Jahon | 17:45 / 14.03.2025
7412
6 daqiqa o‘qiladi

«Teskari xavfsizlik kafolatlari». Putin aslida ham o‘t ochishni to‘xtatishga tayyormi?

Vladimir Putin Rossiya harbiy harakatlarni to‘xtatishga tayyorligi, ammo masalaning «nozik tomonlari borligi»ni aytdi. U Kremlda AQSh vakillari bilan uchrashuv oldidan bayon qilgan nyuanslar uning uchun shunchalik muhimki, ular 30 kunlik o‘t ochishni to‘xtatish haqidagi har qanday umidni yo‘qqa chiqarishi mumkin.

Sergey Bobilev / RIA Novosti / Sputnik / Profimedia

Bu talablarni u Rossiyaning so‘nggi uch yillik keng ko‘lamli bosqini davomida va ungacha ham qo‘yib kelgan. Ukraina va uning g‘arbdagi hamkorlari uchun ularning ko‘pchiligi nomaqbul yoki bajarib bo‘lmaydigan bo‘lib chiqadi.

«Biz harbiy harakatlarni to‘xtatish bo‘yicha takliflarga qo‘shilamiz, lekin biz bunday to‘xtash uzoq muddatli tinchlikka olib kelishi va inqirozning asosiy sabablarini bartaraf etishi kerakligidan kelib chiqamiz», – dedi Vladimir Putin.

BBC sharhlovchilari Laura Gotssi va Pol Kirbi Putin o‘t ochishni to‘xtatishga qanchalik tayyorligini tahlil qildi.

Uzoq muddatli tinchlik zarurligi haqida hech kim bahslashmaydi, ammo Putinning urushning asl sabablari haqidagi g‘oyasi Ukrainaning Rossiya orbitasidan tashqarida suveren va mustaqil davlat sifatida mavjud bo‘lish istagi atrofida aylanadi.

Ukraina NATO va Yevropa Ittifoqining bir qismi bo‘lishni istaydi – shu darajadai, bu Ukraina Konstitutsiyasida belgilangan.

AQSh prezidenti Donald Tramp allaqachon Kiyevning NATOga a’zo bo‘lishini shubha ostiga qo‘ygan, Putin esa Ukrainaning davlat sifatida mavjudligi g‘oyasini bir necha bor rad etgan.

Bularning barchasi Rossiya prezidenti aytgan ko‘plab nyuanslar asosida yotadi.

U kelishuvda Ukraina armiyasini kuchaytirish va qurol-yarog‘ zaxiralarini to‘ldirishiga to‘siq bo‘lishini xohlaydi – G‘arbdan boshqa ta’minot bo‘lmasligi uchun. U bunga kim kafolat berishini bilmoqchi.

Urush boshidanoq Putin Ukraina «demilitarizatsiya»sini talab qildi, bu esa Kiyev va uning ittifoqchilari uchun qabul qilib bo‘lmaydigan shartdir.

Mohiyatan, Putin ham xavfsizlik kafolatlarini izlamoqda, faqat teskarisini.

Rossiya qayta qurollanish yoki o‘z kuchlarini safarbar qilishni to‘xtatishga rozi bo‘ladimi? Bu haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi va Kremldagi brifingda Putin tomonidan hech qanday yon berishlarga ishora yo‘q edi.

Putin bir kun oldin o‘tgan yil avgustidan beri Ukraina qo‘shinlari tomonidan qisman egallab turilgan chegaradosh Kursk oblastiga safaridan ko‘tarinki kayfiyatda qaytdi.

Kursk oblastida Rossiya ustunlikka ega, Putin esa muzokaralarni kuch pozitsiyasidan olib borayotganini aniq his qilmoqda va bu pozitsiyalarni yo‘qotishni istamaydi.

«Agar biz harbiy harakatlarni 30 kunga to‘xtatsak, bu nimani anglatadi? U yerdagilarning hammasi jangsiz chiqadimi? Tinch aholiga qarshi ko‘plab jinoyatlar sodir etganidan keyin ularni u yerdan chiqarib yuborishimiz kerakmi? Yoki Ukraina rahbariyati ularga qurollarini tashlash, shunchaki taslim bo‘lish haqida buyruq beradimi? Bu qanday bo‘ladi?» – deya savol qo‘ygan u.

Avvalroq Rossiya Mudofaa vazirligi rus qo‘shinlari ukrainlar egallab olishga muvaffaq bo‘lgan eng yirik shahar – Sudjani nazoratiga qaytarganini ma’lum qilgandi.

«Agar yaqin kunlarda jismoniy blokirovka bo‘lsa, umuman hech kim chiqa olmaydi. Faqat ikki yo‘l bo‘ladi – asir tushish yoki halok bo‘lish», – dedi Putin.

Xuddi shu narsa butun front chizig‘iga ham tegishli, uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya qo‘shinlari deyarli barcha yo‘nalishlarda oldinga siljimoqda.

Aslida esa unday emas, chunki Rossiyaning Ukraina sharqidagi so‘nggi muvaffaqiyatlariga qaramay, frontning aksariyat qismida turg‘un vaziyat yuzaga kelgan.

Putinning fikricha, 30 kunlik sulh Rossiyani afzalliklardan mahrum qiladi va ukrainlarga qayta guruhlanish va qayta qurollanish imkonini beradi.

Hozircha o‘t ochishni to‘xtatish shartlariga rioya qilinishini ta’minlaydigan hech qanday mexanizm taklif qilinmagan.

G‘arb davlatlari tinchlikparvar kuchlarni kiritishni taklif qilishgandi, lekin vaqtinchalik sulh holatida emas, balki yakuniy tinchlik kelishuvi tuzilgan taqdirdagina buning imkoni bo‘lishi mumkin.

Qolaversa, Rossiya bunday variantga rozi bo‘lishi fakt emas.

Bu «nyuanslar»ning barchasini hisobga olgan holda, Putin, aftidan, o‘t ochishni to‘xtatish Rossiyaga foyda keltirishi mumkinligiga shubha bilan qaragan, ayniqsa, uning qo‘shinlari ustunlik qilayotgan sharoitda.

Putin payshanba kuni kechqurun Moskvada AQSh rasmiylari, jumladan, Trampning maxsus vakili Stiv Uitkoff bilan yopiq uchrashuv o‘tkazgani xabar qilingandi.

Bu muzokaralarning natijalari qanday bo‘lishidan qat’i nazar, Putin oxir-oqibat eng muhim suhbati Amerika prezidenti bilan bo‘lishini biladi.

«O‘ylaymanki, amerikalik hamkasblarimiz, hamkorlarimiz bilan ham gaplashib olishimiz kerak. Balki prezident Trampga qo‘ng‘iroq qilarmiz», – dedi uning o‘zi ham.

Putin o‘z pozitsiyasini oldindan bayon qildi va o‘t ochishni to‘xtatish yo‘li deyarli bajarib bo‘lmaydigan shartlar bilan to‘lib-toshganini ma’lum qildi.

Mavzuga oid