O‘zbekiston | 15:00 / 12.07.2025
783
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston va Malayziya xalqaro tan olingan o‘quv dasturlarini joriy etadi

Mamlakat elchixonasi ko‘magida Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti akademik litseyi hamda Malayziyaning Pine Hills International Schools maktablar tarmog‘i mutasaddilari o‘rtasida onlayn uchrashuv tashkil etildi.

Foto: "Dunyo" AA

Uchrashuv davomida Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti akademik litseyi hamda Malayziyaning Pine Hills International Schools maktablar tarmog‘i o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.

Hujjat xalqaro Kembrij ta’lim dasturidan foydalanish, Kembrij tizimi standartlari va mezonlari bo‘yicha tajriba almashish, matematika fani bo‘yicha ingliz tilida masofaviy o‘qitishni tashkil etish, talabalar va o‘qituvchilar almashinuv dasturlarini yo‘lga qo‘yish hamda ta’lim metodologiyalari va pedagogik innovatsiyalar bo‘yicha qo‘shma ilmiy seminar va vebinarlar o‘tkazishni nazarda tutadi.

Shuningdek, 2026 yilda Pine Hills International Schools maktablar tarmog‘i rahbari va jamoasi boshchiligidagi oliy ta’lim muassasalariga tayyorlanayotgan yuqori sinf talabalari guruhining O‘zbekistonga safarini tashkil etish taklifi qo‘llab-quvvatlandi.

2001 yildan buyon faoliyat yuritib kelayotgan Malayziyadagi Pine Hills International Schools maktablar tarmog‘i xalqaro tan olingan Kembrij ta’lim muassasasi hisoblanadi. Uning 5 ta filialida hozirda 6 ming nafar talaba tahsil olmoqda.

Mavzuga oid