Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Oliy sud raisi: «Otalarning so‘zi qadrsizlangani uchun oilalarda mojaro ko‘paymoqda»

28 mart kuni Oliy sud tashabbusi bilan ilk marta jurnalistlar bilan videokonferensiya ko‘rinishidagi muloqot o‘tkazildi. «Sudlar faoliyatida ochiqlik va oshkoralik prinsipini ta'minlashda OAVning o‘rni va roli» mavzusida o‘tkazilgan videokonferensiyada Oliy sud raisi va barcha viloyat sudyalari ishtirok etishdi.
Videokonferensiyani kuzatgan Kun.uz muxbiriga ko‘ra, barcha sud hay'atlari vakillari 4 soatga yaqin davom etgan onlayn muloqot davomida o‘tgan yillarda olib borilgan ishlar haqida ma'lumot berishdi. Ayniqsa, Oliy sud raisi Kozim Komilov ko‘plab mavzulardagi fikrlari ko‘pchilik uchun qiziq bo‘ldi. Muloqot davomida o‘tgan yil respublika hududida jinoyatchilikning keskin kamaygani aytildi. Masalan, jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarga 2018 yilda oldingi yildagiga qaraganda 33,9 foiz kamroq arznoma tushgan. Oliy sudga tushgan arizalar miqdori 13 foizga kamaygan.
2017 yilda jinoyat ishlari bo‘yicha sudlarda 43 ming fuqaroga hukm chiqarilgan bo‘lsa, o‘tgan yilda bu ko‘rsatkich 28 mingtagacha kamaygani ta'kidlangan holda jinoyatchilikning soni kamaygani unga qarshi kurashni yengillashtirishga asos bo‘lmasligi aytildi. Oliy sud raisi Kozim Komilov sayyor sudlarga e'tibor kuchayganini alohida ta'kidladi. Uning aytishicha, sudlarda kamida 30 foiz ishlar aynan sayyor sudlarda ko‘rilishi kerak. Bu ko‘rsatkich sudlarda 40–60 foizgacha yetayotgani aytildi.
Fuqarolik sudlarida esa aksar ishlar oilaviy mojarolar ekani afsus bilan ta'kidlandi: «Fuqarolik sudida 3–4 yil ishlagan sudya yaxshi kadr bo‘lib yetishadi. Bu yerda juda og‘ir masalalar ko‘riladi. Oilaviy nizolarni o‘rganish odam uchun qiyin. Tasavvur qiling, eng yaqin insonlar bir-biridan norozi va siz ularning muammosini hal qilishingiz kerak», — dedi Komilov.
Oliy sud raisi shuningdek ajralish to‘g‘risidagi ishlarni imkon qadar sudgacha olib chiqmaslikka harakat qilish kerakligini aytdi: «Bizda rasmiy bo‘lmasa ham yarashtirish instituti shakllangan, desam bo‘ladi. Oilalarning ajrashishini sudda ko‘rish og‘ir masala. Axir ko‘z oldingizda oilalar ajralib ketishi, bolalarning arosatda qolishi juda yomon-ku?! Biz ajralish to‘g‘risidagi ishlarni imkoni qadar sudgacha hal qilishimiz kerak. Shu o‘rinda mahallalardan biroz xafaman. Ular oilalarni yarashtirish borasida ish olib borishi kerak. Masalan, biz bu haqda film ishladik va uni ko‘rib ko‘z o‘ngimizda yarashib ketganlar bo‘lishdi.
Oila masalasiga yengil qarash kerak emas. Biz 2018 yilda 26 ming oilani yarashtirishga erishdik. Bu natijani ko‘paytirishimiz kerak. Yaqinda vodiyda bo‘ldik va ko‘rdikki, u yerda shunchaki sha'riy nikohda bo‘lganlar ko‘p. Xotin qaynonaga yoqmaydi-da keyin... Nima, u buyummi tez-tez almashtiradigan? Menga qolsa, er-xotin o‘rtasida nikoh shartnomasi bo‘lishi shart.
Fuqarolik sudlarida aliment va meros masalalari bo‘yicha ham arizalar juda ko‘p. Kechirasiz, lekin oilalardagi mojaroning sudgacha chiqishi juda xunuk narsa. Oilada otalar so‘zining qadri kamaygani turli muammolarga keltirmoqda. Bir oila vakillari meros talashishini qanday izohlash mumkin? Oila boshlari vaqtida barcha narsani taqsimlab berishlari kerak keyinchalik muammo tug‘ilmasligi uchun».
Muloqotda boshqa sudlarga nisbatan ma'muriy sudlarda murojaatlar ko‘paygani aytildi. Bunga sabab sifatida ma'muriy huquqbuzarlikning avj olgani bilan birgalikda huquqiy savodxonlikning haminqadar ekani va tadbirkorlar soni keskin ko‘paygani keltirildi: «Ma'muriy sudlar 2018 yil davomida 685 ta (!) hokim qarori bekor qilgan. Bu — katta raqam. Demak, biz nafaqat fuqarolarning, balki rahbarlik lavozimida ishlayotganlarning ham huquqiy savodxonligini oshirishimiz, ularni o‘qtishimiz kerak ekan».
Iqtisodiy sudlarga ham 2018 yilda oldingi yildagiga qaraganda ko‘proq murojaat tushgani aytildi (16 foiz). Arznomalarning aksari qarzlarni undirish bo‘yicha bo‘lgan va sudlar murojaatchilar foydasiga 12,6 trillion so‘m mablag‘ni undirib bergan. Iqtisodiy sudlarda bankrotlik bo‘yicha 8192 ta ishlar ham ko‘rib chiqilgan: «Iqtisodiy sudlar iqtisodiyotning barometri hisoblanadi. Bu sudlarda tadbirkorlar doim ham yutib chiqavermaydi, chunki ular o‘ylab-o‘ylamay shartnomalar imzolab tashlashgan.
Tadbirkorlik uchun ham ilm kerak. Bu bir tavakkal aslida. Yo ustidan, yo ostidan deydi-ku. Shartnomalarni tushunmay imzolashadi-da, keyin biz borib fermerlarning ishlarini ko‘rib o‘tiramiz... Shu o‘rinda bankrotlik borasida ishlar ko‘payganiga normal qarash kerak demoqchiman. Masalan, Germaniyada yiliga 1,3 million korxona bankrot bo‘ladi», — deydi iqtisodiy sudlar faoliyati haqida gapirar ekan Oliy sud raisi.
Muloqot davomida sudlarning elektron vositalardan foydalanayotganiga urg‘u berilib, OAVdan bu borada xalqqa to‘liqroq ma'lumot berish so‘raldi: «Sudlarda imkon boricha qog‘ozbozlik tugatilayotgani muhim jarayon. Masalan oldin sudga ariza topshirishni o‘zi qiyin edi. Oliy sudgacha hujjat yetib kelishi uchun esa eh-he... Hozir esa hammasi soddalashtirilib, elektron tizim joriy etildi. Barcha sudlar ulangan maxsus onlayn ma'lumot ba'zasi tashkil qilingan. U yerda barcha sudlar o‘zlarida ko‘rilgan va ko‘rilajak ishlar to‘g‘risida ma'lumot berishlari mumkin. Albatta, ba'zaning xavfsizligi ta'minlangan.
Oldin Oliy sudga hisobot topshirishning o‘zi ko‘p vaqtni olardi. Endi esa sudlar ba'zaga ma'lumotlarni joylashadi va biz ularni xohlagani vaqtda ko‘rib chiqishimiz mumkin bo‘ladi. Shuningdek, fuqarolar uchun ham elektron qulayliklar yaratilgan. Veb-saytimizda eng asosiy murojaatlar turi tanlab olinib, ular uchun arizalar namunasi uch tilda (o‘zbek, rus va qoraqalpoq — tah.) ko‘rsatilgan. Hammaning ham advokat yollashga imkoni yo‘q-ku, to‘g‘rimi? Masalan, siz aliment borasida sudga ariza bermoqchisiz, shahar markazigacha kelishingiz qiyin. Uyingizdan turib ariza namunasini olib, to‘ldirasiz va elektron tarzda sudga yuborasiz.
Elektron tizim xarajatlarni ham kamaytiradi. Bundan ayniqsa ma'muriy sudlar yutdi. Masalan ular ijroni biror tashkilotga yuborish uchun xat tayyorlashar, uni yuborishga xarajat ketardi. Hozir esa hammasi elektron tarzda MIBga yuboriladi. Shu o‘rinda biz Majburiy ijro byurosi bilan yaxshi ishlayotganimizni ta'kidlamoqchiman», — dedi Komilov.
Sudlarda oshkoralikni ta'minlash maqsadida sud ishlari onlayn translatsiya qilinishi muhimligiga ham urg‘u berildi. Oliy sud raisi bu borada Xitoydagi bir voqeani eslashga ham urgurdi: «Xitoyga borganimizda bizni katta vahima bilan onlayn ko‘rsatilgan sudga olib borishdi. Keyin borib ko‘rsak, ikki qo‘shni o‘rtasidagi mojaro ekan. Tepa qavatdagi qo‘shnining uyidan pastdagi qo‘shnisining uyiga suv tomarkan, shu ishni onlayn ko‘rsatishdi.
O‘shanda hali sizlarga onlayn sud qanaqa bo‘lishini ko‘rsatamiz, deb qo‘ygandik. Hozir bu narsa bizga ham yetib keldi. 2018 yil 25 sentyabrda ilk marta sud jarayoni veb-saytimizda onlayn translatsiya qilindi. 130 ta sudlarimizga maxsus moslamalar o‘rnatib, onlayn sudlarni tashkil qilmoqchimiz. Sud jarayonida audio va videoyozuv uchun ham imkoniyatlarni ko‘rib chiqyapmiz. Bunday jarayon uchun qurilmalar bizning hisob-kitobimizga ko‘ra, 15 ming dollar turadi», — dedi Oliy sud raisi Kozim Komilov.
O‘tkir Jalolxonov tayyorladi
Tavsiya etamiz
Navoiyni kimlar zaharlayapti? – ekologiya vaziri izoh berdi
O‘zbekiston | 11:23 / 25.07.2025
Ishdagi ishqning yakuni: selektorda “qo‘lga tushgan” amaldor ishdan olindi
O‘zbekiston | 10:42 / 25.07.2025
Fransiya Falastin davlatini tan oladi - Makron
Jahon | 09:46 / 25.07.2025
Nihoyat: kelayotgan haftada salqin havo oqimi kirib kelishi kutilmoqda
O‘zbekiston | 20:03 / 24.07.2025
So‘nggi yangiliklar
-
Mo‘ynoqdagi konda gaz sizib chiqishi ro‘y berdi
O‘zbekiston | 11:35
-
Isroil BMTning gumanitar yordamini G‘azoga yetkazish uchun yo‘laklar ochishga va’da bermoqda
Jahon | 09:57
-
“Yangi loyihalarda Eron va Rossiyaning ishtiroki kamayib, turkiylarning ahamiyati ortib boryapti” – siyosatshunos
Jahon | 09:02
-
Andijondagi fabrika oqova suvlari bilan kanalni ifloslantirdi
Jamiyat | 23:09 / 26.07.2025
Mavzuga oid

15:56 / 15.04.2025
Istanbulda o‘zbekistonlik ayol erini o‘ldirishda gumonlanmoqda

23:02 / 03.10.2024
Hindiston Oliy sudi qashshoq oiladan chiqqan talabaning kollejga kirish orzusini ro‘yobga chiqardi

15:01 / 30.01.2023
«Bunday norma hatto Amerikada ham bor» – O‘zbekistonda sudga hurmatsizlik uchun jinoiy javobgarlik belgilanishi kutilmoqda

11:17 / 15.08.2022