Jahon | 17:54 / 30.06.2025
2822
9 daqiqa o‘qiladi

Netanyahu G‘azoda ustuvorlikni garovdagilarga qaratishni boshladi. Tramp Hamas bilan «bitim» talab qilmoqda

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu G‘azoda «to‘liq harbiy g‘alaba» ritorikasidan chekinib, garovdagilarni ozod qilishni birinchi darajadagi maqsad sifatida e’lon qildi. Bu bayonot - AQSh prezidenti Donald Trampning sulh tuzish talabi ortidan yangramoqda. Ammo Hamas bilan sulhga doir asosiy kelishmovchilik saqlanib qolmoqda - tafsilotlar.

Foto: Reuters

29 iyun kuni Isroilning ichki razvedka xizmati Shin Bet xavfsizlik markaziga tashrifi chog‘ida bosh vazir Binyamin Netanyahu Erondagi harbiy operatsiyalaridan so‘ng «ko‘plab imkoniyatlar ochilganini», jumladan G‘azoda asirlikda qolayotgan garovdagilarni uyga qaytarish imkoniyati ham yuzaga kelganini aytdi.

«Avvalambor, garovdagilarni qutqarish. Albatta, G‘azo masalasini hal qilish, Hamasni mag‘lub etish ham kerak, lekin men har ikkala vazifani ham bajaramiz deb hisoblayman», — deyiladi Netanyahu devoni tomonidan tarqatilgan bayonotda.

CNN nashrining yozishicha, Netanyahuning bu izohi – garovdagilarni ozod qilishni Hamasni tor-mor etishdan ustun qo‘yganini ochiq aytgan ilk holatlardan biri hisoblanadi.

Bir necha oylar davomida Netanyahu G‘azodagi Hamasni mag‘lub etishni asosiy maqsad sifatida ko‘rsatib kelgan va «to‘liq g‘alaba» haqida gapirgan edi. May oyi boshida u Hamasni tor-mor etishni «eng oliy vazifa» deb atagan, garovdagilarni ozod qilish esa bu yo‘lda ikkinchi darajadagi masala bo‘lgan.

Foto: Isroil bosh vaziri ofisi

Netanyahuning yakshanba kuni bergan izohlarida Isroilning urushdagi maqsadlari haqida sezilarli o‘zgarish mavjud. U garovdagi shaxslar oilalari, muxolifatdagi siyosatchilar va Isroil jamoatchiligining katta qismi tomonidan garovdagilarni asosiy ustuvorlikka aylantirmaganlikda tanqid qilinib kelmoqda.

Netanyahuning bayonotiga javoban «Garovdagilar va yo‘qolganlar oilalari shtabi» barcha 50 nafar garovdagi shaxsni qaytarish va G‘azodagi urushni tugatishga doir yagona, keng ko‘lamli kelishuv zarurligini ta’kidladi.

Bundan tashqari, Netanyahu nutqining boshqa qismida «mintaqaviy miqyosdagi kengroq imkoniyatlar ham ochilmoqda», deb aytdi. OAVlarga ko‘ra, bu Isroilning Fors ko‘rfazi davlatlari bilan munosabatlarni normallashtirishga qaratilgan «Ibrohim kelishuvlari»ni kengaytirishga doir harakatlariga ishora bo‘lishi mumkin. AQSh prezidentining maxsus vakili Stiv Uitkoff Ibrohim kelishuvlariga qo‘shilishi mumkin bo‘lgan davlatlar bilan bog‘liq muhim e’lonlar berilishi kutilayotganini aytgan edi.

Kelishuvni boshlashga bosim ortmoqda

Netanyahuning bayonotlari AQSh prezidenti Donald Trampning Isroildan sulhga erishishni talab qilayotgan bir paytda yangradi. Eron bilan urush yakunlangach, vositachilar HAMAS bilan G‘azoda muzokaralarni tiklashga urinmoqda.

CNN nashrining isroillik manbalariga ko‘ra, yakshanba oqshomida Netanyahu G‘azo bo‘yicha yuqori darajadagi uchrashuv o‘tkazgan. Unda u Strategik ishlar vaziri Ron Dermer, Mudofaa vaziri Isroil Kats va boshqa eng yaqin maslahatchilari bilan Isroilning Falastin anklaviga nisbatan harbiy operatsiyasi bo‘yicha so‘nggi vaziyatni muhokama qildi.

Foto: Vayronalar ostida qolayotgan G‘azo / Foto: Anadolu

Al-Jazeera nashrining yozishicha, mazkur xavfsizlik yig‘ilishidan hech qanday aniq qaror chiqmagan. Harbiy manbalarga ko‘ra, Isroil G‘azodagi quruqlikdagi harbiy operatsiyasini yakunlash arafasida. Ular strategik jihatdan muhim bo‘lgan maqsadlarning deyarli barchasiga erishilganini bildirgan. Bundan keyingi harakatlar garovda qolayotgan fuqarolar hayotini xavf ostiga qo‘yishi mumkinligini ta’kidlamoqda.

30 iyun kuni esa Ron Dermer Vashingtonda Tramp ma’muriyati vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazishi kutilmoqda. Tramp bunga qadar G‘azodagi urushni tugatish va HAMAS qo‘lida asirlikda qolayotgan, kamida 20 nafari tirik bo‘lgan 50 garovdagi shaxsni uyga qaytarish maqsadida sulh bitimiga erishishni istayotganini ochiq bildirgan.

AQSh prezidenti Donald Tramp shanba kuni Netanyahu ayni paytda HAMAS bilan bitim ustida muzokara olib borayotganini aytgandi. Biroq na Tramp va na boshqa rasmiylar bu borada tafsilotlarni ochiqlagan. Ikkala tomon rasmiylari esa yaqin orada o‘t ochishni to‘xtatish ehtimoliga shubha bilan qaramoqda.

Bundan tashqari, AQSh yetakchisi 29 iyun kuni ertalab o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida «G‘azoda kelishuvga erishing. Garovdagilarni qaytaring!!!», deya post qoldirdi.

HAMAS rasmiysi Reuters agentligiga bergan izohida, guruh vositachilarga sulh bo‘yicha muzokaralarni qayta boshlashga tayyorligini bildirganini, biroq istalgan kelishuv urushni yakunlashi va Isroilning hududdan to‘liq chiqib ketishini ta’minlashi lozimligini takrorlagan.

Isroil esa urush faqat HAMAS qurolsizlantirilgandan va yo‘q qilingandan so‘ng tugashini aytmoqda. HAMAS esa qurolini tashlashni qat’iyan rad etmoqda.

Netanyahu ishi: Tramp boshqa davlat huquqiy tizimiga aralashmoqda

Netanyahuning garovdagilar bo‘yicha ushbu bayonoti – Quddus okrug sudining u bilan bog‘liq uzoq davom etayotgan poraxo‘rlik ishidagi guvohlik berishi kechiktirilgan vaqtga to‘g‘ri keldi.

Sud yakshanba kuni Netanyahuning sud majlisini kechiktirish haqidagi iltimosini qabul qildi va bunga diplomatik va xavfsizlik bilan bog‘liq maxfiy sabablarni ko‘rsatdi. Yana bir holatda sud bunga «dalillar strukturasi» oldingi arizalarga nisbatan o‘zgarganini asos qilib ko‘rsatgani aytilmoqda.

Avvalroq, Tramp Netanyahuga qarshi davom etayotgan korrupsiya ishi yuzasidan isroillik prokurorlarga keskin tanqidlar yog‘dirdi, bu jarayonni «jinnilik» va «siyosiy ov» deb atagan edi. Tramp AQShning Isroilga moliyaviy yordamini mazkur ish bilan bog‘lagan hamda isroillik yetakchining jazolanmasligini ochiq qo‘llab-quvvatlagan.

Isroillik yozuvchi va Haaretz gazetasi sharhlovchisi Gideon Levi Trampning Netanyahuga doir korrupsiya ishiga aralashuvini «aqlga sig‘maydigan» holat deb atagan.

«U haqiqatan ham o‘zini safarbar etdi — yoki Netanyahu uni safarbar qildi — sud ayblovlarini bekor qilishga yordam berish uchun. Bu butunlay misli ko‘rilmagan holat, va bunday vaziyatni tushuntirishning yagona yo‘li — hayratlanishdir», — dedi Levi Al-Jazeera'ga bergan intervyusida.

«Qo‘shma Shtatlar prezidenti boshqa bir davlatdagi sud jarayoniga aralashishga jur’at qilgani — biz bunday narsani ilgari hech qachon ko‘rmagan edik».

Havoda qolgan taklif

Sulhga doir so‘nggi taklifni bergan AQSh vakili Stiv Uitkoff — 60 kunlik o‘t ochishni to‘xtatish evaziga 10 nafar tirik va 18 nafar halok bo‘lgan garovdagilarni ozod qilish, buning evaziga falastinlik mahbuslar almashinuvi taklif qilingan. Shu davrda tomonlar urushni to‘liq tugatadigan, doimiy sulhga erishish bo‘yicha muzokaralarni boshlashi kerak bo‘ladi. Aynan shu holat HAMAS tomonidan har qanday bitimning asosiy sharti sifatida ilgari surilmoqda.

Foto: Vayronalar ostida qolayotgan G‘azo / Foto: Anadolu

HAMAS doimiy sulh bo‘yicha qat’iy kafolatlar talab qilmoqda. Hozirgacha Isroil bu kabi shartlarga rozi bo‘lmay kelgan, chunki uning maqsadi Hamasni hukumatdan chetlatish va G‘azoni qurolsizlantirish edi.

Ammo Eron bilan urush bu boradagi muzokaralar uchun yangi imkoniyat oynasini ochgan bo‘lishi mumkin va vositachilar aynan shu imkoniyatdan foydalanishga urinmoqda.

Isroil rasmiy ma’lumotlariga ko‘ra, HAMAS jangchilari 7 oktabr kungi hujumda 1 200 kishini o‘ldirgan va 251 kishini garovga olib, G‘azoga olib ketgan.

Isroilning buning ortidan boshlagan harbiy amaliyoti esa G‘azo sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, 56 000 dan ortiq falastinlikning halok bo‘lishiga, 2,3 millionlik aholining deyarli barchasi ko‘chib ketishiga va hududda og‘ir gumanitar inqiroz yuzaga kelishiga olib kelgan. 

Mavzuga oid