Jahon | 23:00 / 24.02.2019
30998
5 daqiqa o‘qiladi

«Rossiya ozod bo‘ladi!» Moskvada Nemsov xotirasiga o‘tkazilgan marshdan reportaj

Foto: Reuters

Moskvada, Sankt-Peterburgda va Rossiyaning boshqa shaharlarida 4 yil muqaddam o‘ldirib ketilgan muxolif siyosatchi Boris Nemsovni xotirlash marshlari o‘tkazildi.

Qatorasiga to‘rtinchi yil o‘tkazilayotgan marsh va mitinglarda bu yil ham minglab kishilar ishtirok etdi. Politsiya ma'lumotiga ko‘ra, Moskva markazidagi mitingga 6 ming nafardan ortiq kishi kelgan. Faollarning aytishicha esa, aksiyada 10 mingdan ortiq kishi qatnashgan. Aksiya hech qanday ko‘ngilsizliklarsiz o‘tgan va hech kim hibsga olinmagan. 

Foto: Andrey Lyubimov / RBK

Mitingga chiqqanlar «Qahramonlar o‘lmaydi! Rossiya ozod bo‘ladi!» yozuvlari tushirilgan ulkan plakatni ko‘tarib ko‘chalardan o‘tishdi. Shuningdek, ularning qo‘lida Rossiya bayroqlari, turli muxolif harakatlarning bayroqlari (o‘nlar ham, so‘llar ham), Boris Nemsovning portretlarini ko‘rish mumkin edi. Ulardan biri hatto Yevropa Ittifoqi bayrog‘ini ko‘tarib olgandi. Plakatlardan birida shunday yozilgandi: «Nemsov ko‘prigi —u shu yerda o‘ldirilgani uchun emas, u shu ko‘prikda ko‘p sayr qilgani uchun». Yana bir plakatda «U bizning kelajagimiz uchun kurashgan» deya yozilgan.

Foto: Andrey Lyubimov / RBK

Namoyishchilarning qo‘llarida siyosiy mahbuslarning va halok bo‘lgan faollarning portretlari ham bor edi.

Foto: Vlad Dokshin / «Novaya gazeta»
Foto: Vlad Dokshin / «Novaya gazeta»

Moskvada marshchilarning birinchi qatorlarida Aleksey Navalniy, Gennadiy Gudkov, Dmitriy Gudkov, Vladimir Lev Ponamaryov, Vladimir Rijkov, Vladimir Kara-Murza, Valeriy Tsaturov, Mixail Kasyanov, Grigoriy Yavlinskiy hamda Ilya Yashinni ko‘rish mumkin edi.

Aleksey Navalniy rafiqasi Yuliya hamda ukasi Oleg bilan
 Foto: Vlad Dokshin / «Novaya gazeta»
Grigoriy Yavlinskiy
Foto: Andrey Lyubimov / RBK
Mixail Kasyanov
Foto: Andrey Lyubimov / RBK
Valeriy Tsaturov
Foto: Andrey Lyubimov / RBK
Lev Ponamaryov
Foto: Andrey Lyubimov / RBK

«Meduza» miting vaqtidagi bir voqeani keltiradi.

«Rossiya bir kuni ozod bo‘ladi!» — marshda ketayotganlar shiori eshitiladi.

— Qachon? — deydi 70 yoshlardagi ayol.

— Ha hech qachon! — qo‘shiladi unga hamroh tengdoshi.

— Lekin, biz umid qilishimiz mumkinku? — deydi unga javoban 20 yoshlardagi qiz.

— Biz qarib chirib ketamiz, — deydi pensionerka.

— Keling, mitinglarda chiriymiz, — deydi kinoya bilan qiz.

Miting vaqtida eng ko‘p yangragan shiorlar «Putinsiz Rossiya»,  «Bizning ismimiz — Boris Nemsov» va «Putin —o‘g‘ri» shiorlari bo‘lgan.

Boris Nemsov 2015 yilning 28 fevral kuniga o‘tar kechasi Moskva shahri markazida, Kreml yaqinida, Bolshoy Moskvoretskiy mostida otib ketilgandi. Unga orqa tarafdan bir necha bor o‘q uzishgan.

Bu voqeadan bir necha kun o‘tib qotillikni sodir etishda gumonlangan 5 nafar chechenistonlik qo‘lga olinadi. Keyinroq ularning barchasi aybiga iqror bo‘ladi va 11 yildan 20 yilgacha bo‘lgan muddatlarga qamaladi.

Siyosatchiga o‘q uzgan deb topilgan Zaur Dadayevga 20 yil beriladi, unga hamroh bo‘lgan Anzor va Shodid Gubashevlar, Tamerlan Eskerxonov hamda Hamzat Baxoyev turli muddatlarga qamaladi. Jinoiy guruhning oltinchi a'zosi Beslan Shavanov 2015 yilning 7 martida qo‘lga olish vaqtida halok bo‘lgandi.

Rasmiy talqinga ko‘ra, Nemsovning qotilligi diniy nafrat jinoyati deya baholangan. Tergov «Sevar» bataloni ofitseri Ruslan Muxudinovni qotillik tashkilotchisi va buyurtmachisi deb topgan, u xalqaro qidiruvga berilgan.

Nemsovning qarindoshlari hisoblashicha, «Sever» bataloni qo‘mondoni o‘rinbosari, Rossiya dumasi deputati Adam Delimxanovning qarindoshi Ruslan Geremeyevning haydovchisi bo‘lgan Ruslan Muxudinov bu qotillikni o‘zi tashkillashtira olmasdi.

Ular Geremeyevning qotillikka aloqadorligini tekshirishni talab qilishgan, ammo u tergovga jalb etilmagan, ayni vaqtda qidiruvga berilgan.

Mavzuga oid