Jahon | 00:08 / 05.12.2017
55073
11 daqiqa o‘qiladi

Yamanda 245 kishi o‘ldirildi, jumladan, sobiq prezident ham: U yerda nimalar bo‘layapti?

Foto: Reuters

Yamanning sobiq prezidenti Ali Abdulla Solih dushanba kuni mamlakat poytaxti Sana shahrida qo‘zg‘olonchi husiychilarning hujumi natijasida o‘ldirilgan. Siyosatchining o‘limi haqida Al Arabiya kanali Solih boshqarib kelgan Umumxalq kongressi partiyasi vakiliga asoslanib, xabar tarqatgan.

Qo‘zg‘olonchi husiychilar (shialarning «Ansorulloh» harakati) nazorati ostida bo‘lib turgan ichki ishlar vazirligi ham ushbu xabarni tasdiqladi, deydi Al Jazeera telekanali.

Foto: Fars News

Yamanning Aden Al-Ghad portali mamlakatning sobiq rahbariga o‘xshash kishining murdasi suratini namoyish etgan. Suratda Solihga o‘xshagan kishining boshidan jarohat olgan jasadi tasvirlangan. Nashrga ko‘ra, u husiychilarga taslim bo‘lgach, o‘ldirilgan bo‘lishi mumkin.

Foto: Fars News

Eronning Fars agentligi esa, o‘z navbatida, Yamanning sobiq rahbari jasadi tasvirlangan videoyozuvni e'lon qildi. Video agentlikning Twitter’iga joylangan. Videoyozuvdan ko‘rinishicha, qo‘zg‘alonchi husiychilar avtomobil kuzoviga Solihga o‘xshash insonning jonsiz tanasini ortib olib ketishmoqda. Erkakning kiyimlari qonga bo‘yalgan, u adyolga o‘ralgan.

Foto: Fars News

Umumxalq kongressi partiyasidagi manba sobiq prezident mamlakat poytaxti Sananing janubiy-sharqida joylashgan Sanhon degan joyda o‘ldirilganini aytib o‘tgan. U yerda sobiq prezidentning qarorgohi bo‘lib, bu joy Reuters agentligi bugun ertalab husiychilar tomonidan portlatilgani xabar qilingan edi. Biroq, manba Solih portlash natijasida emas, snayper o‘qidan halok bo‘lganini aytmoqda. Portlash vaqtida Solih aynan qayerda bo‘lgani xususida biror bir aniq ma'lumot berilmayapti.

Bu orada Al Mayadin telekanali Yaman poytaxtidagi muxbiri tomonidan yetkazilgan ma'lumotlarga asoslanib, Solihning qarorgohi portlatilmaganini xabar berdi.

To‘qnashuv qurbonlari

Qo‘zg‘olonchi husiychilar (shialarning «Ansorulloh» harakati) va Yamanning sobiq prezidenti Ali Abdulla Solih tarafdorlari o‘rtasidagi yirik kalibrli pulemyotlar, minomyotlar va granatamyotlar vositasidagi to‘qnashuvlar Yaman poytaxti Sanada 29 noyabrdan buyon davom etib kelmoqda. Dushanba kuni husiychilar sobiq prezident Ali Abdulla Solih tomonidan ularga nisbatan qurolli hujum uyushtirilganidan so‘ng Yaman poytaxtini o‘z nazoratlariga olishganini e'lon qilishdi.

Xalqaro Qizil xoch qo‘mitasining ma'lumotlariga ko‘ra, Yaman poytaxtida ro‘y bergan olti kunlik to‘qnashuvlar natijasida kamida 125 kishi o‘ldirilgan, yana 238 kishi yarador bo‘lgan.

Sky News Arabia telekanali esa ilgariroq kamida 245 o‘ldirilgani haqida xabar bergan. «Biz yaradorlarga yordam berishda qiynalayotgan Sananing asosiy shifoxonalariga yordam qo‘lini cho‘zmoqdamiz», — deya Qizil xoch qo‘mitasi rasmiy vakili Iolanda Jakmening so‘zlarini keltirmoqda Reuters agentligi. Jakme xonim tashkilot shifoxonalarni elektr energiyasi bilan ta'minlovchi generatorlar uchun yoqilg‘i yetkazishni uddalaydi, degan ishonchda.

Qarama-qarshilik tarixi

Yamanning sobiq prezidenti yakshanba kuni husiychilarni xalqqa qarshi jinoyatlarda ayblab, ular bilan ittifoqchilik munosabatlariga yakun yasalishini e'lon qilgan. Bunga javoban «Ansorulloh» yetakchisi Abdulmalik al-Husiy Solihning xatti-harakatlarini «o‘ylanmagan va shubhali» deb atagan.

Arab koalitsiyasi respublikaning sobiq rahbarini qo‘llab-quvvatlagan va «Eronga yon bosuvchi militsiya (husiychilar) ning zulmiga qarshi bosh ko‘targan Yaman xalqi bilan birdam ekanligi»ni e'lon qilgan. 2014 yilning avgustidan buyon mamlakatda jahon hamjamiyati tomonidan legitim deb tan olingan Yaman hukumati va husiychilarning qo‘zg‘alonchi guruhlari hamda bu guruhlarni qo‘llab turgan Solihning tarafdorlari bo‘lmish qurolli kuchlar o‘rtasida ziddiyat davom etib kelmoqda.

Ayni paytda berilayotgan xabarlarga ko‘ra, husiychilar mamlakat poytaxtini tark etib, shimol tomon yo‘l olishgan.

BMT tanaffus so‘ramoqda

BMTning Yamandagi insonparvarlik masalalarini yo‘lga qo‘yish boshqarmasi vakili Jyeymi Makgoldrik ziddiyatlashayotgan tomonlardan fuqarolarga va yaradorlarga yordam ko‘rsatish uchun 5 dekabr kuni janglarni bir necha soatga to‘xtatib turishni so‘ragan.

«Men ziddiyatda qatnashayotgan barcha tomonlarni 5 dekabr kuni soat 10:00 dan 16:00 ga qadar insonparvarlik sukuti saqlashga chaqiraman. Tinch aholi o‘z uylarini tark etishi, yordam va himoyaga ega bo‘lishi, insonparvarlik yordami ko‘rsatuvchi tashkilotlarning insonlar hayotini qutqarish bilan bog‘liq ishlarini amalga oshirish uchun harakatlanishiga imkon berilishi so‘rayman», — degan Makgoldrik, «yaradorlarga ham tibbiy yordam ko‘rsatilishiga izn berilishi kerak»ligini ta'kidlab.

Solihning tarjimai holi

Ali Abdulla Solih 1942 yilning 21 martida Shimoliy Yamandagi Bayt-ul-Ahmar qishlog‘ida tavallud topadi. U unchalik boy bo‘lmagan, shialarning zaydchilar tiragiga ixlos qiluvchi oilada dunyoga keladi. Tug‘ilgani hamono otasidan ayriladi.

1950 yilda Damaradagi islomiy maktabga o‘qishga kiradi. 1958 yilda mamlakat qurolli kuchlari safiga qabul qilinadi, zirhli tank qo‘shinlari o‘quv yurti qoshidagi unter-zobitlik kurslarini tamomlaydi.

Maktabda o‘qib yurgan chog‘laridayoq Shimoliy Yamanda ildiz otayotgan muxolifat harakatiga qo‘shiladi, so‘ngra 1962 yil sentabrdagi inqilobda ishtirok etadi. Inqilob natijasida monarxiya qulatiladi va Yaman Arab Respublikasi e'lon qilinadi. Shundan so‘ng mamlakatda fuqarolar urushi boshlanadi va 8 yil davom etadi. 1967 yil dekabrida Solih podshoh tarafdorlari tomonidan qurshab olingan Sananing mudofaasida ishtirok etadi.

Foto: TASS

1970-yillarning o‘rtalariga kelib u polkovnik unvoniga erishadi va brigada ustidan qo‘mondonlik qila boshlaydi. 1974 yilda Solih davlat to‘ntarishida ishtirok etadi va mamlakat ruliga polkovnik Ibrohim al-Hamdiy kelishiga ko‘maklashadi. 1977 yilgi navbatdagi davlat to‘ntarishi chog‘ida Hamdiy o‘ldiriladi. Mamlakatni polkovnik Ahmad al-G‘ashmiy idora qila boshlaydi. U Solihni Toiz provinsiyasiga gubernator etib tayinlaydi. 1978 yil iyunida Solih muvaqqat prezidentlik kengashi a'zosi, YaAR qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni o‘rinbosari, bosh shtab rahbari etib tayinlanadi.

1978 yil 17 iyulda Xalq yig‘ini (parlament) Ali Abdulla Solihni YaAR prezidenti etib saylaydi. Uni yoqlab 96 deputatdan 76 nafari ovoz beradi. Hokimiyatga kelgach, u davlat to‘ntarishining oldini oladi va buni uyushtirgan 30 zobitni qatl ettiradi. 1983 yil mayda va 1988 yil iyulda u 5 yil muddatga mamlakat prezidenti etib saylanadi.

1982 yil avgustida u keyinchalik mamlakatda yetakchi partiyaga aylangan Umumxalq kongressi bosh kotibi, so‘ngra UXK raisi etib tayinlanadi.

1990 yilning mayida Yaman Arab Respublikasi 1967 yili tuzilgan Yaman Xalq Demokratik Respublikasi bilan birlashgach, Yaman Respublikasi deb atala boshlaydi. Solih Prezidentlik kengashi raisi etib saylanadi. 1994 yil oktabrida mamlakat parlamenti Solihni Yaman Respublikasi prezidenti etib saylaydi. 1999 yilda u ilk umumxalq saylovida 96 foiz ovoz jamg‘arib g‘olib chiqadi, 2001 yilda esa prezidentlik muddatini 5 yildan 7 yilga uzaytirish bo‘yicha konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritishga erishadi. 2005 yilda Solih yangi prezidentlik saylovida ishtirok etmasligini e'lon qiladi, biroq 2006 yilda yana saylovda qatnashib, 77,17 foiz ovoz jamg‘aradi.

2011 yilning yanvarida arab bahori voqealari fonida Sanada ham xalq namoyishlari boshlanadi: namoyishchilar Solihning iste'fosini talab qilib chiqishadi. Bunga javoban prezident konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritmaslik va o‘z o‘g‘li — prezident gvardiyasi hamda mamlakat maxsus xizmati rahbari Ahmad ham 2013 yilgi prezidentlik saylovlarida ishtirok etmasligiga va'da beradi. Bir vaqtning o‘zida u daromad soliqlarini kamaytirib, hukumatga narxlarni nazoratga olishni buyuradi. Biroq, 2011 yil mart oyida o‘rtalarida namoyish shunday xarakter kasb etdiki, hukumat namoyishchilarga qarata o‘q uzishga majbur bo‘ladi: 46 kishi halok bo‘ladi, bir necha yuz kishi yaralanadi. Buning ortidan Solih mamlakatda favqulodda holat joriy etadi va qo‘zg‘olonchilar tomonga o‘tib ketishidan cho‘chib, hukumatni ham tarqatib yubordi.

2011 yil mayida Yamandagi vaziyat keskinlashdi va poytaxt Sanada armiya va qurollangan muxolifat o‘rtasida to‘qnashuvlar kelib chiqa boshladi. 3 iyun kuni muxolifatchilar Sanadagi prezident qarorgohiga raketa zarbasi berishdi, buning natijasida Solih yarador bo‘ldi va davolanish uchun Saudiya Arabistoniga yo‘l oldi. 23 sentabrda u vataniga qaytdi.

Shu yil 23 noyabr kuni Ar-Riyodda Ali Abdulla Solih va muxolifat vakillari mamlakatdagi hokimiyatni topshirish haqida bitim imzolashdi. 2012 yil 21 yanvarda Yamanda qabul qilingan qonunga ko‘ra, Solih va uning oilasiga sud ta'qibidan immunitet berildi. 22 yanvar kuni u Yamanni tark etib, Ummonga yo‘l oldi, undan so‘ng AQShga. 2012 yil 24 fevralda u Yamanga qaytdi. 27 fevralda Abdurabbu Mansur Hodiyning prezidentlik lavozimiga kirishishi bilan, Solih rasman prezidentlik vakolatidan voz kechdi.

2014 yilning avgustida Yamanning bir qator hududlarida husiychilar (shialarning harbiylashgan guruhi) tomonidan uyushtirilgan hukumatning neft mahsulotlariga subsidiyalarni bekor qilish va buning ortidan benzin narxining keskin o‘sishiga qarshi ommaviy namoyishlar bo‘lib o‘tdi. 2014 yil sentabr oyi o‘rtalariga kelib, ular Sananing bir qator dahalarini, jumladan, hukumat binolarini egallab olishdi. Solih husiychilar bilan kelishuv tuzib, Yamanning amaldagi hokimiyatiga qarshi kampaniyani boshladi. 2014 yilning 8 noyabrida BMT Xavfsizlik Kengashi Ali Abdulla Solih hamda shialarning «Ansorulloh» qo‘zg‘alonchi harakati ikki yetakchisiga nisbatan «mamlakatdagi tinchlik va barqarorlikka tahdid solayotgani, siyosiy jarayonlarga xalaqit berayotgani» tufayli sanksiya joriy etdi. Ularning aktivlari muzlatib qo‘yildi, shuningdek, ularga mamlakatni tark etishi taqiqlandi.

Shu yil noyabri oxirida Solih tarafdorlari va husiychilar o‘rtasida ziddiyat yuzaga keldi. Dekabr oyi boshida Solih husiychilarni aksilxalq harakatlarda ayblab, ular bilan ittifoqchilik munosabatlarini bas qilishini ma'lum qildi. Bunga javoban husiychilar unga suiqasd uyushtirib, o‘ldirishganini e'lon qilishdi.

Mavzuga oid