O‘zbekiston | 13:14
2962
3 daqiqa o‘qiladi

Sog‘liqni saqlash, bandlik, bank sohalarida korrupsiyaviy holatlar yuqori – Senat 

Tumanlarda, mahallalarda infratuzilmaga ulanish, litsenziya olish, ishga qabul qilish, malaka oshirish kabi maishiy korrupsiyaviy holatlar ko‘paygan. Tergovchi, prokuror va sudyalar qo‘lidagi ish bo‘yicha faqatgina idoralarga taqdimnoma va xususiy ajrim kiritish bilan cheklanmoqda, deya ta’kidlandi Senat majlisida.  

Foto: Senat.uz

Oliy Majlis Senatining beshinchi yalpi majlisi o‘z ishini boshladi. Majlisda davlat rahbarining Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi majlisida belgilab berilgan ustuvor yo‘nalishlardan kelib chiqib, Senat hamda xalq deputatlari mahalliy kengashlari oldida turgan vazifalar ko‘rib chiqildi.

Muhokamada sohada erishilgan yutuqlar bilan birga qator kamchiliklar ham mavjudligi qayd etildi.

Xususan, qurilishga ruxsat berish, binoni topshirishda yong‘in xavfsizligi bo‘yicha byurokratiya va qonun buzilishi holatlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar asosan korrupsiyani aniqlash va jazolash bilan shug‘ullanib, korrupsiyaviy omillarning oldini olishga, preventiv choralarni ko‘rishga e’tibor qaratilmagani ta’kidlandi. 

Shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashish hamda uning oldini olishda davlat organlari va tashkilotlaridagi korrupsiyaga qarshi ichki nazorat (komplayens nazorat) bo‘linmalarining o‘rni va mas’uliyati sezilmayotgani aytildi. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi tomonidan sohaga oid xorijiy davlatlar tajribasi o‘rganilmagan, sohani rivojlantirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilmagan.

Sog‘liqni saqlash, bandlik, bank sohalarida korrupsiyaviy holatlar yuqori. Sog‘liqni saqlash sohasida – 527 ta, bandlik bo‘yicha – 447 ta, banklarda – 434 ta korrupsiyaviy holat qayd etilgan.

Budjetdan eng ko‘p mablag‘ oladigan vazirliklardagi korrupsiyaviy omillar aniqlanmagan, o‘rganilmagan hamda tahlil qilinmagan. Tumanlarda, mahallalarda infratuzilmaga ulanish, litsenziya olish, imtiyozli kredit ajratish, ishga qabul qilish, malaka oshirish kabi maishiy korrupsiyaviy holatlar ko‘paygan.

“Tergovchi, prokuror va sudyalar qo‘lidagi ish bo‘yicha faqatgina idoralarga taqdimnoma va xususiy ajrim kiritish bilan cheklanmoqda. Korrupsiyaga qarshi kurashish hududiy kengashlarining faoliyati talabga javob bermaydi, ular mahallalar bilan o‘zaro hamkorlik qilmagan.

Davlat xizmatlari bo‘yicha davlat idoralari va aholi o‘rtasidagi munosabatlarni baholaydigan tizim yo‘lga qo‘yilmagan. Prokuror, ichki ishlar va soliq organlari rahbarlarining korrupsiyaning oldini olish borasidagi faoliyati talabga javob bermaydi”, deyiladi Senat xabarida.

Korrupsiyaga qarshi kurashishning qonunchilik asoslarini takomillashtirish, jinoyatchilikning oldini olish bo‘yicha hududlardagi (mahallalardagi) ishlar samaradorligini oshirish, shu jumladan joylardagi maishiy korrupsiyaga barham berish, jinoyat sodir etgan shaxslar bilan individual ishlash tizimini yo‘lga qo‘yish, aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish bilan bog‘liq keng qamrovli chora-tadbirlarni amalga oshirish hamda Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha hududiy kengashlar faoliyatini tubdan yaxshilash lozimligi qayd etilgan.

Muhokama yakunida jinoyatchilikka qarshi kurashish va korrupsiyaning oldini olish borasida amalga oshiriladigan ustuvor vazifalar yuzasidan Senat qarori qabul qilindi.

Mavzuga oid