O‘zbekiston | 12:00 / 29.09.2017
81849
5 daqiqa o‘qiladi

«O‘z xohishing bilan ariza yoz, yo‘qsa statya bilan bo‘shataman». Bunday tahdiddan cho‘chish kerakmi?

Savol: Ish beruvchi korxona (tashkilot) navbatdagi mehnat ta'tiliga chiqish to‘g‘risida yozilgan arizani rasmiylashtirmasdan, «ta'tildan so‘ng bo‘shayman», (posleduyushchiy uvolneniye) ko‘rinishida boshqatdan ariza yozasan deb, majburiy ariza yozdirishga harakat qilmoqda. Lekin men bunday mazmundagi arizani yozmasdan, sizlarga maslahat so‘rab murojaat qilishga majbur bo‘ldim. Iltimos qonuniy maslahat bering.

Erkin Botirov

Javob: O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 144-moddasiga ko‘ra yillik ta'tillarni berish navbati kalendar yil boshlangunga qadar ish beruvchi tomonidan kasaba uyushmasi qo‘mitasi yoki xodimlarning boshqa vakillik organi bilan kelishib tasdiqlanadigan jadvalga muvofiq belgilanadi.

Qoidaga ko‘ra, jadval bo‘yicha navbati kelgan xodimga ta'til uning arizasi bor-yo‘qligidan qat'i nazar berilishi kerak. Lekin, bugungi kunda amaliyotda deyarli barcha holatda ta'til uchun xodimdan ariza talab etiladi.

Bu noto‘g‘ri. Chunki, ta'til berish vaqti haqida xodim ta'til boshlanishidan kamida o‘n besh kun oldin ish beruvchining o‘zi yoki korxonaning mas'ul xodimi tomonidan xabardor qilinishi kerak.

Xodim ta'tildan foydalanishga to‘sqinlik qiluvchi sabablar to‘g‘risida ish beruvchini xabardor qilsa, ta'til ish beruvchi va xodimning kelishuvi bilan boshqa muddatga ko‘chirilishi mumkin.

Ta'til jadvali bo‘yicha navbati kelgan xodimga ta'til o‘z vaqtida berilmasligi mehnat to‘g‘risidagi qonun hujjatlari buzilishi (Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks 49-moddasi), deb baholanadi va ish beruvchiga eng kam ish haqining ikki baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Ish beruvchi xodimdan uning xohishiga zid ravishda «ta'tildan so‘ng mehnat shartnomasini bekor qilishingizni so‘rayman» mazmunidagi arizani talab qilishga haqli emas.

Va o‘z navbatida xodim ushbu mazmundagi arizani yozishga majbur emas.

Xodimlar shuni unutmasliklari lozimki, mehnat shartnomasi bu ish beruvchi istagan vaqtda bekor qilib yuborishi mumkin bo‘lgan hujjat emas. Mehnat shartnomasini bekor qilish tartibiga rioya qilmaslik ham ish beruvchini ma'muriy va moddiy javobgarlikka tortish uchun asos bo‘lishi mumkin.

Ko‘p hollarda, ish beruvchi xodimdan «o‘z xohishing bilan bo‘shashga ariza yoz, bo‘lmasa statya bilan bo‘shataman, keyin seni hech qayerga ishga olishmaydi» mazmunida tahdid qiladi.

Bunday tahdiddan cho‘chish mutlaqo o‘rinsizdir.

Birinchidan, xodimning aybi bo‘lmas ekan, hech qachon uni «statya» bilan bo‘shatib bo‘lmaydi.

«Statya» o‘zi nima?

Bu so‘z qonunchilikdagi «modda» so‘zining rus tilidagi talaffuzidan kelib chiqqan. Mehnat kodeksining 100-moddasi ikkinchi qismining 3- va 4-bandlariga ko‘ra, xodim mehnat intizomini buzgani uchun mehnat shartnomasi ish beruvchining tashabbusiga ko‘ra bekor qilinishi mumkin. Xodimni vahimaga soladigan «statya» shu narsa xolos.

Ikkinchidan, sobiq SSSR davrida mehnat shartnomasini bekor bo‘lish sabablari mehnat daftarchasiga yozilardi va «statya» bilan bo‘shatilgan xodimlarning keyingi ishga joylashish masalasi xavf ostida qolib ketardi.

O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunchiligiga ko‘ra, mehnat shartnomasi bekor bo‘lishi asoslari mehnat daftarchasiga yozilishi mumkin emas. Ishdan bo‘shagan xodimning mehnat daftarchasidagi «ishi to‘g‘risidagi ma'lumotlar» ustuniga «Mehnat shartnomasi bekor qilindi» jumlasidan boshqa so‘zlar yozilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Uchinchidan, ayrim tashkilotlarda ishga qabul qilish vaqtida avvalgi ish joyidan tavsifnoma (xarakteristika) so‘rashadi. Tabiiyki «statya» bilan bo‘shatilgan xodimga avvalgi ish joyidan ijobiy tavsif berishmaydi.

Bu ham noto‘g‘ri talabdir, chunki Mehnat kodeksining 80-moddasida ishga qabul qilish vaqtida talab etiladigan hujjatlar sanab o‘tilgan bo‘lib, ular qatorida avvalgi ish joyidan tavsifnoma nazarda tutilmagan va ishga qabul qilish vaqtida ishga kirayotgan shaxsdan qonun hujjatlarida ko‘rsatilmagan hujjatlarni talab qilish taqiqlanadi.

Shuni bilish lozimki, Mehnat shartnomasi g‘ayriqonuniy ravishda bekor qilingan hollarda, u ish beruvchining o‘zi, sud yoki boshqa vakolatli organ tomonidan avvalgi ishiga tiklanishi muqarrardir.

Mavzuga oid