Jahon | 16:13 / 09.03.2025
9733
12 daqiqa o‘qiladi

Pokistonda «bosh terrorchi» ushlandi, Suriya yana notinch – hafta dayjesti

Assalomu alaykum. Bugun 9 mart, yana yakshanba. O‘tgan ko‘rsatuvimizda kelasi hafta dunyomiz ancha tinch bo‘ladi deb umid bildirgandik. Ortda qolayotgan haftamiz oldingisiga qaraganda ancha yaxshi o‘tdi. Dunyo siyosati oz bo‘lsa-da murosa-yu mudora yo‘liga o‘tayotgandek. Biz doimgidek hafta davomida sodir bo‘lgan muhim voqealarni yodga olamiz.

Iltimos, YouTube-kanalimizda joylangan videoga like bosing, izohlarda fikringizni qoldiring. Shu tariqa videoni imkon qadar ko‘proq odam ko‘rishiga yordam bergan bo‘lasiz.

AQSh Ukrainaga harbiy yordamni to‘xtatdi

Haftaning eng muhim voqeasi AQSh Ukrainaga harbiy yordamni to‘xtatgani bo‘ldi. Esingizda bo‘lsa, Trampni kek saqlaydigan, qasos oladigan odam deb atagandik. Tramp Zelenskiy u bilan Oq uyda tortishib qolganidan keyin shunday qarorga kelgan.

Amerika rasman Tramp Kiyevga qurol yuborishni taqiqlaganini e’lon qilmadi, lekin Zelenskiyning oxirgi chiqishlariga qaraganda chindan qurol-yarog‘ oqimi to‘xtagan. Bu cheklovga Ukrainaga yuborish uchun tayyorlab qo‘yilgan, ishlab chiqarilayotgan harbiy kompaniyalarga buyurtma berilgan, Kiyevga yuborish uchun Polshada saqlanayotgan barcha qurollar tushgan.

Yetmaganiga AQSh Ukraina bilan razvedka ma’lumotlarini bo‘lishishni ham to‘xtatdi. Bu ham jiddiy cheklov hisoblanadi. Chunki AQSh razvedka ma’lumotlarisiz Ukraina amalda HIMARS va boshqa Amerika raketalarini ishlata olmaydi. Bundan tashqari, AQSh endilikda Rossiya zarbalari haqida Kiyevni ogohlantirmaydi. Tramp Britaniyaga ham AQSh aniqlagan razvedka ma’lumotlarini Ukrainaga yuborishni taqiqlagan. Fransiya bu cheklovga javoban Kiyevga o‘z razvedka ma’lumotlarini taklif qilgan. Parij razvedkasi mustaqil ekanini qayd etgan.

Donald Tramp kelganidan buyon AQSh Ukrainaga butkul teskari siyosat yuritishga kirishdi. Kiyev Amerikadan amalda hech qanday qurol olgani yo‘q. Endi razvedka ma’lumotlari ham bloklandi. Biroq bu narsalar hozircha frontda aks sado bermayapti, Kiyev hamon qulagani yo‘q.

Zelenskiy chekindi

Kiyev qulamagan bo‘lishi mumkin, lekin Trampning harbiy yordamni to‘xtatish orqali qilgan bosimi diplomatik maydonda o‘z so‘zini aytdi. Oq uyda Tramp bilan janjallashgan prezident Zelenskiy bu ish xato bo‘lgani, undan afsuslanishini aytib post yozdi. Shuningdek, «Trampning kuchli boshqaruvi ostida muzokara stoliga o‘tirishga», mineral resurslar bo‘yicha kelishuvni imzolashga tayyorligini aytdi.

Ukraina prezidentining bu posti amalda Trampdan uzr so‘rash deb talqin qilindi va AQSh prezidenti uni qabul qildi. Kongressda chiqish qilgan Tramp Zelenskiyning bayonotidan mamnunligini aytdi.

Darvoqe, shu yerda Zelenskiyning omadi kelganini aytib o‘tmasak bo‘lmaydi. Oq uydagi janjaldan keyin AQShda Zelenskiy Trampdan kamera qarshisida kechirim so‘rashi kerakligi aytilayotgandi. Shu vaqtda Trampning Kongressda chiqish qiladigan vaqti kelib qoldi. Har ikki partiya vakillari oldida hisob bergan Tramp urush haqida biror pichoqqa ilinadigan gap aytishi lozim edi. Va Zelenskiy o‘sha yig‘ilishdan avval Oq uydagi voqeadan afsusdaligini aytib post yozdi. Shu tariqa Ukraina prezidenti kamera qarshisida kechirim so‘rashi ham kerak bo‘lmadi. Ana shunaqa, omad degan narsa siyosatda ham uchrab turadi.

Koreya prezidenti qamoqdan chiqdi

Mamlakatda harbiy holat e’lon qilgani uchun politsiya katta qiyinchilik bilan qamoqqa olgan Janubiy Koreya prezidenti Yun Sok Yol esingizda bo‘lsa kerak. Seul sudi bir oydan buyon qamoqda qolayotgan sobiq prezidentni qamoqda saqlash muddati o‘tgani uchun ozodlikka chiqardi. Sud sobiq prezidentni qamoqqa olgan agentlik isyonga undash bo‘yicha surishtiruv o‘tkazish vakolatiga ega bo‘lmagan deb topdi.

Makronning chiqishi

Tramp Yevropani ochiqchasiga ittifoqchi maqomidan mahrum qilayotgan bir vaqtda ko‘hna qit’a o‘zini himoya qilish uchun turli choralar ko‘rmoqda. Oxirgi oylarda katta-katta iqtisodiy va ekologik islohotlarni bir chekkaga surishga majbur bo‘lgan Yevropa Ittifoqi faqat mudofaa masalasida majlis ketidan majlis o‘tkazmoqda.

Bunday holatda Yevropa liderligini qo‘liga olgan Emmanuel Makron qit’ani himoya qilish uchun Fransiya yadro qurolidan foydalanish taklifini bildirdi. Makron bu gapni fransiyaliklarga favqulodda murojaati vaqtida aytdi. Makron Trampning siyosati sabab himoyalanish uchun yangi choralar ko‘rishga undadi.

Rossiya Makronning gaplarini o‘ziga tahdid deb qabul qildi. Axir Yevropa o‘zini Rossiyadan himoyalashga urinayotgani kunday ravshan. Avvaliga bu borada Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bayonot berdi. Keyin Putin harbiylarning onalari bilan uchrashuv vaqtida Makronning gapiga javob berarkan unga Napoleonning Rossiyadagi muvaffaqiyatsizligini eslatdi.

Suriya yana notinch

Diktator Bashar Asad ag‘darilgach Suriya Ahmad ash Sharaa boshchilik yangi hukumat qo‘liga o‘tib ancha tinchib qolgandi. Hatto Yevropa Ittifoqi Suriyadan ba’zi sanksiyalarni olib tashladi, G‘arb davlatlaridan vakillar borib Jo‘laniy bilan gaplashdi.

Biroq oxirgi kunlarda Suriya yana notinch. Lataqiya va Tortus shaharlarida qurolli to‘qnashuvlar kuzatilgan. Yangi hukumat kuchlariga qarshi Bashar Asad tarafdorlari bo‘lgan alaviylar urushgan. Ularga Asad armiyasi generali G‘iyos ad Davla boshchilik qilayotgani aytiladi. Tarmoqda tarqalgan xabarlarga ko‘ra general Davla boshchilik kuchlar «Suriyani ozod qilish harbiy kengashi»ni tuzgan. Bu general o‘z vaqtida Bashar Asadning ukasi, giyohvand moddalar ishlab chiqarib sotgan narkokartel Mohir Asadning qo‘l ostida ishlagan. Mohir Asad esa hozir akasi bilan Moskvada.

Rossiyaning Suriyadagi harbiy bazasi oldida ham janglar bo‘lgan. Axir alaviylar Rossiyani o‘zlarining ittifoqchilari deb biladi. Turli manbalar janglarda yuzlab odam o‘lganini xabar qilgan. Bu qo‘zg‘olonni Asad ag‘darilganidan keyin Suriyada kuzatilayotgan eng qonli to‘qnashuv deb atashmoqda.

Tramp Xomanaiyga xat yozdi

AQSh prezidenti Donald Tramp nafaqat tvit yozishni, balki xat yozishni ham yaxshi ko‘radi. O‘tgan haftada Tramp Eron oliy rahnamosi oyatulloh Ali Xomanaiyga xat yozganini aytdi. Tramp xatda Eron yadro dasturini tugatish bo‘yicha muzokaraga kirishishni taklif qilgan. Qizig‘i, avvalgi kelishuvni aynan Tramp barbod qilgandi.

«Aks holda qandaydir chora qo‘llashga majbur bo‘lamiz. Axir Eron yadro quroliga ega bo‘lishiga yo‘l qo‘ya olmaymiz-ku», degan Tramp. Amerika prezidenti Xomanaiyga xat yozgani haqida 5 mart kuni aytgandi. 7 mart kuni Eronning BMTdagi vakilligi AQShdan hech qanday xat olmaganini aytdi.

Shu yerda sizga tushunarli bo‘lishi uchun ikkita ma’lumotni aytib ketamiz. 2015 yilda Eron xalqaro vositachilar bilan muzokaralar vaqtida sanksiyalarni bekor qilish evaziga yadro dasturidan voz kechishga rozi bo‘ladi. 2018 yilda esa prezident Tramp AQSh kelishuvdan chiqishini e’lon qilib Eronga qarshi yangi sanksiyalar kiritadi. Shu tariqa kelishuv barbod bo‘ladi.

Arablar Isroilga qarshi bayonot berdi

Arab davlatlari ligasi G‘azo bo‘lgasini tiklash bo‘yicha Misr taklif qilayotgan rejani qo‘llab-quvvatladi. Unda G‘azoni to‘liq tiklash va yil davomida Falastinning barcha hududlarida saylov o‘tkazish taklif qilingan. Anklavni tiklashga taxminan 53 milliard dollar ketishi hisoblab chiqilgan. Rejada g‘azoliklar hech qaysi davlatga ko‘chirilmasligi qayd etilgan.

Isroil va AQSh bu reja G‘azodagi reallikka zid ekanini aytib, Trampning G‘azo bo‘yicha pozitsiyasini takrorlagan. AQSh prezidenti esa g‘azoliklarni boshqa davlatga ko‘chirib, hududni Riveyra kabi ko‘ngilochar plyajga aylantirib, AQSh tasarrufiga o‘tkazishni maqsad qilgan. Arab davlatlari tasdiqlagan reja e’lon qilinganidan ko‘p o‘tmay Tramp navbatdagi marta HAMAS va falastinliklarga tahdid qilib chiqdi.

AQShda «bosh terrorchi» qo‘lga olindi

Donald Tramp Kongressda qilgan chiqishida AQSh maxsus kuchlari Afg‘oniston poytaxti Kobuldagi 2021 yil 13 amerikalik va 170 afg‘on o‘limiga sabab bo‘lgan teraktda ishtirok etgan «bosh terrorchi» qo‘lga olinganini e’lon qildi. Afg‘oniston chegarasida amalga oshirilgan operatsiyada yordam bergani uchun Pokiston hukumatiga rahmat ham aytdi. Operatsiya AQSh Markaziy razvedka boshqarmasi ma’lumotlari asosida o‘tkazilgan.

Amerika Pokistonda ushlagan odam Afg‘oniston fuqarosi Muhammad Sharifulloh dunyoning turli yerlarida terakt tashkil qilish bilan shug‘ullangan. O‘zining aytishicha, 2016 yilda «IShID Xuroson» guruhi tomonidan yollangan. 2021 yilda Kobuldagi teraktni sodir etishda IShIDchilarga nazorat punktlarida yuzaga keladigan muammoli holatlarda nima qilishni, aeroportda qanday harakatlanishni o‘rgatgan. So‘roq davomida Sharifulloh o‘tgan yil Moskvadagi «Krokus» konsert zalida sodir etilgan teraktga ham aloqador ekani, ijrochilarga «Kalashnikov» avtomatidan qanday foydalanishni onlayn o‘rgatganini aytgan. Terakt gumondorlarini rasmidan tanigan. Muhammad Sharifulloh Amerikaga olib borib sud qilinadi.

Kambag‘al kasallarga ko‘proq pul beriladi

Britaniya hukumati kam ta’minlangan fuqarolari uchun kasallik to‘lovi, ya’ni mehnatga layoqatsiz vaqtida beriladigan to‘lov miqdorini oshirdi. Shu tariqa 1,3 million kam ta’minlangan ishchilar ilk marta oshirilgan kasallik to‘lovi oladigan bo‘ldi. Bu toifaga endilikda haftasiga 123 funtdan kam pul topadigan har qanday ishchi kiradi.

Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, ish beruvchilar haftasiga 123 funtdan kam pul ishlab topadigan britaniyalik ishchiga kasallik puli to‘lab bermaydi. Lekin yangi qonunchilik ulardan bunday ishchilarga maoshining 80 foizi miqdorida kasallik puli to‘lashni talab qiladi.

«Ishchilar uyda qolib davolansam, tirikchilik qolib ketadi deb o‘ylanishardi. Hech kim salomatligi va tirikchilik o‘rtasida tanlov qilmasligi kerak», degan mehnat va nafaqalar bo‘yicha davlat kotibi Liz Kendall.

Taxtadan shamol stansiyasi

Shvetsiyaning ulkan yog‘och buyumlar ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadigan Modvion kompaniyasi 6,4 megavattli shamol stansiyalari uchun yangi yog‘och minora ishlab chiqdi. Kompaniya odatda temirdan ishlab chiqariladigan minorani yog‘ochdan ishlab chiqarish uchun buyurtma ham olgan. Yog‘och minora testdan o‘tsa sertifikat oladi.

Endilikda kompaniya 219 metrli yog‘och minoralarni seriyali ishlab chiqarish ustida ishlamoqchi. Shvedlar o‘z texnologiyalari ishonchli ekanini kafolatlagan. Bunday minoraning asosiy ustunligi temir minoraga qaraganda sezilarli darajada kam karbonad angidrid gazi ajratib chiqaradi. Bundan tashqari uning narxi arzon bo‘ladi va transport orqali tashish ancha oson.

Bizda hozircha shular. Bu sizlarga yetkazmoqchi bo‘lgan xabarlarimizning oxirgisi edi. Haftalik dayjest ko‘rsatuvi bilan keyingi yakshanbada ko‘rishguncha.

O‘tkir Jalolxonov tayyorladi.

Tasvirchi va montaj ustasi – Faxriddin Hotamov.

 

Mavzuga oid