Myunxen “revolyutsiyasi”: Putin g‘alaba qozondi, Yevropa shokda
AQSh vitse-prezidenti Jyey Di Vens Myunxen xavfsizlik konferensiyasidagi nutqi bilan dunyoni lol qoldirdi. Amerika va Yevropa munosabatlari 180 gradusga o‘zgarmoqda. Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimovning Kun.uz'dagi kolonkasi.
O‘tgan hafta, 14-16 fevral kunlari Germaniyaning Myunxen shahrida xavfsizlik bo‘yicha navbatdagi yillik konferensiya bo‘lib o‘tdi. Myunxen konferensiyasi – global xavfsizlik bo‘yicha dunyodagi eng yirik tadbir hisoblanadi. Unda butun dunyodagi xavfsizlikka bag‘ishlangan eng muhim yo‘nalishlar aytiladi.
Bu safargi Myunxen konferensiyasi tarixda qoladi.
Bir kunning o‘zida, aniqrog‘i 14 fevral kuni AQSh vitse-prezidenti Jyeyms Vens Myunxenda, Pentagon boshlig‘i Pit Hegset esa Varshavada yevropaliklarni mutlaq shokka soluvchi chiqish qilishdi.
Xo‘sh, Vens va Hegset nimalar deyishdi? Ularning chiqishlaridagi asosiy tezislari qo‘yidagicha:
- Yevropa Ittifoqiga tahdid – Rossiya Federatsiyasi yoki Xitoy Xalq Respublikasi tomonidan emas, Yevropaning o‘zidan kelyapti. Yevropa ashaddiy millatchilarga kun bermayapti, shuning uchun Yevropa demokratiyasi – demokratiya emas. Ashaddiy o‘nglarga, millatchilarga yo‘l bering!
- Yevropa – AQShning raqibi. Bundan keyin o‘z xavfsizligingizni o‘zingiz ta’minlashni o‘ylang. AQSh o‘z resurslarini sarflab, bundan keyin sizni himoya qilmaydi. AQShning Yevropadagi harbiy kuchlari chiqib ketishi – vaqt masalasi.
- Ukrainaning 2014 yilgi chegaralarga qaytishi – imkonsiz, real bo‘lmagan talab. Biz bu talabni qo‘llamaymiz.
- Ukrainaning NATOga a’zo bo‘lish talabi – noto‘g‘ri va noreal bo‘lgan talab. Biz Ukrainaning NATOga a’zo bo‘lishini qo‘llab-quvvatlamaymiz.
Bu qarashlar AQSh va Yevropa munosabatlarini 180 gradusga o‘zgartiradi.
Ikkinchi jahon urushidan keyin, birinchi marta AQSh Yevropadan ketish niyatida.
AQSh shu paytga qadar Yevropa ishlarida, Ukraina mudofaasi masalasida Yevropa va Ukrainaning eng asosiy homiysi, himoyachisi edi. Endi AQSh betaraf tomon bo‘lib, Rossiya-Ukraina va Rossiya-Yevropa o‘rtasida o‘rtakashlik qilmoqchi. Bu – tarixiy, nihoyatda katta burilish.
Donald Trampning hokimiyatga kelishi natijasida, kutilmaganda, Putin juda katta g‘alaba qozondi. Putinning eng katta tarixiy orzusi ushala boshladi. 2007 yilda Putin aynan o‘sha Myunxen konferensiyasida “AQSh Yevropadan chiqib ketishi kerak!” degan orzusini aytgan edi. Mana, oradan 18 yil o‘tib, Putinning tarixiy orzusi ushalib boshladi.
Ko‘plab tahlilchilar e’tibor berishganki, Tramp hammani tanqid qilsa ham, Putinni tanqid qilmaydi, Putinga teginmaydi. Xulosa shuki, Tramp Putin bilan jiddiy tirashmaydi, u bilan kelishishga harakat qiladi. Bu esa, Ukraina va Yevropa uchun – juda katta va nihoyatda yomon yangilik.
Endi, Ukraina o‘zining xavfsizligini va suverenitetini himoya qilishda faqat Yevropaga suyana oladi. Yevropa esa geosiyosiy va harbiy mustaqil bo‘lish yo‘lidan borishga majbur.
Keyingi 80 yil davomida, Yevropada AQShga munosabat ikki xil bo‘lib keldi. Fransiya va Germaniya boshchilik Yevropa davlatlari “o‘zimiz alohida kuch bo‘lishimiz kerak, AQShga ishonib bo‘lmaydi” degan kayfiyatda bo‘lishdi. Lekin bu kayfiyat bilan AQSh kurashib keldi. Biroq, Polsha, Boltiqbo‘yi va boshqa davlatlar har doim “AQShsiz Yevropa o‘z xavfsizligini ta’minlay olmaydi, biz Vashington bilan aloqalarni kuchaytirishimiz kerak” deyishdi. Lekin, mana Tramp kelgach, Vashingtonning o‘zi Yevropadan ketish niyatida ekanini bildirdi. Kreml tarixiy g‘alaba arafasida turibdi. Agar Tramp Amerikasi rostdan ham Yevropadan ketsa, Yevropaga Rossiyaning ta’siri oshadi.
Bugun Yevropa uch tomondan qurshovda. Sharqdan Putin bosim qilyapti, G‘arbdan Tramp Amerikasi, Yevropa ichkarisida esa ashaddiy millatchilar bosh ko‘tarmoqda. Bugun Yevropadagi ikkinchi katta siyosiy kuchlar – ashaddiy millatchilar.
Endi, Yevropa mana shu uchta tahdid bilan kurashish uchun, faqat o‘ziga ishonishga majbur. Yevropa endi o‘zining mudofaasini o‘z qo‘liga olish yo‘lidan boradi. Fransiya, Germaniya va Buyuk Britaniya Yevropa xavfsizligi va mustaqilligini ta’minlash yo‘lidan borish mas’uliyatini oladi. Boshqa yo‘l yo‘q.
Kutilmaganda, Putinning yarim g‘alabasi, ya’ni Ukraina va Yevropadan AQShning chiqib ketishi – post-sovet hududi uchun nimani anglatadi?
Keyingi uch yil ichida, Ukraina urushi sabab, Moskvaning Markaziy Osiyoga ta’siri ancha pasaygan edi. Rossiya mintaqadagi o‘zining ikki katta loyihasi hisoblanmish Yevrosiyo iqtisodiy ittifoqi hamda Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti kabi loyihalarini yana sezilarni jonlantirib boshlaydi. Agar Ukraina urushi tez tugasa va Rossiya o‘zini g‘alaba qozongan deb hisoblasa, Moskvaning Markaziy Osiyoga bosimi, yangi oldingidek yoki yanada kuchliroq oshadi.
Bu vaziyatda, Markaziy Osiyo va turkiy dunyo o‘zining hamkorligi, hamjihatligi, ittifoqchiligi, integratsiyasini sifat jihatidan oshirib borishi kerak bo‘ladi.
Kamoliddin Rabbimov,
siyosatshunos
Mavzuga oid

22:00
Ukraina dunyodagi eng yirik qurol importchisiga aylandi

20:37
Yevropa Ittifoqi Tojikistonga chegara xavfsizligini yaxshilashga yordamlashadi

20:32
Tramp Zelenskiy iste’foga chiqmaguncha Ukrainaga yordam ko‘rsatishni tiklamaydi – OAV

19:40