Jamiyat | 18:28 / 20.10.2016
6063
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiyada 10 yoshli bola yong‘in chiqqan uydan bir yoshli singlisini qutqarib chiqdi

Rossiyaning Baykalorti o‘lkasida joylashgan Borzya shahrida 10 yashar bola yong‘in chiqqan uydan bir yashar singlisini qutqarishga muvaffaq bo‘ldi. Bu haqda FVV Davlat boshqarmasining matbuot xizmatiga asoslanib, TASS agentligi xabar bermoqda.

"Yong‘in 19 oktabr kuni yuz bergan. Bolakay singlisi bilan birga yonayotgan uyning derazasidan ko‘chaga o‘zlarini otgan. Yong‘in o‘chirilgan, bolalar jabrlanmagan. Voqea joyiga yetib kelgan o‘t o‘chirish xizmati xodimlari bolalar uchun tibbiy yordam chaqirishgan", deyilgan xabarda.

Bolakayning so‘zlariga ko‘ra, uning ota-onasi pechni yoqishgan va ishga ketishgan. Ular bilan birga xolasi qolgan, ammo u ham bolalarni yolg‘iz qoldirgancha, ko‘chaga shoshilgan. Ayol uyni berkitib ketgandi.

"Bolakay pech yonidagi to‘shakning yonayotganini payqab qolgan, uni ko‘chaga olib chiqish uchun harakat qilgan, ammo eshik berk bo‘lgan. Shunda u bo‘g‘ila boshlagan va otasining kurtkasini kiyib, singlisini qo‘lga olgan. Ular birgalikda derazadan tashqariga chiqishgan”, deb xabar bergan matbuot xizmati.

Yong‘inni 20 daqiqada o‘chirishgan, u uyning 20 kv. metr hududiga zarar yetkazgan. Voqeaga nisbatan bildirilgan dastlabki taxmin – olov bilan ehtiyotsiz muomala deb topilgan.

 

Mavzuga oid