O‘zbekiston | 22:44 / 30.05.2018
7657
5 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonning "Rosatom" bilan hamkorligi aholi turmush sifatini yaxshilash uchun xizmat qilishga qaratiladi

Foto: RIA Novosti

"Rosatom" korporatsiyasi bosh direktori Aleksey Lixachyov O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan AES qurilishidan tashqari, ilm-fan sohasida hamkorlik qilish, muqobil energetika manbalari va yadroviy infratuzilmani yo‘lga qo‘yish masalalarini muhokama qildi. KUN.UZ muxbiri Aleksey Lixachyovning so‘zlariga asoslanib, shu haqida xabar berdi. 

"Biz atom texnologiyalaridan noyadroviy foydalanish masalalarini ham muhokama qildik. Bunda izotop texnologiyalarni tibbiyotda qo‘llash, qishloq xo‘jaligida texnologiyalarimizdan foydalanish, ilm-fan sohasida hamkorlik masalalari nazarda tutiladi. Bularning barida bizning zamonaviy texnologiyalarimiz katta ijobiy ta'sir ko‘rsatishi mumkin. Tarmoqlararo hamkorlikni boshqa sohalarni rivojlantirish uchun jiddiy turtki sifatida ko‘ryapmiz. Bunda O‘zbekistondagi korxonalar bilan keng hamkorlik qilishga umid qilamiz", - deydi Lixachyov. 

Bundan tashqari, "Rosatom" bosh direktori Shavkat Mirziyoyev bilan muqobil energiya manbalari haqida suhbatlashgani haqida ma'lum qildi. "Uglevodorodlarga faqat yoqilg‘i sifatida munosabatda bo‘lish to‘g‘ri yondashuv deb bo‘lmaydi, albatta. Bunda ham atom energetikasi, ham zamonaviy - shamol generatsiyasi va quyosh generatsiyasi dolzarb ahamiyatga ega, "Rosatom"ning bunday vakolatlari ham bor. Biz bu yil Adigeyada birinchi kuchli shamol parkini ishga tushiryapmiz hamda bu yo‘nalishda ham O‘zbekiston hukumati va korxonalari bilan hamkorlik istiqbollari mavjud", - qo‘shimcha qildi Lixachyov. 

Aleksey Lixachyov. Foto: KUN.UZ

Uning so‘zlariga ko‘ra, tomonlar nafaqat ertangi kun, balki indingi kun haqida ham suhbatlashishgan. "O‘zbekiston prezidentining mamlakatda ilm-fan targ‘iboti bo‘yicha fikr-mulohazalarini tinglash menda juda katta qiziqish uyg‘otdi. To‘g‘risini aytsam, Shavkat Miromonovich bilan suhbat davomida uning mamlakatdagi ilm-fanni tashkil qilishga doir bildirilgan fikrlarning naqadar batafsil va keng qamrovli ekanidan yoqimli hayratga tushdim. Ilmiy yondashuvlarni qayta ko‘rib chiqish, yosh olimlar korpusining yaratilishi, ilm-fanga hurmatni oshirish, oliy ta'limning talabgorligi suhbatimizning jiddiy elementlaridan biri bo‘ldi", - deya ta'kidlaydi "Rosatom" rahbari. 

Tomonlar yana bir masalada hamfikr bo‘lishgani ma'lum qilindi. Bu loyihaning iqtisodiy natijasi bilan bog‘liq. 2,5 Gvt elektr generatsiyasi, O‘zbekistondagi korxonalarga buyurtmalar berish, bu sohada xizmat qilish uchun yuzlab, keyinchalik minglab yosh mutaxassislarni tayyorlash - bularni hisob-kitob qilib, istiqbolda jamoatchilikka taqdim etish mumkin bo‘ladi. 

"Mazkur loyihaning pulda hisoblash qiyin bo‘lgan, lekin juda muhim yana bir tomoni bor. Bu - odamlarning turmush sifatini yaxshilash, - deya ta'kidlaydi Lixachyov. - Bu komponentlarning barchasi oxir-oqibat odamlar hayotini yaxshilashga, ularning uzoq umr ko‘rishlari, kamroq kasal bo‘lishlari, kasalliklarni ertaroq aniqlash, xonadonlarda elektr energiyasi bo‘lishi, u uchun kamroq pul to‘lashlariga qaratilgan. O‘zbekiston Respublikasi rahbariyatining bu loyihadan maqsadi uning oxir-oqibat insonlar hayotini yaxshilash uchun xizmat qilishidadir. Bu masalada biz O‘zbekiston bilan hamfikrmiz, biz ham Rossiyada atom energetikasi rivojiga xuddi shunday munosabatdamiz, ya'ni bu soha rivojiga nafaqat yuqori texnologik loyiha sifatida, balki odamlar hayotini yaxshilash elementi sifatida ham qaraladi".

"Rosatom" rahbari loyihani tashkillashtirishga yondashuvga ham alohida to‘xtalib o‘tdi. Demak, bu buyurtmachi va pudratchining aniq roli ko‘rsatilgan shartnoma emas, qurilish ishlari birgalikda olib boriladigan yondashuvdir. Ta'kidlash joizki, bunday yondashuv faqat Rossiyaning o‘zida va Belarusda qo‘llanadi.

"Biz hukumat, buyurtmachi bilan birgalikda loyiha mezonlarini aniqlaymiz, uning qiymatini belgilaymiz, uni amalga oshirish uchun birdek mas'ul bo‘lamiz - bu loyihani hayotga tatbiq etish muddatini bir necha baravarga qisqartiradi, narx oshishining oldini oladi (chunki buyurtmachi narx qanday hosil qilinayotganini ko‘radi) va eng asosiysi, aynan shu yo‘ldan borib, bir vaqtning o‘zida O‘zbekistonda zamonaviy yadroviy infratuzilmani yo‘lga qo‘yish masalasini kechiktirmay hal qilish imkonini beradi. Nima uchun? Chunki bu borada olib borilayotgan ishlarni nazorat qiladigan idora kerak bo‘ladi, albatta. Buni shartli ravishda "atomnazorat" desak bo‘ladi va u eng zamonaviy xavfsizlik texnologiyalarini kafolatlashi kerak bo‘ladi", - qo‘shimcha qiladi u. 

Mavzuga oid