Jamiyat | 10:41 / 13.10.2016
12235
3 daqiqa o‘qiladi

Niderlandiyada o‘lishni xohlagan sog‘lom insonlarga ham evtanaziya qo‘llanilishi mumkin

Foto: medinfo

Niderlandiya hukumati evtanaziya (insonni o‘ldirish maqsadida tanasiga dori yuborish)ga ruxsat beruvchi qonun loyihasi ishlab chiqish niyatida. Unga ko‘ra, evtanaziyani nafaqat tuzalmas bemorlarga, balki «umri tugaganiga ishonchi komil» bo‘lgan har qanday sog‘lom kishiga qo‘llash mumkin bo‘ladi. 13 oktabr kuni Reuters agentligi xabar qilganidek, mazkur tashabbus sog‘liqni saqlash vaziri Edit Sxippers va xavfsizlik hamda adolat vaziri Arta van der Sterning qo‘shma maktubida so‘z yuritilgan.

Hujjat mualliflarining fikricha, «o‘lishni xohlagan va hayotini, chuqur o‘ylab ko‘rgach yakunlashga qaror qilganlarga, qat'iy va aniq mezonlar asosida, o‘zi ma'qul ko‘rgan usulda o‘lish huquqi berilishi kerak». Qonun loyihasini shifokorlar va axloq mutaxassislar bilan hamkorlikda 2017 yil oxirigacha to‘liq ishlab chiqish rejalashtirilgan. 

Reuters agentligining qayd etishicha, Niderlandiya jamoatchiligi evtanaziyani keng qo‘llab-quvvatlaydi. Xususan, 2015 yili mamlakatda 5516ta ko‘ngilli ravishda o‘lim holati ro‘yxatga olingan. Bu esa, mamlakatda jami o‘lim holatlarining 3,9 foizini tashkil etadi. 

Shu yilning 17 sentabrida Belgiyada evtanaziyaga ruxsat beruvchi qonun qabul qilingan 2014 yildan beri ilk marotaba shifokorlar evtanaziyani qo‘llashdi. Unda, davolab bo‘lmas kasallikka chalingan bola o‘ldirildi. 

Dunyoda birinchi marta Niderlandiya 2002 yilda evtanaziyaga rasman ruxsat bergan edi. Biroq, uni davolash umidi qolmagan bemorlarga nisbatan qo‘llash mumkin. 

Keyinchalik, evtanaziyaga Belgiya, Shveytsariya, Lyuksemburg hamda AQShning to‘rtta shtatida ruxsat berildi. Bundan tashqari, ayrim mamlakatda passiv evtanaziyaga yo‘l qo‘yiladi, bunda bemorning tabiiy o‘limini tezlashtirish uchun unga tibbiy yordam ko‘rsatilmaydi va hayoti uchun kurash to‘xtatiladi. 

Mavzuga oid