O‘zbekiston | 15:12 / 08.07.2025
3353
2 daqiqa o‘qiladi

Xorijdan qaytgan fuqarolar OIV infeksiyasiga majburiy tekshiruvdan o‘tkaziladi

Tegishli qonun loyihasi deputatlar tomonidan uchinchi o‘qishda qabul qilindi va Senatga yuborildi.

Foto: Sputnik / Vitaliy Timkiv

Qonun loyihasi bilan «Odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallik (OIV infeksiyasi) tarqalishiga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi qonunga bir qator o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish taklif qilindi.

Xususan, uzluksiz 90 kun va undan ortiq muddat davomida chet elda bo‘lib qaytgan 18 yoshdan 60 yoshgacha bo‘lgan fuqarolar, O‘zbekiston hududida doimiy yashaydigan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar hamda mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun kirib kelayotgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni majburiy ravishda OIV infeksiyasiga tibbiy tekshiruvdan o‘tkazish belgilanmoqda.

Shuningdek, bu tekshiruv O‘zbekiston fuqarolari, O‘zbekistonda doimiy yashaydigan fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar uchun davlat budjeti mablag‘lari hisobidan, qolganlarga o‘z mablag‘lari, ish beruvchining mablag‘lari yoki qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa mablag‘lar hisobidan o‘tkazilishi nazarda tutilmoqda.

Deputatlarning ta’kidlashicha, qonun loyihasining qabul qilinishi inson salomatligi uchun xavf tug‘diruvchi yuqumli kasalliklar tarqalishining oldini olishga, aholi salomatligini muhofaza qilishga, mehnat migratsiyasi jarayonlarida ijtimoiy xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha ta’sirchan huquqiy mexanizmlarni shakllantirishga xizmat qiladi.

Qonun loyihasi deputatlar tomonidan uchinchi o‘qishda qabul qilindi va Senatga yuborildi.

Mavzuga oid