O‘zbekiston | 18:44 / 24.02.2025
3277
5 daqiqa o‘qiladi

Samarqandda internet firibgarlarining asosiy qurbonlari yoshlar bo‘lmoqda

Samarqandda internet firibgarlarining asosiy qurbonlari 17-35 yosh oralidagi yoshlar ekan. Buni matbuot anjumanida Samarqand viloyat Ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik Rahmat Mamatov ta’kidlab o‘tdi.

Foto: Samarqand viloyati IIB

Umuman olganda, 2024 yil davomida Samarqand viloyatida 9402 jinoyat sodir etilgan. Bu 2023 yil (5441 ta jinoyat) ga solishtirilganda 3961 taga yoki 72,8 foizga oshgan.

R.Mamatovning aytishicha, umumiy jinoyatlar ulushida uchdan bir qismidan ko‘prog‘i yoki 36,3 foizini axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlar tashkil etgan va shuning hisobiga umumiy jinoyatlar soni ham keskin oshgan.

O‘z-o‘zidan tushunarliki, bu internet orqali amalga oshirilgan o‘g‘riliklar va firibgarliklar bilan bog‘liq jinoyatlardir.

Viloyat IIBga kiberjinoyatlar to‘g‘risida 2021 yilda jami 980 ta murojaatlar kelib tushgan bo‘lsa, 2024 yil yakuniga kelib ushbu mazmundagi murojaatlar soni 4758 taga yetib, ariza va murojaatlar soni 5 baravarga oshgan (2022 yilda 2213 ta, 2023 yilda 3519 ta murojaat bo‘lgan).

Bunday jinoyatlar hududlar kesimida eng ko‘p Samarqand shahrida ro‘y bergan — 40 foiz. Shuningdek, yana 30 foizi Samarqand, Urgut, Past Darg‘om tumanlari va Kattaqo‘rg‘on shahriga, yana 30 foizi qolgan tumanlar hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.

Firibgarlar asosan yoshi katta, qariya insonlarni aldashadi, degan tushuncha bor. Lekin bu aldamchi fikr. Internet orqali chuv tushayotgan qurbonlarning 50 foizi 17-35 yosh oralig‘idagi yoshlar ekan. 36-45 yosh oralig‘idagi jabrlanuvchilar 30 foizni, 46 va undan katta yoshdagilar 20 foizni tashkil etar ekan.

Internetdagi firibgarlik jinoyatlari 60 foiz holatda Telegram messenjeri va turli saytlar va ijtimoiy tarmoqlarga joylashtirilgan virusli ilovalar va soxta havolalar orqali oshirilar ekan. 20 foiz holatda telefon qo‘ng‘iroq orqali chuv tushirish yuz beradi. Soxta birjaga investitsiya kiritishga chorlash 15 foiz, meros yuborish bilan aldash 5 foiz holatlarda ro‘y bergan.

Bunday jinoyatlar uchun keng yo‘l ochayotgan muammo va kamchiliklar sifatida qo‘yidagilar sanab o‘tildi:

  • Fuqarolarning axborot texnologiyalar sohasida yetarli bilim va ko‘nikmalariga ega emasligi, bank kartasidan xavfsiz foydalanish va moliyaviy savodxonligi yo‘qligi;
  • O‘g‘irlangan pullarni chet elga chiqib ketishining oldini olish (muzlatish) uchun banklar bilan hamkorlikda aniq bir mexanizm yo‘qligi, banklarda «antifrod» tizimi ishlamasligi;
  • Bank plastik kartalari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni internet ijtimoiy tarmoqlari orqali uchinchi shaxsga sotish hamda ijtimoiy tarmoqlar orqali shaxsiy akkauntlar ochib berish;
  • Chet elga chiqib ketgan pullarni qaytarish masalasi (xalqaro hamkorlik yo‘qligi);
  • Tijorat banklari tomonidan fuqarolarga shaxsiy bank kartalarini topshirish vaqtida xavfsizlik qoidalariga rioya qilgan holda foydalanishlari haqida tushunchalar berilmasligi hamda to‘lov tizmi ilovalari orqali fuqarolarga ogohlantiruvchi bildirishnomalar yuborilmasligi;
  • Ijtimoiy tarmoqlarda shaxsiy ma’lumotlardan foydalanish bo‘yicha fuqarolarning xavfsizlik qoidalariga rioya qilmasliklari oqibatida turli xildagi tahdidlarga uchrashlari.

Rahmat Mamatov bunday jinoyatarning oldini olish uchun ommaviy axborot vositalari va blogerlarning aholi o‘rtasida targ‘ibot ishlarini olib borishda hissasi katta bo‘lishi, ichki ishlar organlarining bu borada yaqin hamkorlikka ehtiyoji borligini aytib o‘tdi. Chunki bunday jinoyat ijrochilarini aniqlash, pullarni egalariga qaytarish amalda juda qiyin. Chunki aksar hollarda jinoyat boshida turganlar xorijiy davlatda bo‘lishadi.

Sodir etish sxemasiga ko‘ra kiberjinoyatlar asosan plastik kartalardan yechib olingan pullar Rossiya, Ukraina, Qozog‘iston, BAA, Turkiya hamda Afrika davlatlari orqali avval AQSh dollariga, keyin esa bitkoinga aylantirib olinadi va izi yo‘qotiladi.

Bu boradagi savollarga javob berar ekan, polkovnik R.Mamatov shuningdek, fuqarolarning moliyaviy savodxonligini oshirish, banklar va turli idoralar bilan hamkorlikda targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib borish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilayotganiga urg‘u berdi.

Shuhrat Shokirjonov,
Kun.uz muxbiri.

Mavzuga oid