Jamiyat | 11:16 / 02.03.2025
3452
2 daqiqa o‘qiladi

Uchta hududda imtiyozli kredit olib berishini aytib odamlarning pullarini o‘zlashtirgan shaxslar ushlandi

Aniqlangan holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi va 28, 211-moddasi bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Foto: Bosh prokuratura huzuridagi departamen

Toshkent shahri, Navoiy va Farg‘ona viloyatlarida imtiyozli kredit olib berishni va’da qilgan firibgarlar ushlangan. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi departament xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, departamentning Mirzo Ulug‘bek tumani bo‘limi va DXX xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda muqaddam sudlangan sobiq bank xodimi N.A. fuqaro I.Ya.ning ishonchiga kirib, unga tanishlari yordamida Yashnobod tumanidagi bank filialidan 1 mlrd so‘m imtiyozli kredit olib berish evaziga 3 100 dollar olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Departamentning Navoiy viloyati boshqarmasi va IIB xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqarolar Sh.I. va Sh.X. fuqaro F.G‘.ning ishonchiga kirib, unga Navoiy shahridagi banklarning biridan 100 mln so‘m imtiyozli kredit rasmiylashtirib berishlari evaziga 30 mln so‘mni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Shu kabi, Departamentning Oltiariq tuman bo‘limi va IIB xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda muqaddam sudlangan fuqaro Yu.T. tadbirkor O‘.T.ning ishonchiga kirib, unga go‘yoki bank muassasasida ishlovchi tanishlari orqali 100 mln so‘m imtiyozli kredit ajratib berishi evaziga 1 000 dollarni firibgarlik yo‘li bilan olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Bundan tashqari, fuqaro Yu.T. va boshqalar fuqarolar F.M., M.S. va D.D.ning ishonchiga kirib, ularning nomiga 300 mln so‘m imtiyozli kredit ajratilishiga erishib, o‘zlashtirganliklari aniqlangan.

Qayd etilishicha, mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Mavzuga oid