O‘zbekiston | 07:43 / 10.07.2025
1527
2 daqiqa o‘qiladi

Harbiy xizmatga chaqiriluvchilarni tanlab olish shaffof bo‘ladi

Vazirlar Mahkamasi qarori bilan chaqiriluvchilarni tanlab olish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.

Foto: Kun.uz

Hujjat O‘zbekiston fuqarolarini harbiy xizmatga tanlash tizimini takomillashtirish, shuningdek, chaqiriluvchilarni yashash joyi bo‘yicha tayyorlash va ularni harbiy xizmatga tanlashda mudofaa ishlari organlari va joylardagi fuqarolar yig‘inlarining yaqin hamkorligini ta’minlash maqsadida qabul qilingan.

Nizom Mudofaa vazirligi, uning hududiy bo‘linmalari, boshqa davlat organlari va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining chaqiriluvchilarni tanlash jarayonidagi vazifalarini, shuningdek quyidagi tartiblarni belgilaydi:

O‘zbekiston Qurolli Kuchlarida harbiy-texnik tayyorgarlik va muddatli harbiy xizmatga chaqiriluvchilarni tanlab olishni tashkil etish va o‘tkazish;
chaqiriluvchilarning harbiy xizmatga tayyorgarligini baholash bo‘yicha qabul komissiyasi tarkibini shakllantirish va faoliyatini tashkil etish;
tanlov natijalari bo‘yicha shikoyatlarni berish va ko‘rib chiqish.
 
Tanlab olish tadbirlarini o‘tkazishning oshkoraligi va shaffofligini ta’minlash maqsadida tuman (shahar) hokimining qarori bilan chaqiriluvchilarning harbiy xizmatni o‘tashga tayyorgarligini baholash uchun tanlov komissiyasi tuziladi.

Bunda chaqiriluvchilar bilan yashash manzili bo‘yicha ularning ota-onalari va jamoatchilik faollari ishtirokida suhbatlar o‘tkaziladi.

Chaqiriluvchilarning umumiy jismoniy tayyorgarlik darajasi kuch, tezkorlik va chidamlilikni belgilovchi me’yorlarni qabul qilish orqali baholanadi.

Qabul komissiyasining tavsiyalari asosida harbiy-texnik mutaxassisliklar bo‘yicha o‘qitish uchun chaqiriluvchilarni qabul qilish to‘g‘risidagi tegishli qaror mudofaa ishlari organlari tomonidan qabul qilinadi.

Muddatli harbiy xizmatga chaqirish to‘g‘risidagi tegishli qaror Qoraqalpog‘iston, viloyatlar va Toshkent shahar mudofaa ishlari boshqarmalari huzuridagi Rahbariyat kengashi tomonidan qabul qilinadi.

Chaqiriluvchilar tanlovda yiliga faqat bir marta ishtirok etishi mumkin.

Mavzuga oid