Jamiyat | 18:52 / 11.04.2019
4064
5 daqiqa o‘qiladi

2019 yilgi “Yosh kitobxon” tanloviga arizalar 15 mayga qadar qabul qilinadi

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tashabbusi bilan o‘tkazilayotgan “Yosh kitobxon” tanlovining 2019 yilgi Nizomi tasdiqlandi.

Nizomga ko‘ra tanlov to‘rt bosqichda tashkil etiladi. Birinchi bosqich tanlovning arizalar qabul qilish va saralash bosqichi bo‘lib, unda tanlovda ishtirok etish istagini bildirgan ishtirokchilarning arizalari 15 may kuniga qadar O‘zbekiston yoshlar ittifoqining tuman, shahar Kengashlari tomonidan qabul qilinadi. Ariza topshirgan yoshlar adabiyotlar ro‘yxati asosida o‘zbek va jahon adabiyotiga, buyuk adiblarimiz hayoti va ijodiga oid 50 ta test savollariga javob berish orqali saralanadi. Har bir to‘g‘ri javob uchun 2 balldan belgilanadi. Test natijalariga ko‘ra 86 va undan yuqori ball to‘plagan 15 nafar ishtirokchilar keyingi bosqichda ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritadi.

Ikkinchi bosqich tanlovning mahalliy bosqichi bo‘lib, har yili iyun oyida barcha tuman, shaharlar miqyosida saralash bosqichida 86 va undan yuqori ballni qo‘lga kiritgan ishtirokchilar o‘rtasida “O‘zbek adabiyoti bilimdoni” va “Jahon adabiyoti bilimdoni” shartlari bo‘yicha o‘tkaziladi.

Uchinchi bosqich tanlovning hududiy bosqichi bo‘lib, har yili avgust-sentabr oylarida “Buyuk mutafakkir va adib” hamda “Badiiy asarlar bilimdoni” shartlari asosida teletanlov shaklida bo‘lib o‘tadi. Har bir yosh toifasi bo‘yicha g‘oliblikni qo‘lga kiritgan 1 nafardan jami 3 nafar ishtirokchilar Respublika bosqichi uchun yo‘llanmaga ega bo‘ladi. 

So‘nggi bosqich tanlovning Respublika bosqichi bo‘lib, har yili noyabr-dekabr oylari davomida “O‘zbek adabiyoti bilimdoni”, “Jahon adabiyoti bilimdoni”, “She'riyat” hamda “Buyuk mutafakkir va adib” kabi 4 ta shart bo‘yicha o‘tkaziladi.

Tanlovning Respublika bosqichida 1-o‘rinni egallagan 3 ta yosh toifasidagi ishtirokchilarning har biri “Prezident sovg‘asi” sifatida yengil avtomobil, diplom va “Yosh kitobxon” statuetkasi bilan taqdirlanadi. Uchta toifada 2-o‘rinni egallagan ishtirokchilarning har biri kompyuter jamlanmasi (monoblok), o‘zbek va jahon adabiyotining durdona asarlaridan iborat kitoblar jamlanmasi va boshqa qimmatbaho sovg‘alarga sazovor bo‘ladi. Uchta toifada 3-o‘rinni egallagan ishtirokchilarning har biriga 100 tadan o‘zbek va jahon adabiyotining durdona asarlari berilib, tashkilotchilarning maxsus sovg‘alarini qo‘lga kiritadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rahbarligida 2019 yil 19 mart kuni o‘tkazilgan “Yoshlar bilan ishlashni samarali tashkil etishda madaniyat, sport, axborot texnologiyalari, kitob o‘qishga qiziqishini oshirish va xotin-qizlar bandligini ta'minlash bo‘yicha 5 muhim tashabbusni amalga oshirish to‘g‘risida”gi videoselektorda ham yoshlarning kitob mutolaasiga bo‘lgan muhabbatini oshirish yuzasidan alohida ko‘rsatmalar berildi, shundan kelib chiqib, tanlov oldi respublikamizning barcha hududlariga 10 000 nusxadan ziyod jahon va mumtoz adabiyotimizning durdona asarlari yetkazib berildi.

Hozirgi kunda mamlakatimiz yoshlarini kitobga bo‘lgan qiziqishlarini yanada oshirish, zamonaviy axborot texnologiyalari va dasturlardan unumli foydalanish maqsadida joylarda BOOKLAND elektron kitoblarni QR kodi orqali bepul yuklab olish tizimi joriy etilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, 12 aprel kuni “Yoshlarning ma'naviy dunyo qarashini yuksaltirish va kitobxonlikni ommalashtirish – eng dolzarb vazifa” mavzusida “Yoshlar press klubi”ning navbatdagi sessiyasi o‘tkazilib, unda “Yosh kitobxon” tanlovini yuqori saviyada o‘tkazish bilan bog‘liq masalalar muhokama qilinadi.

Mavzuga oid