O‘zbekiston | 18:54 / 10.03.2025
5622
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston terrorizm tahdidi past bo‘lgan mamlakatlar qatoriga kirdi

2025 yilgi «Global terrorizm indeksi»da O‘zbekiston 90-o‘rinni egalladi.

Foto: Mudofaa vazirligi

Iqtisodiyot va Tinchlik instituti (IEP) 2025 yilgi «Global terrorizm indeksi»ni (.pdf) e’lon qildi, unda O‘zbekiston 0,233 ball bilan 90-o‘rinni egalladi va «terrorizm tahdidi past bo‘lgan» mamlakatlar qatoriga kirdi.

«Global terrorizm indeksi» dunyo aholisining 99,7 foizini qamrab olgan va terrorizmning 163 davlatga ta’sirini tahlil qiluvchi keng qamrovli tadqiqotdir.

Indeks ma’lum bir mamlakat ichidagi terrorchilik faolligi darajasini sodir etilgan teraktlar soni, o‘lganlar va jarohatlanganlar soni, moddiy zarar darajasi bilan o‘lchaydi. Reyting qanchalik baland bo‘lsa, ma’lum bir mamlakatda terrorchilik hujumlari tahdidi shunchalik yuqori bo‘ladi.

Markaziy Osiyo davlatlari orasida Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Turkmaniston (100-o‘rin va 0 ball) terrorizm tahdidi eng past bo‘lgan davlatlar sifatida tan olindi. Tojikiston 70-o‘rinni (0,999 ball) egalladi.

Reytingda 16-o‘rinni egallagan Rossiya terrorizm xavfi yuqori bo‘lgan davlatlar qatoriga kirdi. Belarus va Ozarboyjon 90-o‘rinni, Armaniston 79-o‘rinni egalladi.

Reytingning yuqori pog‘onalarini terrorchilik harakati va tahdidi eng yuqori bo‘lgan davlatlar egallagan. Mutaxassislar bu borada eng xavfli deb Burkina-Faso, Pokiston va Suriyani qayd etdi.

Umuman olganda, ekspertlar hisobotda ta’kidlaganidek, terrorizm doimiy global tahdid bo‘lib qolmoqda va 2024 yil terrorizm geografiyasi kengaygan.

Kamida bitta terrorchilik hodisasi sodir bo‘lgan davlatlar soni 58 dan 66 taga ko‘paydi, bu 2018 yildan beri eng yuqori ko‘rsatkichdir.

2024 yilda, so‘nggi yetti yil ichida birinchi marta vaziyat yomonlashgan davlatlar soni yaxshilangan mamlakatlardan ko‘p bo‘ldi: 45 ta davlatda terrorizm tahdidi kuchaygan, atigi 34 ta davlatda esa yaxshilanish kuzatilgan.

Mavzuga oid