Jahon | 20:18
6055
5 daqiqa o‘qiladi

Tramp: «Putin bilan juda yaxshi va samarali muzokara o‘tkazdik»

Tramp Putindan Kursk oblastida «qurshovda qolgan» «minglab» ukrain harbiylariga rahm qilishni so‘raganini aytdi. Aslida esa  Z-manbalar ham, kuzatuvchilar ham hech qanday «qurshov» haqida xabar berishmagan. 

Foto: REUTERS/Leah Millis

AQSh prezidenti Donald Tramp o‘zining Truth Social  ijtimoiy tarmog‘ida Vladimir Putin bilan muzokaralari haqida yozdi.

«Kecha biz Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan juda yaxshi va samarali muzokaralar o‘tkazdik va bu dahshatli, qonli urushni nihoyat tugatish uchun barcha imkoniyatlar mavjud. AMMO HOZIRGI PAYTDA MINGLAB UKRAINALIK ASKARLAR ROSSIYa HARBIYLARI TOMONIDAN TO‘LIQ QURShOVDA VA JUDA YoMON HAMDA ZAIF AHVOLDA», – deb yozdi Tramp. – Men prezident Putindan ularning hayotini saqlab qolishni qat’iy so‘radim. Bu Ikkinchi jahon urushidan beri bo‘lmagan dahshatli qirg‘in bo‘lardi. Parvardigor ularning barchasini panohida asrasin!»

Ammo bu postdan Qo‘shma Shtatlar yetakchisi Rossiya prezidenti bilan shaxsan gaplashganmi yoki gap Putin va Trampning Yaqin Sharq bo‘yicha maxsus vakili Stiv Uitkoff o‘rtasidagi muzokaralar haqida ketyaptimi — buni anglab bo‘lmaydi (keyinroq Oq uy aniqlik kiritib, Vladimir Putin bilan shaxsan Donald Tramp emas, balki AQSh prezidentining maxsus vakili Stiv Uitkoff gaplashganini bildirdi).

Kremlda Putin va Tramp o‘rtasidagi muzokaralar haqida xabar berilmadi, garchi bunday suhbat g‘oyasi u yoki bu formatda muhokama qilinayotgan bo‘lsa ham. 14 mart kuni jurnalistlar bilan bo‘lib o‘tgan brifingda Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov Putin va Tramp o‘rtasidagi suhbat sanasi hali kelishib olinmaganini aytdi.

Shuningdek, amalda Ukrainaning qandaydir bo‘linmalari qurshovda qolgani haqida hech qanday dalil yo‘q. Hafta davomida Rossiya mudofaa vazirligi Kursk oblastidagi Sudja shahri ozod etilganini e’lon qilgandi. Shu bilan birga, rossiyalik «harbiy muxbirlar» ham, ukrainalik kuzatuvchilar ham Ukraina qurolli kuchlari qismlari jiddiy to‘qnashuvlarsiz va zirhli texnikalar boy berilmagan holda chegara ortiga olib ketilgani haqida aytishgan.

Ukraina qurolli kuchlari bosh shtabi esa Trampni yolg‘onchilikda va Rossiya propagandasi uchun ishlashda ayblab, ukrain qo‘shini Kursk oblastida «qurshab olingani» haqidagi ma’lumotni feyk deb atadi: «Ukraina bo‘linmalari qurshab olingani haqidagi ma’lumotlar Rossiya propagandasining bir qismidir. Ukraina mudofaa kuchlari muvaffaqiyatli qayta guruhlandi, qulayroq pozitsiyalarni egalladi va jangovar topshiriqlarni bajarishda davom etmoqda».

  • Vladimir Putin va AQSh prezidentining maxsus vakili Stiv Uitkoff o‘rtasidagi muzokaralar 13 mart kuni yopiq tarzda bo‘lib o‘tgan. Ular, jumladan, AQShning Ukraina frontidagi 30 kunlik sulh bo‘yicha taklifini muhokama qilishi kutilgandi. Avvalroq Kiyev bu g‘oyani qo‘llab-quvvatlagan edi.
  • Oq uy uchrashuvda nimalar muhokama qilingani haqida xabar bermadi, biroq Uitkoffning tashrifi natijasini «ehtiyotkorona optimizm» bilan baholash mumkinligini bildirdi. Kremldagilar aytishicha, uchrashuvda  «Rossiya tomoniga qo‘shimcha ma’lumotlar taqdim etilgan», Putin esa o‘z navbatida Uitkoff orqali Trampga ma’lumot va «qo‘shimcha signallar» yuborgan. Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskovning so‘zlariga ko‘ra, uchrashuvdan so‘ng vaqtincha sulh bo‘yicha muzokaralarga nisbatan «ehtiyotkorona optimizmni his qilishga asos bor».
  • Shu kuni Putin Rossiya AQShning Ukrainada 30 kunlik sulh e’lon qilish bo‘yicha ilgari surgan taklifiga rozi ekanini, biroq «nozik jihatlar» va muhokama qilinishi kerak bo‘lgan masalalar borligini ochiq aytdi. Ular orasida – Kursk oblastidagi ukrain harbiylari bilan nima bo‘lishi haqidagi savol ham bor.

Mavzuga oid