (vaqtincha olib kiriladigan),  shuningdek, vaqtincha olib chiqilganidan keyin qaytarilgan madaniy boyliklar badiiy ekspertizadan o‘tkazilishi shart.

Olib chiqiladigan (vaqtincha olib chiqiladigan) va olib kiriladigan (vaqtincha olib kiriladigan) madaniy boyliklarni badiiy ekspertizadan o‘tkazish O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.

Olib kiriladigan (vaqtincha olib kiriladigan) madaniy boyliklar badiiy ekspertizadan o‘tkazilib, belgilangan tartibda ro‘yxatga olinadi.

Vaqtincha olib chiqilganidan keyin qaytarilgan madaniy boyliklar  ularning tarkibi, soni, sifat tavsiflari vaqtincha olib chiqish huquqini beruvchi hujjat (xulosa)ga mos ekanligini aniqlash maqsadida badiiy ekspertizadan o‘tkaziladi.

Olib chiqiladigan (vaqtincha olib chiqiladigan), olib kiriladigan (vaqtincha olib kiriladigan),  shuningdek, vaqtincha olib chiqilganidan keyin qaytarilgan madaniy boyliklarga olib kirish yoki vaqtincha olib kirish huquqini beruvchi hujjat (xulosa) rasmiylashtirilmaydi.

Olib chiqiladigan (vaqtincha olib chiqiladigan) va olib kiriladigan (vaqtincha olib kiriladigan) madaniy boyliklar vakolatli san'atshunos – ekspertlar,  san'atshunos – nazoratchilar tomonidan ko‘rib chiqiladi. Zarur hollarda, ekspertizaga yuqori malakali mutaxassislardan iborat bo‘lgan qo‘shimcha ekspertlar jalb qilinishi mumkin.

Qo‘shimcha jalb qilingan ekspertlarning xulosasi tavsiyaviy tusga ega bo‘ladi va madaniy boyliklarni olib chiqish (vaqtincha olib chiqish) huquqini beruvchi hujjat (xulosa)lar berish bo‘yicha uzil-kesil qaror qabul qilishda hisobga olinadi.

Zarur hollarda, ashyolar ekspertizasi ular turgan joyda o‘tkazilishi mumkin.   

Badiiy ekspertizadan o‘tkazish muddati o‘n kundan oshmasligi kerak va u olib chiqiladigan (vaqtincha olib chiqiladigan) hamda olib kiriladigan (vaqtincha olib kiriladigan) ashyolar soniga, ularning holatiga va ekspertizadan o‘tkazish murakkabligi darajasiga bog‘liq bo‘ladi.

10-1-modda bilan to‘ldiriladi. U madaniy boyliklarni O‘zbekiston Respublikasidan olib chiqish (vaqtincha olib chiqish) huquqini beruvchi hujjat (xulosa) haqida.

Qayd etilishicha, madaniy boyliklarning olib chiqilishi (vaqtincha olib chiqilishi) uchun O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tomonidan beriladigan hujjat (xulosa) asos bo‘ladi.

O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi tomonidan madaniy boyliklarning olib chiqilishi (vaqtincha olib chiqilishi) mumkinligi to‘g‘risidagi qarori qabul qilingan holatda, madaniy boyliklarning egasiga yoki uning vakolatli shaxsiga madaniy boyliklarni olib chiqish (vaqtincha olib chiqish) huquqini beruvchi belgilangan shakldagi hujjat (xulosa) taqdim etiladi.

Madaniy boyliklarning olib chiqilishi (vaqtincha olib chiqilishi) huquqini beruvchi hujjat (xulosa) namunasi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.

Mavzuga oid