Fan-texnika | 12:22 / 05.03.2025
2292
2 daqiqa o‘qiladi

Tatuirovka teri saratoniga sabab bo‘lishi mumkin

Ayniqsa, kaft o‘lchamidan kattaroq tatuirovkalar yanada xavfli ekani aniqlandi.

Foto: iStock

Daniya va finlandiyalik olimlardan iborat xalqaro guruh tatuirovkalar teri saratoni va limfoma xavfini oshirishi mumkinligini aniqladi. Ayniqsa, yirik tatuirovkalar yanada xavfliroq ekani ma’lum bo‘ldi. Ushbu tadqiqot natijalari BMC Public Health ilmiy jurnalida e’lon qilindi.

Tatuirovka uchun siyoh teriga kiritilganda, uning bir qismi immunitet tizimining muhim tarkibiy qismlari hisoblangan limfa tugunlari tomonidan so‘riladi. Organizm esa bu zarrachalarni yot moddalar sifatida qabul qiladi. Bu immunitet tizimining doimiy faollashuvi va surunkali yallig‘lanishga olib kelishi mumkin.

“Biz siyohning limfa tugunlarida to‘planishini kuzatyapmiz, bu ularning vazifasini susaytirishi yoki sog‘liqqa boshqa salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin, deb gumon qilmoqdamiz”, — deb izoh berdi Janubiy Daniya universiteti professori, gematolog Genrik Frederiksen.

Tadqiqotda olimlar 5900 nafardan ortiq daniyalik egizaklar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan Danish Twin Tattoo Cohort ma’lumotlaridan foydalangan. Bu umumiy genetik va ekologik omillarni inobatga olgan holda, biri tatuirovkali, ikkinchisi esa tatuirovkasiz bo‘lgan egizaklarni taqqoslash imkoniyatini yaratdi.

Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatdiki, tatuirovka qildirgan odamlarda teri saratoni va limfoma kasalliklari ko‘proq uchraydi. Ayniqsa, katta hajmdagi (kaft o‘lchamidan kattaroq) tatusi bor shaxslarda xavf darajasi yuqori ekani aniqlandi. Ularda limfoma xavfi esa tatuirovka qildirmagan odamlarga nisbatan qariyb uch barobar yuqori bo‘lgan.

Tadqiqot muayyan rangdagi siyohlar va saraton xavfi o‘rtasida bog‘liqlikni aniqlamagan bo‘lsa-da, avvalgi izlanishlar ayrim pigmentlar ko‘proq zararli bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatgan. Masalan, qizil siyoh boshqalariga nisbatan ko‘proq allergik reaksiyalarni keltirib chiqaradi.

Mavzuga oid