Qoʻshimcha funksionallar
-
Tungi ko‘rinish
Qo‘rqinchli manzara va alamli oqibatlar: Ko‘kdaladagi portlash tafsilotlari
16 iyul kuni Qashqadaryoning Ko‘kdala tumanida portlash ro‘y berdi. Aholi uylariga tarqatiladigan ballonlarga gaz to‘ldirish stansiyasida yong‘in chiqib, 4 kishi halok bo‘ldi, yana bir necha kishi jarohatlandi. Voqea oqibatida stansiyaga tutash joylashgan restoran ham butunlay yonib ketgan. Kun.uz voqea joyida bo‘lib, hodisaning sabab va oqibatlarini o‘rgandi.

Samarqand-G‘uzor avtomobil yo‘li yoqasida joylashgan ushbu shoxobchaning ma’muriy binolari jiddiy zararlangan. Texnikalar va hovlisida katta yong‘indan keyingi alomatlar shundoq ko‘rinib turibdi. Yon-atrofdagi daraxtlar ham yongan. Stansiyaga qarshi tomonidagi katta issiqxona ham zarar ko‘rgan. Ushbu holat ham portlash darajasi va talofatini ko‘rsatib turibdi.
Qashqadaryo FVB axborot xizmati rahbari Sohibjon Vayitovga ko‘ra, 16 iyul, 14:40 atrofida qutqaruv xizmatiga xabar kelib tushgan. To‘rtta yong‘in qutqaruv bo‘linmasi voqea joyiga yetib borib, 15:35 atrofida to‘liq yong‘in o‘chirilgan. Yong‘in sababi va zarar miqdoriga aniqlik kiritilmoqda.
Gaz to‘ldirish stansiyasi rahbari ham yong‘in oqibatida vafot etgan.
Portlash natijasida shoxobcha hovlisidagi konteynerlardan biri restoran hududiga uchib tushgan va natijada restoranda ham yong‘in boshlangan. Kun.uz manbasiga ko‘ra, bu yerda ham vafot etganlar bor. Yong‘in kunduz, soat 14.40 larda sodir bo‘lgan. Bu vaqtda oshxonada ko‘p odam bo‘lmagani oqibatlarni ancha yengillashtirgan.
Ko‘kdala tumani tibbiyot birlashmasi boshlig‘i Odiljon Shaymanov 16 iyul kuni kuyish tan jarohatlari bilan yetti nafar bemor shifoxonaga keltirilgan. Ularning ikki nafarining holati og‘ir va reanimatsiyaga yotqizilgan. Besh nafari turli darajadagi tan jarohatlari bilan murojaat qilgan. Kerakli tibbiyot mutaxassislari jalb qilingan.
Ma’lum bo‘lishicha, shifoxonadagi bemorlarning barchasi stansiyada ishlovchi xodimlar bo‘lgan.
Huquq-tartibot idoralari mavjud vaziyatdan kelib chiqqan holda shifoxonaga begonalarni kiritmayapti va bemorlar bilan suhbatlashishning imkoniyati bo‘lmadi.
Gaz shoxobchasi oxirgi marta qachon texnik ko‘rikdan o‘tkazilgan? Qashqadaryoda bu kabi obektlar soni nechta va ularning holati haqida ma’lumot ololmadik. “Hududgazta’minot” aksiyadorlik jamiyati axborot xizmati rahbari Dilorom Jumaniyozova holat yuzasidan prokuratura tekshiruv o‘tkazayotgani va o‘rganishlar yakuni bilan to‘liq ma’lumot berishi mumkinligini aytdi.
Eslatib o‘tamiz, 2023 yilning may oyida ham xuddi shunday holat Paxtachi tumanida kuzatilgan edi. Voqea natijasida bir nafar xodim jarohat olgandi. Hududdagi konteynerlar, ma’muriy binolar va bir nechta texnikalar zararlangandi.
Ko‘kdaladagi portlash – bu shunchaki texnika nosozligimi yoki tasodifiy holatmi? Bu savolga aniq javob surishtiruv natijalarida ma’lum bo‘ladi. Bir narsa shubhasiz: bu kabi xavfli inshootlar qat’iy texnik va xavfsizlik nazorati ostida bo‘lishi shart. Chunki ularda sodir bo‘lgan har qanday kamchilik - inson hayoti, sog‘ligi va jamiyat xavfsizligiga bevosita tahdid soladi.
Ko‘kdala tumani hokimligi axborot xizmatining Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, sodir bo‘lgan fojiada halok bo‘lgan to‘rt nafar fuqaroning oila a’zolariga 100 million so‘mdan kompensatsiya to‘lab berilmoqda. Shuningdek, turli darajada tan jarohati olgan 15 nafar fuqaroga 50 million so‘mdan moddiy yordam ko‘rsatilmoqda.
Kun.uz voqealar rivojini kuzatishda davom etadi.
Isomiddin Po‘latov, Kun.uz muxbiri.
Tasvirchi va montaj ustasi: Faxriddin Hotamov
Tavsiya etamiz
Tramp qamchini qo‘lga olyaptimi?
Jahon | 09:05 / 31.07.2025
Yangi eskrou tizimi. Bu uy-joy narxini yanada qimmatlashtiradimi?
Ko‘chmas mulk | 11:37 / 30.07.2025
Urush balosi: «Aeroflot»ni nega «buzishdi»?
Jahon | 23:22 / 29.07.2025
«Aeroflot»ga hujum. Bir kundan keyin nimalar ma’lum?
Jahon | 21:16 / 29.07.2025
So‘nggi yangiliklar
-
Toshkent viloyatida quriladigan aeroport qanday bo‘ladi?
O‘zbekiston | 12:00
-
AQSh va NATO Ukrainaga qurol yetkazib berishning yangi mexanizmini yaratmoqda
Jahon | 11:56
-
Talabalar turar joyi uchun ariza yuborish jarayoni boshlandi
Ta’lim | 11:20
-
Yaponiyada vafot etgan fuqaroning jasadi O‘zbekistonga qaytarildi
Jamiyat | 11:19
Mavzuga oid

20:53 / 16.07.2025
Qashqadaryoda «metan zapravka»dagi portlash oqibatida 4 kishi halok bo‘ldi

15:59 / 16.07.2025
Qashqadaryodagi gaz zapravkasida katta yong‘in chiqdi

14:24 / 12.07.2025
Bloomberg: Ukraina Tyumen viloyatidagi gaz quvurini portlatib yubordi

14:15 / 10.07.2025