Jahon | 15:10 / 17.02.2025
5319
8 daqiqa o‘qiladi

Vens Yevropa migratsiya siyosatini tanqid qildi, Yevroittifoqni senzurada aybladi va demokratiyaga shubha bildirdi

Tramp uning nutqini «ajoyib» deb atadi. Yevropa rahbarlari javob tayyorlamoqda.

Ronald Wittek / EPA / Scanpix / LETA

AQSh vitse-prezidenti Jyey Di Vens Myunxen xavfsizlik konferensiyasida nutq so‘zlab, Yevropa davlatlari siyosatini keskin tanqid qildi.

«Yevropaga bo‘yicha meni eng ko‘p xavotirga solayotgan tahdid — Rossiya, Xitoy yoki boshqa tashqi kuch emas. Ichkaridan kelayotgan tahdid meni xavotirga solmoqda. Yevropaning eng asosiy qadriyatlaridan ba’zilaridan chekinishi: Amerika Qo‘shma Shtatlari ham baham ko‘radigan qadriyatlardan», —dedi Vens.

AQSh vitse-prezidenti 13 fevralda — xavfsizlik bo‘yicha konferensiya boshlanishidan bir kun oldin — Myunxenda boshqaruvida kelib chiqishiga ko‘ra Afg‘onistondan bo‘lgan 24 yoshli shaxs avtomobilda namoyishchilarni bosib ketgani, natijada 20 dan ortiq kishi jarohatlanganini eslatgan.

«Yo‘nalishni o‘zgartirishimiz va umumiy sivilizatsiyamizni yangi yo‘nalishga olib borishimizdan oldin bunday dahshatga yana qancha chidashimiz kerak? Bu qit’ada hech bir saylovchi saylov qutisi oldiga millionlab tekshirilmagan immigrantlar uchun eshiklarni ochish uchun kelmagan», — dedi Vens.

U, shuningdek, ko‘pchilik ovoz to‘plagan nomzod Kalin Jorjyesku Rossiya bilan aloqadorlikda gumon qilingach, Ruminiya prezidenti saylovining birinchi bosqichi natijalari bekor qilinganini eslatdi. Taxminlarga ko‘ra, Rossiya ijtimoiy tarmoqlarda Jorjyesku nomzodini qo‘llab-quvvatlash kampaniyasini uyushtirgan.

«Rossiya sizning saylovlaringizga ta’sir o‘tkazish uchun ijtimoiy tarmoqlardagi reklamalarni sotib olishi noto‘g‘ri deb o‘ylashingiz mumkin. Biz, albatta, shunday deb hisoblaymiz. Siz buni jahon maydonida ham qoralashingiz mumkin. Ammo agar sizning demokratiyangiz boshqa mamlakatning bir necha yuz ming dollarlik raqamli reklamasiga dosh berolmasa, demak, u avvalboshdan unchalik kuchli bo‘lmagan», — dedi u.

Keyin esa Vens Myunxen xavfsizlik konferensiyasi tashkilotchilari «xoh so‘l bo‘lsin, xoh o‘ng bo‘lsin, barcha populistik partiyalarga mansub bo‘lgan deputatlarga munozaralarda qatnashishni taqiqlagani»ni qayd etdi.

«Biz odamlar aytgan hamma narsaga yoki nimagadir qo‘shilishga majbur emasmiz. Ammo siyosiy yetakchilar muhim elektoratni ifoda etadigan bo‘lsa, biz hech bo‘lmaganda ular bilan muloqotda ishtirok etishga majburmiz», — dedi u. «Men haqiqatan ham ishonamanki, agar fuqarolarimizga o‘z fikrlarini bildirish imkoniyati berilsa, ular yanada kuchli bo‘ladilar», — deya qo‘shimcha qildi u.

AQSh vitse-prezidenti, shuningdek, Buyuk Britaniyadagi «bufer zonalar» to‘g‘risidagi qonunni eslatib o‘tdi, unga ko‘ra, abortga qarshi targ‘ibot bevosita abort o‘tkaziladigan muassasalar yaqinida cheklangan.

«Biz shunchaki demokratik qadriyatlar haqida gapirish bilan cheklanmasligimiz kerak. Biz ular bilan yashashimiz kerak, — dedi Vens. — Ushbu zalda o‘tirgan ko‘pchiligingizning yodingizda bo‘lsa kerak, sovuq urush demokratiya himoyachilarini bu qit’adagi tiran kuchlarga qarshi qo‘ygandi. Va o‘ylab ko‘ring, bu kurashda kim senzura, cherkovlarni yopish, saylovlarni bekor qilish tarafdori edi. Ular yaxshi yigitlar edimi? Yo‘q, albatta. Afsuski, bugungi kunda Yevropaga qaraganimda, ba’zida sovuq urushning ba’zi g‘oliblari bilan nima sodir bo‘lgani unchalik tushunarli emas».

Vitse-prezident, shuningdek, ko‘plab yevropalik siyosatchilarning Ilon Mask boshqa mamlakatlarning ichki ishlariga aralashayotgani — xususan, «Germaniya uchun muqobil» partiyasini targ‘ib qilayotgani haqidagi shikoyatlariga munosabat bildirdi.

Agar Amerika demokratiyasi Greta Tunbergning o‘n yillik so‘kishlariga dosh bergan bo‘lsa, sizlar ham Ilon Maskning bir necha oyiga chiday olasiz. Ammo hech bir demokratiya — na Amerikaniki, na Germaniyadagisi va na Yevropa demokratiyasi — millionlab saylovchilarga ularning fikrlari va tashvishlari, intilishlari, yordam so‘rab qilgan iltijolari haqiqiy emas yoki hatto ko‘rib chiqishga ham arzimaydi, deb aytishdan keyin omon qolmaydi.

«Demokratiya xalq ovozi muhim degan muqaddas tamoyilga asoslanadi. Bu yerda brandmauerlarga o‘rin yo‘q. Siz bu tamoyilni yo qo‘llab-quvvatlaysiz, yo yo‘q. Yevropaliklar, xalq ovoz berish huquqiga ega. Yevropa yetakchilarida tanlash imkoniyati bor. Va men qat’iy ishonamanki, biz kelajakdan qo‘rqmasligimiz kerak», — dedi AQSh vitse-prezidenti.

Vensning nutqi Yevropa siyosatchilari orasida katta shov-shuvga sabab bo‘ldi. Xususan, DW nashri yozishicha, Germaniya mudofaa vaziri Boris Pistorius AQSh vitse-prezidenti «Yevropaning ba’zi qismlaridagi sharoitlarni avtoritar rejimlardagi sharoitlar bilan taqqoslagani»dan g‘azablangan. «Bu qabul qilib bo‘lmaydigan narsa va bu men yashayotgan va hozir himoya qilayotgan Yevropa emas va demokratiya emas», — degan Pistorius. U, shuningdek, Germaniya demokratiyasida «har qanday fikr yashashga haqli ekani»ni ta’kidladi, bu esa «Germaniya uchun muqobil» kabi qisman ekstremistik partiyalarga boshqa partiyalar kabi mutlaqo normal kampaniya olib borishga imkon beradi».

O‘z navbatida, GFR kanslerligiga «Germaniya uchun muqobil» partiyasidan nomzod Alis Vaydel o‘zining X ijtimoiy tarmog‘idagi akkauntida Vensning Myunxen konferensiyasidagi nutqini «a’lo» deb atadi. Shuningdek, Donald Tramp ham Vensning chiqishini yuqori baholab, nutqni «ajoyib» deb atagan .

«O‘ylaymanki, Yevropada odamlar so‘z erkinligiga bo‘lgan ajoyib huquqlarini yo‘qotayotganlari haqiqat», — deya Trampning so‘zlaridan iqtibos keltiradi CNN. Yevropada «immigratsiya bilan bog‘liq katta muammo bor», dedi Tramp va Yevropa davlatlarini «ehtiyot bo‘lish»ga chaqirdi.

Polsha tashqi ishlar vaziri Radoslav Sikorskiy 14 fevral kuni kechqurun Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Yevropa yetakchilari bilan AQSh vakillarining Myunxen xavfsizlik konferensiyasidagi chiqishini muhokama qilish uchun favqulodda yig‘ilish chaqirayotganini ma’lum qildi.

«Prezident Trampning ruslar razvedka boyem deb ataydigan ish uslubi bor — siz bosim o‘tkazasiz va nima bo‘layotganini ko‘rasiz, keyin esa o‘z pozitsiyangizni o‘zgartirasiz. Va biz javob berishimiz kerak», — dedi Polsha vaziri (iqtibos Politico nashridan). Shu bilan birga, Wall Street Journal muxbiri Lourens Normanning ma’lum qilishicha, Yevropa Ittifoqi davlatlari rahbarlarining Parijda uchrashuvi bo‘lmaydi, biroq yevropalik siyosatchilar AQSh tomonining so‘nggi paytlarda bildirgan bayonotlariga javob tayyorlamoqda.

Mavzuga oid