Yoshlar orasida miokard infarkti ko‘payib borayotgani sabablari aytildi
Noto‘g‘ri ovqatlanish, semizlik, kamharakatlik va zararli odatlar bu xavfli kasallikning yoshlar orasida tarqalishiga sabab bo‘lmoqda.

Foto: Getty images
So‘nggi yillarda ko‘plab xastaliklar yosharib bormoqda. Xususan, miokard infarktining yoshlar orasida tez-tez uchramoqda. Ilgari bu xastalik asosan 50-60 yoshdan oshgan kishilarda kuzatilgan bo‘lsa, endi 30-40 yoshlilar, hatto 20 yoshdan oshgan yigit-qizlarda ham uchrayapti.
Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori, tibbiyot fanlari doktori Xurshid Fozilov buning asosiy sabablari, keltirib chiqaruvchi omillar, amal qilish kerak bo‘lgan qoidalar haqida gapirdi.
– Miokard infarkti yurak mushagining ma’lum bir qismiga qon yetib bormagani sababli to‘qimaning nobud bo‘lishidir. Bunga odatda qon tomirlarda to‘siq paydo bo‘lishi, xolesterin yig‘ilishi yoki tromb shakllanishi sabab bo‘ladi. Bu holat yurak yetkazib beradigan qon oqimini keskin kamaytiradi va xavfli asoratlarga olib kelishi mumkin, dedi shifokor.
Uning so‘zlariga ko‘ra, yoshlarda infarktning asosiy sabablari avvalo, noto‘g‘ri ovqatlanish va semizlik.
- Afsuski, bugun aksariyat yoshlar fast-fud, yog‘li va qovurilgan taomlar, gazli ichimliklar va shakar miqdori yuqori bo‘lgan mahsulotlarni ko‘p iste’mol qilayotganini inkor etib bo‘lmaydi. Bu esa ortiqcha vaznga, qon bosimi oshishiga va qon tomirlarda ateroskleroz paydo bo‘lishiga olib kelyapti, dedi shifokor.
Xurshid Fozilovning ta’kidlashicha, kamharakatlik (gipodinamiya) ham bu kasallikni chaqirmoqda.
- Tan olish kerak, kompyuter, smartfon va boshqa gadjetlar yoshlarni biroz dangasa qilib qo‘ydi. Sport bilan shug‘ullanmaslik, uzoq vaqt bir joyda o‘tirib ishlash yoki o‘qish qon aylanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Yana bir faktor sifatida yoshlar orasida bugun doimiy stress bilan muammolar borligi. Doimiy zo‘riqish, asabiylik organizmda adrenalin va kortizol miqdorini oshiradi, bu esa yurakni zo‘riqtirib, infarkt xavfini kuchaytiradi. Tamaki va alkogol iste’moli ham yoshlarda bu kasallikning erta uyg‘onishiga olib kelayotgan omillardan biridir. Sigaret tarkibidagi nikotin va boshqa zararli moddalar qon tomirlarini toraytiradi. Tabiiyki, bu yurakka qon yetib borishini qiyinlashtiradi. Shuningdek, spirtli ichimliklar ham qon bosimi oshishiga va yurak ritmining buzilishiga sabab bo‘ladi, dedi shifokor.
Xurshid Fozilov so‘zlariga ko‘ra, bu kasallikning oldini olish uchun jismoniy faollik, to‘g‘ri ovqatlanish, zararli odatlardan voz kechish talab etiladi.
Mavzuga oid

15:29 / 03.03.2025
Avstraliyada 2,4 mln chaqaloqning hayotini saqlab qolgan donor vafot etdi

15:11 / 27.02.2025
Olimlar 1-tur diabetni butunlay davolash yo‘lini topdi

14:00 / 17.02.2025
Dorilarni sut bilan ichish ularning ta’sirini yaxshilaydi - tadqiqot

16:49 / 15.02.2025