O‘zbekiston | 19:27 / 17.03.2025
1715
2 daqiqa o‘qiladi

Shavkat Mirziyoyev AQSh Kongressi a’zosi Kerol Millerni qabul qildi

Uchrashuvda mintaqaviy kun tartibidagi dolzarb masalalar va Afg‘onistondagi vaziyat yuzasidan ham fikr almashildi.

Shavkat Mirziyoyev 17 mart kuni AQSh Kongressi a’zosi, O‘zbekiston bilan hamkorlik bo‘yicha parlament kokusi ishtirokchisi Kerol Miller boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, uchrashuvda O‘zbekiston bilan AQSh o‘rtasidagi strategik sheriklik va ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlarini yanada rivojlantirish va kengaytirish masalalari ko‘rib chiqilgan.

Uchrashuv avvalida parlament a’zosi davlat rahbariga AQSh prezidenti, Kongress rahbariyati va O‘zbekiston bo‘yicha kokus a’zolarining salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazgan. Shuningdek, ikki tomonlama hamkorlikda yuqori darajaga erishilgani katta mamnuniyat bilan qayd etilgan.

«Kerol Miller Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar strategiyasi, jumladan, iqtisodiyotni modernizatsiya qilish, demokratik institutlarni, eng avvalo, parlamentni mustahkamlash, gender tenglikni ta’minlash borasidagi ishlar natijalarini yuksak baholadi», — deyiladi xabarda.

Uchrashuv davomida iqtisodiy va investitsiyaviy loyihalarni, shu jumladan tog‘-kon, sanoat, energetika, qishloq xo‘jaligi sohalaridagi loyihalarni qo‘llab-quvvatlash va ilgari surish maqsadida parlamentlararo hamkorlikni kengaytirishga alohida e’tibor qaratilgan.

O‘zbekiston hududlarining Amerika shtatlari bilan sheriklik aloqalarini yo‘lga qo‘yish muhimligi qayd etilgan. Bundan tashqari, mintaqaviy kun tartibidagi dolzarb masalalar va Afg‘onistondagi vaziyat yuzasidan ham fikr almashilgan.

Mavzuga oid