Toshkent viloyatida yirik miqdordagi firibgarlikni sodir qilgan shaxs qamaldi
Sudlanuvchi turli usullar bilan fuqarolarni chuv tushirib, 2,8 milliard so‘mlik zarar yetkazgan.

Foto: IIB
Jinoyat ishlari bo‘yicha Toshkent tumani sudi ochiq majlisida firibgarlik, pora berishda vositachilik, yolg‘on guvohlik berish, tuhmat, o‘q-dorilarni o‘g‘irlash va noqonuniy o‘tkazish kabi og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir etgan, 40 yoshli R.E.ga sud hukmi e’lon qilindi.
Zangiota tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergov va sud hujjatlariga ko‘ra, sudlanuvchi 2021-2024 yillar oralig‘ida 13 ta holatda fuqarolarning ishonchiga kirib, ularga turli va’dalar berib, yirik miqdorda mablag‘larni firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan.
Xususan, u avtotransport vositalarini arzon narxda olib berish, yer maydonlari va ko‘chmas mulklarni sotib olish, yuqori daromadli ishga joylashtirish kabi bahonalar bilan bir necha fuqarolarning pullarini o‘zlashtirgan.
Jumladan:
• 2021 yil 10 avgust kuni arzon narxda avtomobil olib berishni va’da qilib, tanishidan 5800 AQSh dollari olgan va o‘z ehtiyojlari uchun ishlatgan.
• 2022 yil 15 oktyabrda arzon narxda avtomobil olib berishni va’da qilib, oradan vaqt o‘tgach mashina emas yer uchastkasi olib berishini aytib, fuqarodan 2100 AQSh dollarini olgan.
• 2023 yil 1 oktyabrda yer uchastkasining kadastr hujjatlarini mansabdor tanishlari orqali rasmiylashtirib berishga ko‘ndirib, pora berishga dalolat qilib, jabrlanuvchidan 10000 AQSh dollari olgan, biroq va’dasini bajarmagan.
• 2022 yil iyun oyida boshqa bir jabrlanuvchini 2000 AQSh dollari bilan «Amirsoy» dam olish maskanidagi 10 million so‘m maoshlik ishga kirgizish va Zangiota tumanidagi bir nechta yer maydonini nomiga o‘tkazib berishga ishontirib, 28700 AQSh dollari miqdorida pul mablag‘larini o‘zlashtirgan.
• 2023 yil iyul oyida yana bir fuqaroning ishonchiga kirib, 38500 AQSh dollari miqdoridagi pullarni yer olib berish bahonasida olib, qaytarib bermagan.
• 2023 yil 5 oktyabrda yana bir jabrlanuvchiga o‘zining pasport nusxasiga tilxat yozib yer olib berishga ishontirgan va 10000 AQSh dollari pul mablag‘larini qo‘lga kiritgan.
• 2024 yil 25 yanvarda jabrlanuvchi ayolga Bo‘stonliq tumanida dala hovlini ijaraga olib berishini va bu katta foyda keltirishini va’da qilib, 10000 AQSh dollari miqdoridagi pulni qo‘lga kiritib, va’dasini bajarmagan.
• 2024 yil 22 fevralda yaqin tanishini 20 dona «Spark» avtomobilini elektron auksion orqali arzon narxda sotib olishga ishontirib, 61750 AQSh dollarini qo‘lga kiritib, pullarni o‘z ehtiyojlariga sarflagan.
• 2024 yil mart oyida esa tanishidan qarzga 12800 AQSh dollari olib, undan 3500 AQSh dollarini qaytarib, qolgan qismini bermaslik uchun unga tuhmat qilgan.
• 2024 yil bahorida mahalladoshini do‘kon sotish bahonasida 65000 AQSh dollariga chuv tushirib, pulni qaytarmaslik evaziga o‘g‘irlangan o‘q-dorilarni jabrlanuvchining hovlisiga yashirib, huquq-tartibot organlariga xabar bergan. Tezkor tadbirda ushbu o‘q-dorilarni ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirilib, uning o‘ziga nisbatan ish qo‘zg‘atilgan.
Bundan tashqari, sudlanuvchi yer maydonlari va ko‘chmas mulklarni rasmiylashtirish uchun pora berishda vositachilik qilgan. U turli hujjatlarni soxtalashtirish, yolg‘on guvohlik berish va tuhmat qilish orqali noqonuniy daromad orttirishga harakat qilgan.
Shu kabi usullar bilan u boshqa fuqarolarni ham chuv tushirib, jami 2,8 milliard so‘mlik zarar yetkazgan.
Sud hukmiga ko‘ra, sudlanuvchi 1984 yilda tug‘ilgan (E.R.Y.) O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksi 168-moddasi 4-qismining «a» bandi, 28, 211-moddasi 2-qismining «b» bandi, 237-moddasi 2-qismining «a,g» bandlari, 139-moddasi 3-qismining «a,g» bandlari, 238-moddasi 3-qismining «b» bandi, 247-moddasining 1-qismi, 248-moddasining 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybli deb topilgan. Unga nisbatan tayinlangan har xil turdagi jazolarni qisman qo‘shish yo‘li bilan uzil-kesil 8 yil 6 oy ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.
Shuningdek, jabrlanuvchilarga yetkazilgan moddiy zarar qoplash uchun sudlanuvchidan 2,8 milliard so‘m undirilishi belgilangan.
Mavzuga oid

11:53 / 10.03.2025
Ozodlikdan mahrum qilingan 20 ming kishi, 4 barobarga oshgan talon-torojlar – jinoyatchilik statistikasi

19:28 / 06.03.2025
Sud faoliyatiga aralashganlar uchun javobgarlik qattiq bo‘ladi

11:16 / 02.03.2025
Uchta hududda imtiyozli kredit olib berishini aytib odamlarning pullarini o‘zlashtirgan shaxslar ushlandi

17:37 / 28.02.2025