Jahon | 20:23 / 23.03.2025
10834
19 daqiqa o‘qiladi

Ular nihoyat erkin, ammo ulkan to‘lov to‘lashdi - Asad ag‘darilgandan so‘ng Suriya qanday hayot kechirmoqda?

2024 yil dekabrida Suriyada Asadlar rejimining ellik yillik hukmronligi yakun topdi. Ko‘plab suriyaliklar erkinlikdan bahramand bo‘lishda davom etmoqda, biroq mamlakat barqarorlikka erishdi, deb bo‘lmaydi. Suriya hanuz chuqur inqiroz ichida, mamlakatni harbiy to‘qnashuvlar larzaga solmoqda.

«Meduza» sharqshunos Ruslan Sulaymonovning Daraa, Halab va Damashq kabi yirik shaharlardan tayyorlagan reportajini e’lon qildi.

Daraa — inqilob tongi

2011 yil 6 mart kuni ertalab Suriya janubida joylashgan kichik Daraa shahrida bir necha o‘smir maktab ichki hovlisi devorida shunday graffiti chizadi: «Sening navbating keldi, doktor!»

Ular bu so‘zlar bilan mamlakat prezidenti, muttaxassisligi bo‘yicha oftalmolog Bashar Asadga murojaat qilgan edi. O‘sha paytga kelib butun arab olamida alanga yonib turgan edi — Misrda ko‘p yillik hukmdor Husniy Muborak va Tunisda Zaynulobiddin ibn Ali ag‘darilgandi.

Daraa / Ruslan Suleymanov

Politsiya deyarli darhol o‘quvchilarni hibsga oladi va keyingi bir necha kun davomida qiynoqlarga solishadi. Ular elektroshoker bilan to‘qnashdi, tirnoqlari ostiga ninalar sanchildi. Ehtimol, hukumat ehtimoliy inqilobdan qo‘rqib, o‘smirlarni namoyishkorona tarzda jazolashni maqsad qilgan edi.

Biroq natija aksincha bo‘ldi. Qiynoqlar to‘g‘risidagi xabarlar butun Daraani larzaga soldi. Shahar aholisi uyushgan holda politsiya bo‘limi oldida to‘planib, bolalarni ozod qilishni talab qila boshladi. Hokimiyat noroziliklarni shafqatsizlik bilan bostirdi. Lekin bu mahalliy aholini to‘xtata olmadi. Namoyishlar endi faqat Daraada emas, balki butun Suriya bo‘ylab avj oldi.

Shunday qilib, o‘tmishda barqaror bo‘lgan va butun arab olami uchun namuna bo‘lib kelgan mamlakatda ko‘p yillik fuqarolik urushi boshlandi. Bu urush qariyb 14 yilga cho‘zildi, 400 mingdan ziyod inson hayotiga zomin bo‘ldi, mamlakatdagi 20 mln kishining yarmidan ko‘pi qochqinga aylandi va 2024 yil dekabrida — Asadlar rejimi ag‘darilishi bilan yakunlandi. Ushbu rejim Suriyada yarim asrdan ziyod hukmronlik qilgan edi.

«Men baxtlimanmi? Yo‘q, mutlaqo yo‘q. Mamlakatim vayronaga aylandi. O‘sha paytda hech narsa yozmaganimiz yaxshi edi», — deydi Abdurahmon, o‘sha 2011 yildagi graffitini yozgan o‘smirlardan biri. Hozirda Abdurahmon kamtarona hayot kechirmoqda: qayerda pul topsa, o‘sha yerda ishlaydi — ba’zan mahalliy qurilishda, ba’zan esa o‘sha maktabda posbon bo‘lib.

2011 yilda fuqarolik urushi boshlanishiga sabab bo‘lgan graffitini chizgan o‘smirlardan biri Abdurahmon

14 yil ichida maktab hovlisi devorlari bir necha marta qayta bo‘yalgan. Ulardan birida yaqinda paydo bo‘lgan yangi yozuv bor: «Doktor qochdi». «Ha, biz nihoyat erkinlikka erishdik. Lekin biz buning uchun juda katta haq to‘ladik», — deb tan oladi Abdurahmon.

«Doktor qochdi» yozuvi chizilgan devor

Bugungi kunda Daraa — vayronadan boshqa narsa emas, shahar markazi — fuqarolik urushi davrida eng kam jabrlangan hudud — buning istisnosidir. Ko‘plab vayronalar orasida hali ham odamlar yashaydigan nisbatan sog‘ binolar bor. Buni xarobalar orasida o‘ynayotgan bolalar, shuningdek, yangi yuvilgan kiyimlar ilingan kir dorlardan bilib olish mumkin.

Shahardagi yagona yangilik — qabristonlar. Bu yerlarga Asad rejimiga qarshi kurashda halok bo‘lgan mahalliy aholi dafn etilgan. Har bir maqbara toshida «shahid» so‘zi yozilgan. Markaziy hokimiyat bir necha bor bu toshlarni buzdirgan, shu bois ularning ko‘p qismi yorilib ketgan yoki ikkita bo‘lakka bo‘lingan.

Daraadagi qabriston

Asad ag‘darilgandan so‘ng mamlakatda hokimiyat «Hay’at Tahrir ash-Shom» guruhi qo‘liga o‘tdi. Biroq Daraada tartibni Janubiy operativ shtab (SOR) nazorat qiladi.

2024 yil noyabr oyi oxirida Hsh jangarilari Suriya shimolida tezkor hujum boshlaganida, ularga janubdan aynan SOR ko‘mak bergan. «2024 yil 8 dekabr tongida biz birinchi bo‘lib Damashqqa kirdik. Hsh ittifoqchilari bizdan keyin keldi», — deb eslaydi hozirda Daraada tartibni saqlayotgan «janubliklar» qurolli guruhlaridan biri vakili Abu Imod.

Uning so‘zlariga ko‘ra, aynan SOR tarkibidagi kuchlar ag‘darilgan Suriya hukumatidagi bosh vazir Muhammad G‘oziy al-Jaloliyni himoyaga olgan. U hokimiyatni ixtiyoriy ravishda isyonchilarga topshirishga rozi bo‘lgandi.

Idlib — muqobil Suriya

Suriya diktatori Moskvaga qochganidan ikki kun o‘tiboq, Hsh Muhammad al-Bashir rahbarligida vaqtinchalik hukumat tuzilganini e’lon qildi. Aslida bu Damashqqa Hsh nazorati ostidagi Suriya shimolida joylashgan kichik Idlib viloyatida so‘nggi yillarda amal qilgan «Suriyani qutqarish hukumati»ni ko‘chirish edi.

Bu yerda taxminan 10 yil davomida IShID terrorchi guruhining Suriya bo‘limi tarkibidan chiqqan kishilar o‘ziga xos «muqobil Suriya»ni barpo etgandi: korrupsiyadan xoli va ba’zi jihatlar bo‘yicha yuqori hayot darajasiga ega jamiyat.

Masalan, Idlibda Turkiya elektr tarmoqlariga ulanishi tufayli elektr 24 soat uzluksiz berilardi. Bu Asad nazoratidagi boshqa hududlardagidan keskin farq qilardi: u yerlarda elektr kuniga 3–5 soatgina berilgan. Bundan tashqari, mobil aloqa ham yaxshi yo‘lga qo‘yilgandi. Chunki mahalliy ma’muriyat Lyuksemburgning +352 telefon kodi orqali o‘z mobil tarmog‘ini yaratgan.

«Turkiya — xalqaro maydonda, jumladan, chirigan BMT Xavfsizlik kengashida ham bizga doimo yordam bergan yagona davlat. Bu Kengash allaqachon „Yo‘q qilish kengashi“ga aylandi. Boshqa xalqaro tashkilotlar — BMTmi yoki Xalqaro sudmi — ular ishlamaydi. Biz adolatni o‘zimiz tiklayapmiz. Biroq faqat qurol bilan», — deydi Idlibni Halab bilan bog‘lovchi shosse ustidan nazorat olib boruvchi Hsh jangarilaridan biri.

Darhaqiqat, Turkiya hech qachon suriyalik isyonchilarga bo‘lgan hamdardligini yashirmagan, ularni qo‘llab-quvvatlab kelgan. Shunchalikki, bugungi kunda Idlib va qo‘shni Halabda turk liralari bilan erkin hisob-kitob qilish mumkin. Suriya funtlari esa har joyda ham qabul qilinmaydi.

Bundan tashqari, Idlibda so‘nggi yillarda shariat qonunlari amal qilardi. Asadning dunyoviy, ammo korrupsiyaga botgan adliyasiga nisbatan ko‘plab suriyaliklar buni adolatli muqobillik deb bilishardi. Endi shunday tizimni Suriyaning qolgan hududlarida ham joriy etishmoqchi.

Shu bilan birga, Hsh vakillari islomning o‘zlaricha qattiq talqiniga amal qilgan bo‘lsalar-da, Idlibdagi fuqarolik ma’muriyati boshqa din vakillarini namoyishkorona himoya qilar edi. Masalan, nasroniylar o‘z cherkovlarida erkin ibodat qilar edi. Ammo bu ularga qarshi ayrim holatlar, jumladan, faqat dini uchun uyidan ko‘chirib yuborishlar bo‘lmagan, degani emas.

Halab — jasadlar ustidagi jannat

Suriyadagi fuqarolik urushining eng og‘ir va uzoq davom etgan janglari aynan Halabda kechgan. Shu sababli shaharga «Suriya Stalingradi» degan nom berilgan. Asad qo‘shinlari Rossiya, Eron va Livandagi «Hizbulloh» jangarilari yordamida Suriyaning sobiq iqtisodiy poytaxtini to‘rt yil davomida muxolifat kuchlaridan tozalash uchun shturm qilgan va 2016 yil dekabrida to‘liq egallagandi. Bu voqea Suriya urushidagi burilish nuqtasi sifatida ko‘rilgan va shundan so‘ng Asad o‘zini daxlsiz deb hisoblay boshlagan.

2024 yil oxirida esa Halab fuqarolik urushida navbatdagi muhim chorrahaga aylandi. Hsh uni uch kun ichida o‘z nazoratiga oldi va darhol elektr hamda barqaror internet ta’minotini yo‘lga qo‘ydi. «Biz jannatda yuribmiz. Ozodlikning mast qiluvchi ta’mini birinchi bo‘lib biz totdik», — deb faxr bilan so‘zlaydi 19 yoshli Mustafo. U shahar sharqidagi ulkan universitet shaharchasida joylashgan eski yotoqxonada isitish tizimisiz kichik xonada yashaydi.

Halab qal’asi

Shahar aholisining shodligi aks etgan kadrlar hamda elektr ta’minoti tiklangani haqidagi lavhalar butun mamlakatga tezlik bilan tarqaldi. Shu bois, Asad nazoratidagi shaharlarda Hshni bosqinchi emas, ozod qiluvchi sifatida kutayotganlar kam emas edi. «Butun Suriya bizga havas qildi va biz bilan birga bo‘lishni xohladi», — deydi Mustafo.

Halabda turk liralari

Hozirgi Halab — yarim vayronaga aylangan shahar. Ko‘plab xarobalar orasida, mahalliy aholi ta’rificha, hanuz ko‘milmagan jasadlar bo‘lishi mumkin. «Bu Rossiyaning ishi. U Asad rejimining qulashini faqat kechiktirib berdi, xolos. Bu baribir sodir bo‘lardi», — deydi shahar markazidagi qandolatchilik do‘koniga egalik qiladigan qariya Feysal.

Uning fikricha, Rossiya ham, Eron ham Suriyani tiklashda ishtirok etishi shart. «Faqat tarixiy yodgorliklarni emas, uylarimizni, ko‘chalarimizni ham tiklashda rossiyaliklar ishtirok etishi kerak», — deb ta’kidlaydi u.

Ko‘plab janglar vaqtida XII asrda qurilgan, YuNeSKOning Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan Halab qal’asi ham jiddiy zarar ko‘rgan. 4 dekabr kuni Hsh yetakchisi Abu Muhammad al-Jo‘laniy qal’aning chiqish qismidagi zinapoyalardan quvonchli omma qurshovida yurib o‘tgan lavhalar butun Suriyada, jumladan, Damashq aholisida ham katta taassurot qoldirgandi. Ko‘pchilik aynan shu paytda Asadning kunlari sanoqli qolganini anglab yetgan.

Halab

Bugun qal’a oldidagi maydonda musiqa yangraydi, qo‘shni viloyatlardan kelgan suriyaliklar qal’a va o‘q izlari teshiklari fonda suratga tushishadi, daydi bolalar sadaqa so‘rashadi. Bir paytning o‘zida bir necha Hsh jangarisi tartibga rioya etilishini nazorat qiladi.

Halab qal’asi yaqinidagi maydon

Damashq — qatag‘onlar va inqiroz

Suriya poytaxti ko‘chalari devorlarida «Boshingni tik tut! Endi sen erkinsan, suriyalik!» degan yozuvlar va plakatlar ilingan. Yonidagi devorda esa shunday so‘zlar bitilgan: «2024 yil 8 dekabr, soat 06:18 — Suriya o‘z erkinligiga erishdi».

O‘tgan yil dekabrida Asadlar rejimining tezkor qulashi suriyaliklar tomonidan aynan ozodlik sifatida qabul qilindi. «Diktatura sharoitida saylovlar mutlaqo ma’nosiz. Asadga berilgan millionlab ovozlar — soxta edi», — deydi Damashqning markaziy «Al-Hamidiya» bozorida antikvariat savdosi bilan shug‘ullanuvchi 42 yoshli tadbirkor Solih.

«Uni faqat elita — qasrlar, qimmat mashina va valuta omborlariga yopishib olganlargina qo‘llab-quvvatlardi, — deya qo‘shimcha qiladi suriyalik, mamlakatning kelajagi hozircha juda mavhum ekanini ham ta’kidlar ekan. — Biz hozir muallaq turgan holatda yashayapmiz», — deydi u.

2024 yil 8 dekabrida Damashqda hokimiyatni qo‘lga kiritganidan so‘ng Hsh yetakchisi al-Jo‘laniy 1 martgacha mamlakatda barcha etnik va diniy ozchiliklar ishtirokida inklyuziv hukumat tuzilishini va’da qilgandi. Ammo hanuz bu amalga oshgani yo‘q. Ayni paytda poytaxtda faqat Idlibdan ko‘chirib kelingan hukumat faoliyat olib bormoqda.

Damashq

Shuningdek, al-Jo‘laniy o‘zining katta akasi Mohirni — u avval Rossiyada ishlagan — sog‘liqni saqlash vaziri etib tayinladi. Mohirning bojasi Marvon esa Damashqning yangi gubernatori bo‘ldi. Bu tayinlovlar Bashar Asadning oilaviy boshqaruv usullarini eslatadi.

2025 yil 24–25 fevral kunlari Damashqda Milliy muloqot konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Uning yakunlari bo‘yicha Suriyaning yangi konstitutsiyasini ishlab chiqish bo‘yicha qo‘mita tashkil etildi. Unga yetti kishi kiritildi, shundan besh nafari Hsh bilan bevosita bog‘liq. Hukumat tarkibida bo‘lganidek, ushbu qo‘mitada ham suriyalik ozchiliklar — alaviylar, druzlar yoki nasroniylardan biror vakilga ham o‘rin berilmadi.

Aniqki, yillar davomida Suriyada hokimiyat uchun kurash olib borgan Hsh uni boshqalar bilan bo‘lishishga oshiqmayapti. Biroq baribir shunday qilishga to‘g‘ri keladi — chunki Suriya rasmiylariga nisbatan 1970-yillar oxiridan beri joriy qilib kelinayotgan ko‘plab sanksiyalarni bekor qilish uchun aynan shunday ochiqlik talab etiladi. Yevropa Ittifoqi allaqachon sanksiyalar bosqichma-bosqich bekor bo‘lishini ma’lum qildi va bu jarayon mamlakatda amalga oshiriladigan islohotlar bilan bog‘liq bo‘ladi.

Aynan shu masala mamlakatdagi yangi rejimning tirik qolishiga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi. Ayni paytda Suriya aholisining taxminan 90 foizi qashshoqlik chegarasidan pastda hayot kechirmoqda va Asadning ag‘darilishi ortidan kelgan eyforiyadan asta-sekin hushiga kelmoqda.

Eng asosiy muammolardan biri — bu pul, aniqrog‘i, uning qo‘lda mavjudligi. Ilgari mamlakatda dollarda amalga oshirilgan har qanday operatsiya ta’qibga olingan bo‘lsa, bugun «ko‘kat»lar ochiqdan ochiq muomalada. Hozirgi kunda dollarning suriya funtiga nisbatan kursining 1:10 000 bo‘lishi (urushgacha kurs 1:50 edi) barcha suriyaliklarni pulni qo‘lda hisoblashga moslashtirgan. Katta do‘konlar va supermarketlarda esa pul hisoblash qurilmalari o‘rnatilgan — bu kassirlarga qulaylik yaratish uchun.

Biroq Asad davrida milliy valuta Rossiyada chop etilar va u yerdan Suriyaga yetkazilar edi. Endilikda bu qanday amalga oshirilishi — noma’lum. Agar muammo yechimini topmasa, yaqin haftalarda Suriya Arab Respublikasi naqd pul yetishmovchiligiga duch kelishi mumkin. Shunday bo‘lsa-da, so‘nggi uch oyda milliy valuta kursi biroz mustahkamlangani kuzatildi.

Yangi hokimiyat uchun yana bir jiddiy sinov — bu yoqilg‘i inqirozidir. Asad davrida Erondan Iroq orqali Suriyaga kuniga 70 ming barrel neft keltirilar edi. Bugun esa bunday imkoniyat mavjud emas: Suriya–Iroq chegarasi yopilgan.

Hozirgi kunda avtotransport egalari AYoQShlarda emas, balki xususiy sotuvchilardan sifati past bo‘lgan aralash benzin xarid qilmoqda. Bu esa mashinalar tezda buzilishiga olib kelmoqda. Agar bu holat davom etsa, ko‘plab suriyaliklar Damashqga olib boruvchi va u yerdan chiquvchi asosiy yo‘llarni to‘sib qo‘yish bilan tahdid qilmoqda.

«Tarixdagi eng erkin davr» — hozircha

Ash-Shar’a yangi suriyalik hokimlar xalqaro jamiyat talablarini bajarishdan bosh tortgan va G‘arb banklaridagi aktivlarni muzlatishni bekor qilish uchun hech qanday harakat qilmayotgan «Tolibon» yo‘lidan bormasligini va’da qilmoqda. Aksincha, suriyaliklar xalqaro hamjamiyat bilan muloqot qilish niyatida ekanini bildirishmoqda, bu orada Afg‘onistonda ayollarga nisbatan yangi taqiqlar joriy etilmoqda.

Biroq oxirgi oylarda Suriyaning g‘arbidagi alaviylar jamoasi va Hsh jangarilari o‘rtasida to‘qnashuvlar sodir bo‘ldi. Tinch aholi orasida ham qurbonlar bor. Oddiy aholi vakillariga ta’sir qilgan bunday to‘qnashuvlar, odatda, Asad armiyasida xizmat qilgan general va ofitserlar yashiringan alaviy qishloqlariga Hsh tomonidan uyushtirilgan reydlar natijasida yuzaga kelgan. Londonda joylashgan Suriya inson huquqlari kuzatuv markazi ma’lumotiga ko‘ra, bunday reydlar vaqtida kamida tinch fuqarolardan 973 nafari halok bo‘lgan.

Shu bilan birga, Suriyaning Damashq va boshqa yirik shaharlarida odamlar ozodlikni his qilishmoqda — bu haqda deyarli har kim gapirmoqda. Mahalliy aholi mamlakatdagi siyosiy o‘zgarishlarni faol muhokama qilmoqda, jumladan, yangi rahbarlarni ham tanqid qilmoqda.

«Ha, u kamuflyajdan pidjak va galstukka o‘tdi. Lekin biz juda yaxshi eslaymiz: u o‘z faoliyatini butun Suriya bo‘ylab portlashlar va terrorchilik hujumlarini uyushtirishdan boshlagandi», — deydi Dramatik san’at instituti talabasi 21 yoshli Rima Ash-Shar’a haqida.

Suriyada an’anaviy tarzda katta ahamiyatga ega bo‘lgan madaniyat xodimlari kasaba uyushmalarida jiddiy xavotirlar hukm suryapti. Ko‘pchilik hokimiyat tepasiga kelgan islomchilar mamlakatda kino va musiqani mutlaqo taqiqlab, kasaba uyushmalarini ham yopishidan cho‘chimoqda.

Bu xavotirlar asossiz emas. Masalan, Ramazon oyi munosabati bilan mart oyida butun mamlakat bo‘ylab kunduzgi paytda kafe va restoranlar faoliyati, jamoat joylarida sigareta chekish taqiqlangan.

«Siz bizning yurtga tarixdagi eng erkin davrida keldingiz, — deydi Rima. — Lekin biz qattiqqo‘lliksiz yashay olmaymiz. Bu erkinlik sarxushligi tez orada tugaydi, shunda siz yana Suriyani tanimay qolasiz».

Mavzuga oid