O‘zbekiston | 12:27 / 11.03.2025
7430
2 daqiqa o‘qiladi

Boysunda YTH oqibatida 8 yoshli qiz halok bo‘ldi

Qizcha o‘qigan maktab joylashgan mahallada ota-onalar ishtirokida yig‘ilish o‘tkazilib, ularga voyaga yetmagan farzandlarini doim nazorat qilishlari xususida tushuntirish ishlari olib borilgan. Qizchani urib ketgan haydovchi bilan nima bo‘lgani haqida ma’lumot yo‘q.

Foto: Videodan kadr

2025 yil 7 mart kuni Surxondaryo viloyati Boysun tumanida yuk mashinasi 2-sinf o‘quvchisini urib yubordi.

Viloyat YHXB xabariga ko‘ra, 8 yoshli qiz maktabdan chiqib, yo‘lni kesib o‘tayotganida 1992 yilda tug‘ilgan haydovchi boshqaruvidagi yuk mashinasi uni urib ketgan. Oqibatda og‘ir tan jarohati olgan qiz shifoxonada vafot etgan.

Ushbu holat Surxondaryo viloyati YHXB mas’ullari tomonidan o‘rganilgan. Hududda yo‘l infratuzilmasi, piyodalar o‘tish joylari bilan bog‘liq kamchiliklar mavjudligi aniqlanib, shu kunning o‘zida amaliy ishlar olib borilgan.

Boshqarma boshlig‘ining ta’kidlashicha, maktab yaqinidagi piyodalar o‘tish joyi qavariq (ko‘tarma) qilib qayta ta’mirlanadi.

Yo‘l-transport hodisasi sabab Darband mahallasida o‘tkazilgan yig‘ilishda aholiga farzandlarini doim nazorat qilishlari xususida tushuntirish ishlari olib borilgan.

Xabarda haydovchi qo‘lga olingan-olinmagani haqida ma’lumot yo‘q. 

Mavzuga oid