«Bunday norma hatto Amerikada ham bor» – O‘zbekistonda sudga hurmatsizlik uchun jinoiy javobgarlik belgilanishi kutilmoqda
Bu masala ekspertlar bilan muhokama qilinib, jamoatchilikning takliflari olinadi. Sudga hurmatsizlik faqatgina sud protsessidagi jarayonlar bilan bog‘liq, uni boshqacha talqin qilish kerak emas, deydi Oliy sud sudyasi. Sudlarning maqomi bilan bog‘liq bu turdagi javobgarlik sud-huquq tizimi rivojlangan barcha davlatlarda mavjud, deydi Hasan Ochilov.

- 2023 yil 16 yanvar kuni qabul qilingan sudlar faoliyati samaradorligini oshirishga doir prezident farmonida sudga hurmatsizlik qilish holatlari uchun ma’muriy javobgarlik choralarini kuchaytirish va jinoiy javobgarlik belgilash haqida band bor. Nima uchun bunday taklif berildi? O‘zi aslida sudga hurmatsizlikka nimalar kiradi, aniq kriteriyasi bormi buning?
Hasan Ochilov, jinoyat ishlari bo‘yicha Shayxontohur tuman sudi sudyasi:
- Sudga hurmatsizlikni boshqacha tushunmaslik kerak, bu yerda aynan sud protsessi jarayonidagi hurmatsizlik nazarda tutilgan. Bu harakat uchun amaldagi MJtKda alohida modda bor. Endi bu moddalarni takomillashtirish va bunday harakat uchun jinoiy javobgarlik nega kerak? Avvalo, biror huquqbuzarlik uchun javobgarlik belgilanganda, bu borada xalqaro tajriba bormi, ular nima uchun bu ishga javobgarlik belgilagan, degan savollar qo‘yiladi.
Sud-huquq tizimi eng ilg‘or anglo-sakson davlatlardan Angliyani oling, yoki AQSh va Germaniyani olasizmi, bularning barchasida sudga hurmatsizlik qilganlik uchun jinoiy javobgarlik bor. Nimaga? Bu avvalo sudning maqomi bilan bog‘liq: protsess alohida jarayon, sudya alohida shaxs. Unda hurmatsizlik qilish kerak emas. Hurmatsizlik degani – sud ishiga xalaqit qilish, sudyaga qo‘pol munosabatda bo‘lish, sudyani haqorat qilish bilan bog‘liq protsessdagi jarayonlarni o‘z ichiga oladi.
Lekin sudya ham oddiy fuqaro, u ijtimoiy munosabatlarda yoki boshqa holatlarda haqorat qilinsa yoki zarar yetkazilsa – bu sudga hurmatsizlik deb baholanmaydi. Bunda oddiy fuqaroni haqorat qilishga doir yoki boshqa tegishli moddalar qo‘llanadi. Kutilayotgan o‘zgarishlar ham aynan protsess jarayonidagi hurmatsizlikka nisbatan javobgarlikni kuchaytirishni nazarda tutadi.
Buni alohida tartibga solinishining sababi aynan bir jarayonga taalluqli bo‘lgani uchun. Masalan, tasavvur qiling: haqorat qilma, deganingiz bilan odamlar uni [oqibatlarini] tushunib yetmaydi. Agar, sudga hurmatsizlik qilmang, deb ogohlantirilsa sud jarayonidagi tartiblarga ham rioya qiladi. Shu nuqtai nazardan bunday maxsus norma butun dunyoda bor. Amerikada ham bor, ular hatto buning uchun ozodlikdan mahrum qilish jazosigacha tayinlaydi.
Uchqun Ro‘ziyev, Oliy sud sudyasi, jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati a’zosi:
Farmonda shunday topshiriq ketgan. Buni ishlab chiqish bo‘yicha ishlar endi boshlanadi. Bu masala mutaxassislar bilan muhokama qilinadi hamda barchadan takliflar olinadi. Avvalo hurmatsizlik deyilganda nima nazarda tutiladi, uni og‘irlashtiruv va yengillashtiruvchi holatlarning hammasi e’tiborga olinadi. Shundan so‘ng loyiha ishlab chiqiladi.
To‘liq intervyuni yuqoridagi video orqali tomosha qilishingiz mumkin.
Farrux Absattarov suhbatlashdi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Muhiddin Nido.
Mavzuga oid

23:40 / 10.06.2025
300 ming dollar vasvasasi yoxud qotillik bilan tugagan sheriklik - suddan reportaj

10:23 / 10.06.2025
Fuqarolar huquqlarini sud orqali himoya qilish kafolati kuchaytiriladi

10:21 / 08.06.2025
Orzudagi mundial yo‘llanmasi va qonun ustuvorligida pasayish - hafta dayjesti

17:39 / 07.06.2025