Jamiyat | 21:37 / 22.11.2018
17159
8 daqiqa o‘qiladi

«Barchasi o‘z qo‘lingda» dekadasi. O‘zbekiston bo‘ylab o‘n kunlik «Tungi reydlar» o‘tkazilmoqda

Bola tarbiyasiga javobgarlik masalasi oilaning, mahallaning, jamiyatning istiqboliga e'tibordir. Tarbiyadagi eng kichik e'tiborsizlik ham ertangi kundagi katta ko‘ngilsizliklarga yo‘l ochib berishi mumkin. Bugungi kunda yoshlar asosan tanballik, osongina boyib ketish hirsi sabab jinoyat yo‘liga kirib ketmoqda. O‘g‘irlikning sodir etilishi birovning mulkiga egalik qilish maylidan boshlanadi. Agar farzand bu mayldan vaqtida qaytarilmasa, jinoyat tubsizligiga kirib ketaveradi. Yoshlarni hayotsevarlik ruhida tarbiyalash, kitob mutolaasiga hamda ularning qiziqishlariga qarab kasb-hunar to‘garaklariga va har xil musobaqalarga jalb etish turli xil illatlarning ildizini kesadi. Yoshlarni jaholatga qarshi ma'rifat bilan kurashishga undash lozim.

Yoshlarimiz orasida ilmga intiluvchan, ma'rifatlilari ham bor ammo, qandaydir qing‘ir yo‘llarga kirib noxush hodisalarga sabab bo‘lib, jazo muddatini o‘tayotganlar ham yo‘q emas. U yerdagi yoshlarning ko‘pchiligining adashishiga oilaviy nosog‘lom muhit sabab bo‘lgan. Ota-onalardan birining o‘gayligi yoki oilada farzandni to‘qlikka sho‘xlik asnosida o‘sishi, otasi ichkilikka, yomon odatlarga berilgan va farzand ham «Qush uyasida ko‘rganini qilgani»dek, ota-onasidan namuna olib voyaga yetgan.

Yoshlar o‘rtasida sodir etilayotgan bu kabi huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, shuningdek, yoshlarning siyosiy-huquqiy bilimlarini oshirish hamda 2019 yilda bajariladigan vazifalarni belgilash maqsadida 20 noyabrdan boshlab respublikaning barcha hududida «Barchasi o‘z qo‘lingda!» shiori ostida yoshlar o‘rtasidagi targ‘ibot dekadasiga start berildi. Dekada 30 noyabrgacha davom etadi. Dekada doirasida har bir hududda 10 kunlik «Tungi reydlar» o‘tkazilmoqda.

10 kun davomida viloyatlar miqyosida sodir etilayotgan huquqbuzarliklarni bartaraf etishga oid «Tungi reydlar» o‘tkazilib, nazoratsiz qolgan voyaga yetmagan yoshlar bilan tibbiy ko‘rik va psixologik suhbatlar, sog‘lom turmush tarzini shakllantirish bo‘yicha «Street workout» musobaqalari tashkil etilmoqda. Yoshlarda vatanparvarlik hissini uyg‘otish maqsadida ular bilan hududdagi harbiy qismlarga sayohatlar yo‘lga qo‘yilyapti. Barcha tumanlarda jadval asosida «Barchasi o‘z qo‘lingda!» shiori ostida pedagogik-psixologik treninglar, «Men kasb tanlayman» nomli ijtimoiy tadbirlar orqali yoshlarga kasb-hunar tanlashga ko‘maklashildi. Targ‘ibot dekadasi yakunida barcha hududlarda mutasaddi tashkilotlar tomonidan brifing o‘tkazilib, targ‘ibot loyihasi doirasida amalga oshirilgan ishlar va erishilgan natijalar to‘g‘risida axborot berish rejalashtirilgan.

10 kunlik targ‘ibot tadbirlarida jinoyatchilikka qarshi kurashishga ko‘maklashuvchi yoshlardan iborat «Jasorat» klubi a'zolari hududlarda kuzatilgan huquqbuzarliklarni tahlil qilib, maxsus shtabda yig‘ilgan ma'lumotlar bazasini ichki ishlar organlari bilan shakllantirib boradi. Tungi vaqtlarda ko‘chada daydib yurgan voyaga yetmaganlar aniqlanib, ularni to‘g‘ri yo‘lga yo‘naltirish choralari ko‘riladi. Ta'lim muassasalaridagi yoshlar o‘rtasida sodir bo‘lgan huqubuzarliklar bo‘yicha boshlang‘ich tashkilot yetakchilari kunlik hisobot berib boradi. Ushbu reydlar orqali yoshlar fohishalik, o‘g‘rilik, zo‘ravonlik kabi turli xil illat iskanjasidan asrab qolinishi choralari ko‘riladi. Reydlar natijasida ro‘yxatga olingan voyaga yetmaganlar tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi.

Ushbu harakat yoshlardagi tushkunlik holati va ruhiy barqarorligini aniqlashda qo‘l keladi. Mahallalardagi ishsiz va ko‘p dars qoldiruvchi, tarbiyasi og‘ir yoshlar o‘rtasida «Street workout» nomli ko‘chalar, mahallalar va tuman-shaharlar o‘rtasida uch bosqichdan iborat musobaqalar tashkil etiladi. G‘oliblar munosib rag‘batlantirilib, ko‘ngilli ravishda «Jasorat» klubi a'zoligiga kiritiladi.

Voyaga yetmagan yoshlar tungi vaqtda ko‘ngilochar joylar va internet klublarda yurmasligi kerak!

Yuqorida belgilangan loyihalar Yoshlar ittifoqi Xorazm viloyat Kengashi, Milliy gvardiya hamda viloyat ichki ishlar boshqarmasi bilan hamkorlikda Xorazmda «Barchasi o‘z qo‘lingda! » shiori ostida yoshlar o‘rtasida bo‘lib o‘tdi. Uning doirasida voyaga yetmagan yoshlar tungi vaqtlarda ko‘ngilochar joylarda va internet klublarida bo‘lishini oldini olish uchun tungi reydlar o‘tkazildi.

Jamoatchi yoshlar otryadlari a'zolari kechki soat 22:30dan so‘ng tumandagi «Dinay» kafesida 3 nafar voyaga yetmagan yoshni aniqlashdi. Ular o‘rtasida tushuntirish ishlari olib borildi. Qolaversa, ushbu ish yuzasidan tegishli tartibda hujjatlar rasmiylashtirildi. Bu kabi reydlar Xiva shahrida ham o‘tkazildi.

«Tungi reydlar davomida asosan balog‘at yoshiga yetmagan yoshlarni aniqlash va ularning ota-onasi bilan ishlarga harakat qilamiz. Xususan, voyaga yetmaganlar orasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklar oldini olish bo‘yicha aniqlangan holatlardan kelib chiqib, kelgusida bajariladigan ishlar bo‘yicha takliflar ishlab chiqyapmiz. O‘ylaymanki, yaqin vaqt ichida bu o‘z samarasini beradi», — deydi viloyat Kengashi bo‘lim mudiri Dilshod Atamuratov.

Ota-onalardan ham iltimos, ham talabimiz shuki, ular farzandlariga e'tiborliroq bo‘lishsin. Kelajagimiz qo‘lida bo‘lgan yoshlarni turli illatlardan asrash hammamizning burchimiz.

Ta'lim-tarbiya tadbirlariga ota-onalar ham jalb qilindi

Targ‘ibot ishlari mobaynida har bir tumanda ichki ishlar boshqarmasi profilaktik hisobida turgan voyaga yetmaganlarning soniga qarab jadval tuziladi va bolalar soniga qarab imom-xatib, psixolog, namunali nuroniy, harbiy xizmatchi, pedagoglar hayotiy ko‘nikmalarni shakllantirish bo‘yicha treninglar o‘tkazib borishadi.

Ushbu ta'lim-tarbiya tadbirlariga bolalarning ota-onalari ham jalb etilib, bola tarbiyasi, oiladagi muhit kabi masalalar bo‘yicha imom-xatib, psixolog, «Oila» ilmiy markazi vakili, pedagoglardan oila maktabi bo‘yicha saboq olishadi.

Bundan tashqari, Andijonda «Biz jinoyatchilik va huquqbuzarliklarga qarshi birlashamiz!» shiori ostidagi ko‘rik-tanlovning viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi. Mazkur bosqichda 16ta tuman va shahar bosqichlarida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan jamoalar tanlov nizomiga asosan «Devoriy gazetalar», «Insholar» hamda «Sahna ko‘rinishi» shartlarida o‘z bilim va iste'dodlarini namoyon etdi. O‘tkazilgan tanlov yakunlariga ko‘ra 1-o‘rinni Buloqboshi tumanining «Femida», 2 -o‘rinni Asaka tumanining «Levist» hamda 3-o‘rinni Andijon shahrining «Fidoyilar» jamoalari egallab, tashkilotchilar tomonidan munosib taqdirlanishdi.

Bu ko‘rik-tanlov respublikaning barcha viloyatlarida bo‘lib o‘tmoqda. «Barchasi o‘z qo‘lingda!» targ‘ibot dekadasi Yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi, Ichki ishlar vazirligi, Oliy Sud, Milliy gvardiya, Adliya, Mudofaa vazirliklari, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha respublika kengashi hamkorligida o‘tkazib kelinmoqda.

Shahnoza Nurillayeva

Mavzuga oid