Jahon | 17:40 / 23.02.2025
7573
15 daqiqa o‘qiladi

Urushning uch yilligi, Trampning tahdidlari va arra ko‘targan Ilon – hafta dayjesti

Assalomu alaykum. Bugun 23 fevral, yakshanba. Bundan uch yil avval shu kunda qo‘l-qo‘lga tegmay ishlaganimiz esimda. O‘sha vaqtda dunyo xuddi porox solingan bochkaning ustida turgan, bochka esa borgan sari qiziyotgandi. Bu videoni yozishdan avval o‘sha kuni nimalar bilan shug‘ullanib, qanday materiallar tayyorlaganimizni ko‘zdan kechirdim. O‘shanda ishxonada yotib qolib ishlagandik. Orada faqat ovqatlanishga vaqt topardik.

Biz 2021 yil kuzidan boshlab Ukraina va Rossiya chegarasidagi eskalatsiya haqida tinimsiz yozib borar, bir necha yildan buyon shu mavzu ichida yashayotgan inson sifatida fevral boshidagi ritorikalar urush boshlanishi uchun asos ekanini tezda tushungandik.

Barchasi sal oldinroq, 21 fevralda boshlangandi. Avvaliga Denis Pushilin va Leonid Pasechnik Putinga murojaat qilib, o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan «Donetsk va Luhansk xalq respublikalari» mustaqilligini tan olishni so‘radi, Putin bu iltimosni qanoatlantirdi, keyin Rossiya bosh razvedkachisi Sergey Narishkin qovun tushirgan, zaldagi kamera qora paket bilan yopib qo‘yilgan o‘sha mashhur xavfsizlik kengashi yig‘ilishi bo‘lib o‘tadi. Keyin Rossiya parlamenti mamlakat armiyasidan boshqa davlat hududida foydalanishga ruxsat beradi. Ko‘p o‘tmay Pushilin va Pasechnik Putindan Kiyevga qarshi turish uchun yordam so‘raydi.

Rossiya 23 fevral, Sovet armiyasi tashkil etilgan kunni katta bayram qilib nishonlaydi va shu bilan Putin kechgacha ko‘rinish bermaydi. Xullas, voqealar 24 fevralga yaqinlashgan sari odamning yuragi tez uraveradi, hatto hozir ham. Chunki o‘sha voqealar bizdan uncha uzoq bo‘lmagan sarhadlarda haqiqiy dahshat boshlanganini eslatadi.

Soat millari 24 fevralga o‘tganidan hech qancha o‘tmay Sergey Lavrovning telefoni jiringlaydi. Rossiya bosh diplomatiga Putin qo‘ng‘iroq qiladi-da, tez orada maxsus harbiy amaliyoti boshlanishidan boxabar etadi. Ha, Lavrov «SVO» boshlanishidan birinchi bo‘lib xabar topadi. Tongda esa Putin o‘sha mashhur chiqishini amalga oshiradi.

Bilasizmi, mash’um 24 fevralgacha ham ko‘pchilikda juda kichik bo‘lsa-da umid bor edi. Axir ikki slavyan davlat shunday rivojlangan zamonda urushmasa kerak degan xayol juda kichik bo‘lsa ham umid uchqunini o‘chirmay turgandi. Biroq urushni boshlash haqida qaror qabul qilgan odamning hech kim bilan, hech kimning umidi bilan ishi yo‘q edi.

Ko‘z ochib yumguncha uch yil o‘tib ketdi, lekin hammasi kechagina boshlanganday. Uzr, kirish qismi cho‘zilib ketdi. Demak, doimgidek bu yakshanbada ham ortda qolayotgan haftaning eng muhim voqealarini yodga olamiz.

AQSh va Rossiya uchrashuvi

Hafta boshida Arabistonda AQSh va Rossiya delegatsiyasi vakillari uchrashuv o‘tkazdi. Ikki tomondan ham bosh diplomatlar – Marko Rubio hamda Sergey Lavrov ishtirok etdi. Hozircha Ar Riyozda nimalar gaplashilgani aniq emas, amerikaliklar bu Ukrainadagi urush muhokamasi emas, shunchaki ikki tomonlama munosabatlarni tiklash uchun uchrashuv deyishdi. Trampning gaplariga qaraganda bu aynan urush muhokamasi bo‘lgan. Agar shunday bo‘lsa, nega Ukraina taklif qilinmadi? Bu haqida keyinroq.

Trampning Zelenskiyga tahdidlari

Haftaning eng asosiy voqeasi AQSh prezidenti Donald Trampning Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy manziliga yo‘llagan seriyali tahdidlari bo‘ldi. Ishoning, Zelenskiyga hatto Putin bunday tahdid qilmagan. Tramp Zelenskiyni xuddi Rossiya propagandasi metodichkalaridagi kabi qiziqchi deb atadi. Keyinroq u saylanmagan diktator ekanini iddao qildi. Vaholanki, Trampning Zelenskiyga nisbatan munosabati yaqin-yaqingacha bunaqa radikal emasdi. Oldingi prezidentlik muddatida Tramp Zelenskiyga hammaning oldida rahmat ham aytgan. Bu juda uzun mavzu, fursat bo‘lsa, unga alohida to‘xtalarmiz.

Darvoqe, biz Trampning tahdidlari haqida alohida video tayyorladik, uni ko‘rsangiz, mavzuni yaxshiroq tushunib olasiz.

500 milliard dollarlik nafrat

Tramp nega Zelenskiyni bunchalik yomon ko‘rib qolgani esa keyinroq ma’lum bo‘ldi. AQSh nashrlariga ko‘ra, amerikaliklar Myunxen konferensiyasida Zelenskiyga Ukraina qazilma boyliklaridan tushadigan foydani bo‘lishish bo‘yicha Trampning taklifini yetkazgan. O‘sha kelishuvda Ukraina barcha nodir metallar savdosidan tushadigan pulning yarmini AQShga berishi, yetmaganiga Vashington Ukrainadagi gaz, neft zaxiralari, savdo portlari ustidan nazorat o‘rnatishi qayd etilgan. Tramp AQSh Ukrainaga bergan qurol-yarog‘ pulini shu tariqa qaytarishi kerak deb hisoblaydi.

Zelenskiy bu kelishuvni imzolash Ukrainani sotish ekanini aytib, uni ommaviy tarzda rad etadi. Shundan keyin Trampning Zelenskiyga nisbatan tahdidli chiqishlari avj oldi.

21 fevral kuni Tramp bu borada ochig‘ini aytdi: «Ukraina mineral resurslar haqida kelishuvni imzolamasa, ularda muammo paydo bo‘ladi». Bu gap nimani anglatishini tushuntirish shartmas, menimcha.

Kit Kellogning Kiyevga tashrifi

O‘tgan haftada Donald Trampning Ukraina bo‘yicha maxsus vakili Kit Kellog Kiyevda Zelenskiy bilan uchrashdi. Ukraina prezidenti bu uchrashuv AQSh bilan hamkorlikni davom ettirishga umid uyg‘otganini aytdi.

Trampning maxsus vakili o‘z sahifasida yozgan postiga e’tibor berishingizni so‘rardim: «Urushdagi mamlakatning jasoratli rahbari Volodimir Zelenskiy va milliy xavfsizlikni ta’minlagan iste’dodli jamoasi bilan ijobiy muhokamalar bo‘ldi», deb yozdi general Kellog.

Tramp Zelenskiyni qiziqchi-yu, diktator deb atayotgan vaqtda uning maxsus vakili Ukraina prezidentini jasoratli rahbar deb atadi. Darvoqe, Tramp Ukrainadagi urushni tugatish bo‘yicha AQShning asosiy vakili etib davlat kotibini, biror qarindoshi yoki jiyanini emas, aynan general Kellogni tayinlagan. Janob Kellog Trampdan so‘ramay Zelenskiyni jasoratli odam deb atay olarmikin?

G‘azodagi vaziyat: HAMAS jasadlarni adashtirib yubordi

Falastinning G‘azo bo‘lgasida HAMAS va Isroil o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatish rejimi davom etmoqda. Hozircha hammasi joyida deyish mumkin. Biroq ortda qolgan haftada kelishuv bekor bo‘lishiga bir baxya qoldi. Gap shundaki, HAMAS kelishuvga ko‘ra 20 fevral kuni isroillik 4 asirning jasadini qaytardi. HAMAS bu gal ham asirlarni qaytarish jarayonini shouga aylantirdi. Harakat jangchilari Qizil Xoch mashinalariga olib borgan 4 tobutda 7 oktyabrdagi hujum vaqtida asir olingan 83 yoshli Oded Lifshits, Nir-Oz kubitsasida asir olingan isroillik ayol Shiri Bibas va uning biri 4 yashar, biri 9 oylik go‘daklari jasadi bo‘lishi kerak edi. Jasadlar parchalanib ketgani uchun Isroil ularning shaxsini DNK orqali aniqlashtirib oladi.

Test natijalari chiqqach tobutdagi ayol Shiri Bibasga tegishli emasligi aniq bo‘ldi. Uning o‘rniga boshqa falastinlik ayol jasadini solib yuborishgan. HAMAS bu tushunmovchilik sabab sodir bo‘lganini bildirdi, lekin Isroil jasad boshqa bo‘lgani uchun kelishuvni bekor qilishini aytdi. HAMAS keyinroq Shiri Bibasga tegishli jasadni qaytardi. Bu gal jasad aynan unga tegishli ekani aniq bo‘ldi.

HAMAS ayol va bolalari Isroil raketa zarbasi vaqtida halok bo‘lganini bildirdi. Isroil esa ular asirlikda qiynab, bo‘g‘ib o‘ldirilganini ma’lum qildi. Urush holatida har ikki tomonning ma’lumotlarini tekshira olmaymiz, lekin anig‘i shuki HAMAS negadir asir olgan isroillik ayol, uning emizikli chaqalog‘i va 4 yashar go‘dagi johil odamlar boshlagan mantiqsiz urush sabab falastinlik minglab go‘daklar kabi azoblanib halok bo‘lgan.

Fransiyada favqulodda yig‘ilish

AQShning milliarder prezidenti Donald Tramp boyvachcha do‘sti Ilon Mask bilan birga dunyo siyosatining oyog‘ini osmondan qilayotgani fonida Yevropa xavotirga tushib qoldi. Axir Trampning vitse-prezidenti Jyey Di Vens Myunxen konferensiyasi vaqtida ochiqchasiga Yevropa ortiq AQShning ittifoqchisi emasligiga ishora qildi. Rossiya va AQSh Ukrainadagi urushni tugatish bo‘yicha muzokaralarda Yevropaga joy yo‘q ekanini ochiq aytishdi.

To‘g‘ri, Yevropa farovonlik, aholining yashash tarzi bo‘yicha AQShdan ortda emas, qaytanga oldinda desak ham bo‘ladi. Biroq harbiy qudrat borasida bunday emas. Yevropa davlatlari Ikkinchi jahon urushidan keyin hech kim qit’ada urush boshlamaydi deb o‘ylab, asosiy pulni texnologiyalar, aholi hayot tarzini yaxshilashga sarfladi. Ha, qurol-yarog‘ ham ishlab chiqarildi, istalgan turdagi zamonaviy qurollar Yevropada topiladi, Britaniya va Fransiyada yadro quroli ham bor. Biroq armiyaning jangovar tayyorgarligi borasida bunday deb bo‘lmaydi.

Yevropa NATO tuzilganidan keyin urush bo‘lsa, AQSh ularni himoya qilishga qattiq ishonib, armiyaga e’tibor bermay qo‘ygan. Masalan, hozir Yevropada Finlandiyadan boshqa majburiy harbiy xizmat joriy qilingan davlat yo‘q. Finlarni aynan shu uchun jon-jon deb NATOga qo‘shishdi.

Endi Makron boshchilik yevropaliklar AQSh ulardan yuz o‘girgan bir vaqtda birgalikda himoyalanish bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqishga kirishdi. Ular eng avvalo Ukrainaga mustaqil tarzda harbiy yordam berishga kelishib oldi. Hatto Yevropada NATOga o‘xshagan alohida harbiy tuzilma ham yaratilishi mumkin. Yevropa kimdan himoyalanishga bunchalik chog‘lanayotganini esa yaxshi bilasiz.

Isroilda avtobus portlashi

Isroil poytaxti Tel-Avivda uchta bo‘sh avtobus portlatildi. Yana ikkita avtobusda portlamay qolgan bomba topilgan. Politsiya axborotiga ko‘ra, bu katta ehtimol teraktga tayyorlanish bo‘lgan. Hodisadan keyin Isroildagi barcha jamoat transportlari faoliyati to‘xtatilib, ulovlarni tekshirish boshlangan.

Yevropa o‘tinli pechlarni taqiqlamoqchi

Yevropa Ittifoqi qit’adagi ekologik holatni yaxshilash uchun yangi choralar izlamoqda. Yangi qonun loyihasiga ko‘ra ittifoqqa a’zo davlatlarda o‘tinda isiydigan pechlar taqiqlanishi mumkin. Biroq bu taklif hammaga ma’qul emas, xususan, Sharqiy Yevropa davlatlariga. Latviya energetika vaziri Kaspars Melnisning aytishicha, mamlakat o‘tin yoqishni taqiqlay olmaydi, chunki juda ko‘p fuqarolari shu tarzda isinishga majbur. Uning so‘zlariga ko‘ra, Latviyadagi 41 foiz uy xo‘jaliklarida isitish uchun o‘tin yoqiladi.

Latviya Yevrokomissiya bilan ushbu masala muhokamasi vaqtida boshqa choralarni taklif qilishini bildirgan. Bu borada mamlakatda butun boshli dastur ishlab chiqilgan. Unga ko‘ra, davlat o‘tin yoqadigan xo‘jaliklarga quyosh panellari, quyosh nurida ishlaydigan kollektorlar, issiqlik nasoslari va boshqa isitish uskunalari o‘rnatish uchun moddiy yordam beradi.

Yevropada issiqlik nasoslari ommalashmoqda

Isitish mavzusini davom ettirsak. Tobora ko‘proq yevropaliklar uylarini isitish uchun issiqlik nasoslaridan foydalanmoqda. Biroq bu juda qimmat uskuna, o‘rtacha 10 ming dollar turadi. Uning eng asosiy ustunligi esa elektr energiyasini tejashi va ekologik tozaligida. Shu uchun davlatlar uyiga issiqlik nasoslari o‘rnatadigan xo‘jaliklarga subsidiya berishni oshirdi. Masalan, Britaniyada uyingizga issiqlik nasosi o‘rnatadigan bo‘lsangiz, davlat sizga 7,5 ming funt subsidiya beradi. Bu qimmatroq, taxminan 15 ming funt turadigan uskuna uchun. Oddiyroq nasos qo‘ydirsangiz, 5 ming funtini davlat to‘lab beradi.

Qit’ada eng ko‘p issiqlik nasoslari Fransiyada o‘rnatilgan. Parij bunday ekologik toza uskuna o‘rnatadiganlarni moliyalashtirish uchun butun boshli dastur ishlab chiqqan. Unda 500 ming xo‘jalikni issiqlik nasosi bilan ta’minlash ko‘zda tutilgan.

Shotlandiyadagi g‘aroyib novvoyxona

Bugungi dasturga ham men yaxshi ko‘radigan qahramon, Villiam Uols yurti Shotlandiyadan xabar topib keldim. Shu kunlarda shotlandiyalik g‘aroyib novvoyxona haqida reportajga ko‘zim tushdi. Xullas, Tom Kirbi degan novvoy ancha yillar avval Bread Club (non klubi)ga asos solgan. Loyihaga ko‘ngilli novvoylar jalb qilinib, ular ommaviy bog‘larda, yo‘l chekkalarida ekilgan bug‘doydan un qilib, non pishirishgan. Keyin nonni Edinburgning chekkaroq qismidagi do‘konga olib borib, qancha puling bo‘lsa, berib, istagancha non olib ketaver, deb yozib qo‘yishadi.

Tez orada bu loyihani qo‘llaydiganlar topiladi, kimdir un olib keladi, kimdir shundog‘am boshqa joydan olayotgan noni uchun mana shu klubdagilarga buyurtma beradi. Tashkilotchilar hamma eng yaxshi nonni iste’mol qilishga haqli deb hisoblagani uchun shunday ishga qo‘l urganini aytadi.

Bu tashkilotchilar non tarqatishdan tashqari har hafta Edinburgda imkoni yo‘qlar uchun bepul ommaviy tushlik tashkil qilishadi. Ko‘rgan bo‘lsangiz, Jyeyson Stenhemning «Kolibri effekti» degan kinosida shunday ovqat tarqatish tasvirlangan. Tashkilotchilarning aytishicha, oxirgi vaqtlarda mana shunday xayriya tushliklariga kelib juda ko‘p pul berib ketadigan mijozlar ko‘paygan.

Ana shunaqa gaplar. Bejizga ko‘rsatuvni non haqida yangilik bilan tugatmayapmiz. Bugungi urush zamonida, qimmatchilik avj olayotgan davrda hech kimning dasturxonidan non arimasin. Haftalik dayjest ko‘rsatuvi bilan keyingi yakshanbada ko‘rishguncha.

O‘tkir Jalolxonov tayyorladi.
Tasvirchi va montaj ustasi – Faxriddin Hotamov.

Mavzuga oid