Jahon | 08:04 / 11.10.2023
7781
5 daqiqa o‘qiladi

YeI falastinliklarga yordam ko‘rsatishda davom etadi

Yevrokomissiya Yevropa Ittifoqining Falastin xalqiga insonparvarlik yordami davom etishiga ishontirdi, ammo boshqa loyihalar ko‘rib chiqiladi. Tegishli tahlil tugamaguncha, hamma narsa avvalgidek qoladi.

Foto: EPA

Yevropa komissiyasi G‘azo sektori va G‘arbiy sohildagi falastinliklarga insonparvarlik yordami «zarur bo‘lguncha» davom etishini tasdiqladi. Bu haqda Yevrokomissiya matbuot kotibi Balash Uyvari 10 oktyabr, seshanba kuni Bryusselda bo‘lib o‘tgan brifingda shunday dedi: «Bu jabhada hech qanday o‘zgarishlar yo‘q. Humanitar yordam operatsiyalarimiz davom etmoqda».

Uning hamkasbi Erik Mamerning qo‘shimcha qilishicha, Yevrokomissiya falastinliklarga moliyaviy yordamning boshqa turlari bo‘yicha muhokamani boshlagan, ammo uning natijasi qanday bo‘lishidan qat’iy nazar, insonparvarlik yordami ko‘rsatiladi. Uning tushuntirishicha, bir kun avval Yevropa komissari Oliver Varxeyining bayonoti humanitar yordamga taalluqli emas. 

Yevropa Ittifoqining insonparvarlik yordami hech qachon hokimiyatga o‘tkazilmaydi, balki loyihalarni joylarda amalga oshiruvchi hamkorlar tomonidan taqsimlanadi, deya ta’kidladi Balash Uyvari, bular xalqaro humanitar tashkilotlar, BMT agentliklari yoki NNTdir. 2023 yilda Yevrokomissiya falastinliklarga ushbu humanitar yordam uchun 27,9 million yevro ajratdi. 

Yevropa komissiyasining ikkala vakili ham favqulodda yordam uchun mas’ul bo‘lgan boshqa Kvropa komissari, inqirozlarni boshqarish bo‘yicha Yanez Lenarchichning bayonotiga ishora qildi. 

Lenarchichning so‘zlaridan oldin Yevropaning Kengayish va qo‘shnichilik siyosati bo‘yicha komissari Oliver Varxeyi Bryussel jami 691 million yevro miqdoridagi yordam portfelini ko‘rib chiqishi haqida tvit yozgan. «Isroil va uning xalqiga qarshi shafqatsizlik ko‘lami burilish nuqtasiga yetdi», deb yozgan Varxeyi va odatdagidek ishlash endi mumkin emasligini qo‘shimcha qilgan. Bundan ko‘plab siyosatchilar va ommaviy axborot vositalari Yevropa Ittifoqi HAMAS harakatining Isroilga hujumi fonida Falastin milliy ma’muriyatiga yordamni to‘xtatmoqda, degan xulosaga keldi. 

Yordamni to‘xtatish to‘g‘risidagi bayonot kelishib olinmagan

Bu bayonot kelishib olinmagan va «Yevropa komissiyasining biron bir a’zosi bilan maslahatlashuvlar o‘tkazilmagan», dedi Erik Mamer. Biroq, uning so‘zlariga ko‘ra, bu mavzu allaqachon Yevropa komissiyasi doirasida muhokama qilinmoqda va «joydagi o‘zgarishlarni hisobga olgan holda, Falastinga ko‘rsatilayotgan yordam qayta ko‘rib chiqilishi kerak». Ushbu ko‘rib chiqish tugaguniga qadar hech qanday to‘lovlar to‘xtatilmaydi, dedi u. Shu bilan birga, ayni paytda, Falastin ma’muriyatidagi har qanday aktorlarga hech qanday holatda to‘lovlar rejalashtirilmagan. 

Mamerning ta’kidlashicha, Yevropa komissiyasi moliyaviy yordamni qayta ko‘rib chiqishni boshlashga qaror qildi, chunki joylardagi vaziyat doimiy ravishda o‘zgarib turadi, bundan tashqari, «bunday sharoitlarda alohida ehtiyotkorlik talab etiladi». 

Qancha mablag‘ haqida gap boryapti?

YeI o‘nlab yillar davomida oziq-ovqat, ijtimoiy va ta’lim dasturlari, shuningdek, muhtoj bo‘lgan falastinliklarning tibbiy yordami uchun pul to‘lab keladi. BMT hisob-kitoblariga ko‘ra, G‘azoning 2,1 million aholisidan 1,5 millionga yaqini humanitar yordamga bog‘liq. 

Yevropa komissiyasining 10 oktyabr kuni xabar berishicha, Falastin ma’muriyatiga 2021 yilda 316 million yevro, 2022 yilda 283 million yevro, 2023 yilda esa boshqa dastur uchun 82 million va alohida 10 million ajratish rejalashtirilgan edi, biroq ba’zi qarorlar hali ham qabul qilinmagan. Bu summalar birgalikda 691 million yevroni tashkil etadi, deb bir kun avval yozgandi Varxeyi. 

O‘tgan 30 yil ichida, ya’ni 1993 yildan beri Isroil va Falastin vakillari «ikkita davlat» yaratish bo‘yicha muzokaralar olib borganida, Yevropa Ittifoqi, Yevropa komissiyasiga ko‘ra, G‘arbiy sohil va G‘azo sektoriga jami 8,5 milliard yevro o‘tkazgan. 2007 yildan beri YeI HAMAS harakati nazoratidagi G‘azo sektori ma’muriyati bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqaga ega emas. Isroilning mavjud bo‘lish huquqini inkor etuvchi HAMAS Yevropa Ittifoqida terrorchi tashkilot sifatida ko‘riladi. 

Mavzuga oid