O‘zbekiston | 15:08 / 23.03.2020
47126
2 daqiqa o‘qiladi

Toshkent viloyatida buyum bozorlari yopiladi

Karantin talablariga rioya etmay, xo‘randalarni qabul qilishda davom etayotgan umumiy ovqatlanish shoxobchalariga nisbatan choralar kuchaytiriladi.

Foto: KUN.UZ

Bugun, 23 mart kuni Nurafshon shahrida Toshkent viloyati hokimi Rustam Xolmatov rahbarligida koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish favqulodda komissiyasining ishchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Viloyat hokimligi axborot xizmati xabariga ko‘ra, yig‘ilishda viloyatda bu yo‘nalishda amalga oshirilgan ishlar tahlil qilindi. Shtab a'zolarining axboroti eshitildi, mavjud vaziyatdan kelib chiqib, galdagi vazifalar belgilandi.

Unga ko‘ra, ertadan boshlab Toshkent viloyati hududida joylashgan va nooziq-ovqat mahsulotlari savdosi bilan shug‘ullanadigan barcha bozorlarning faoliyati to‘xtatiladi.

Karantin talablariga rioya etmay, xo‘randalarni qabul qilishda davom etayotgan umumiy ovqatlanish shoxobchalariga nisbatan choralar kuchaytiriladi.

Korxona va tashkilotlar tomonidan o‘z ishchi-xodimlari uchun tibbiy-gigiyenik vositalar jamg‘arilishi, hududda sanitar-tozalash, dezinfeksiya ishlarini amalga oshirilishi majburiy hisoblanadi.

Shahar va tuman hokimliklari tomonidan uy sharoitida karantinda saqlanayotgan fuqarolarni zarur oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta'minlash chora-tadbirlari ko‘riladi.

  • Ma'lumot uchun, «Toshkent savdo majmuasi» (sobiq «Abu Saxiy» bozori) va «Bek Baraka» savdo majmuasi ham Toshkent viloyati hududida joylashgan.

Mavzuga oid